Breaking News

AQShga kelish orzusidagi afg'onlar umidi puchga chiqmoqda


Afg'onistonlik qochoqlar ishlari tezroq ko'rib chiqilishini talab qilib namoyish o'tkazmoqda, Islomobod, Pokiston, 2022-yil, 7-may.
Afg'onistonlik qochoqlar ishlari tezroq ko'rib chiqilishini talab qilib namoyish o'tkazmoqda, Islomobod, Pokiston, 2022-yil, 7-may.

Afg’onistonlik Ahmad rafiqasi va uch farzandi bilan o‘tgan yilning noyabr oyida Amerikaga borish umidi bilan Pokistonga o’tgan edi. U afg‘onlar uchun Maxsus immigratsiya vizasi (SIV) dasturi orqali AQShga ko‘chib borishni rejalashtirdi.

O’tgan yili avgustda Afg‘onistonda Tolibon hokimiyatga qaytganidan so‘ng oddiy aholi uchun mamlakatni tark etish yanada qiyinlashdi. Ahmad oilasiga Pokiston vizasi va samolyot chiptalarini olish uchun katta xarajat qilishiga to’g’ri keldi.

Olti oy o'tgach, ularning AQSh vizasi uchun bergan arizasi rad etilgani haqida xabar keldi.

Ahmadning "Amerika Ovozi"ga aytishicha, uning arizasiga qo’shib topshirilgan tavsiyanomaning haqiqiyligini aniqlash imkoni bo’lmagan va shu bois arizasi rad etilgan.

AQSh Davlat departamentining har chorakda chiqaradigan ma'lumotlariga ko'ra, 2021-yilning oktabridan dekabrigacha 1300 dan ortiq afg'onistonlikning arizasi rad etilgan. O'tgan chorakda, iyuldan sentabrgacha bo'lgan davrda esa rad etilganlar soni 1462 nafarni tashkil etgan.

AQShdan qo'nim topgan afg'onistonlik jurnalistlar
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:01:50 0:00

Rad etish sabablari har xil. Hujjatlarning to’liq emasligi, AQSh hukumati uchun qilingan xizmatni isbotlay olmaslik, ma’lumotlarning haqiqiyligini tasdiqlab bo’lmaslik kabi holatlar viza berilmasligiga sabab bo’lishi mumkin.

"Men missiya boshlig'imizdan juda ijobiy tavsiya xatini oldim, uni o'z appelyatsiya murojaatimda taqdim etaman, - dedi Ahmad xavfsizlik nuqtai nazaridan to'liq ismini ishlatmaslikni so’rab. - Ammo men umidimni yo'qotyapman, chunki juda ko'p odamlarni rad etishayotganini ko'ryapman".

Arizalarning tasdiqlanish holati 10 foizdan kamni tashkil qiladi.

O'tgan yilning iyulidan sentabrigacha 1292 ta viza berilgan. Biroq yilning so‘nggi uch oyida atigi 117 nafar talabgor viza olgan.

Migratsiya uchun sayohat

O'tgan yili Kobulda aksariyat elchixonalar yopilganidan so’ng immigratsiya uchun arizachilar AQSh, Kanada, Yevropa Ittifoqi yoki Avstraliyaga immigratsiya ishlarini davom ettirish uchun uchinchi davlatga borishlari kerak.

Ko‘plab afg‘onlar shu maqsadda qo‘shni Pokistonga bormoqda. Germaniya Tashqi ishlar vaziri Annalena Baerbok o‘tgan hafta so‘nggi to‘qqiz oy ichida 14 mingdan ortiq afg‘onistonlik Pokiston orqali Germaniyaga ko‘chib kelganini tasdiqladi.

40 000 afg'onni qabul qilishga va'da bergan Kanadaning Islomoboddagi Oliy komissiyasi ham arizalarni ko’rib chiqmoqda.

“Afgʻonistonda jismoniy jihatdan mavjud bo’lmaganimiz tufayli bu mamlakatdagi arizachilarning maʼlumotlarini toʻplash va tekshirishda qiyinchiliklar tugʻdirdi. Ko’p hollarda skrining jarayonining biografik ma'lumotlarni yig'ish kabi elementlarini uchinchi davlatlarda qilishimizga to’g’ri keldi", - dedi Kanada immigratsiya agentligi vakili "Amerika Ovozi" bilan suhbatda.

AQShning Islomoboddagi elchixonasi ham AQShga qochqin, mehmon yoki talaba sifatida kelishga intilayotgan afg'onlar uchun asosiy markaz hisoblanadi.

SIV dasturiga qo‘shimcha ravishda, AQSh hukumati 2021-yil avgustigacha Afg‘onistondagi AQSh loyihalariga aloqador bo‘lgan afg‘onlar uchun “Priority-2” deb nomlangan qochqinlarni qabul qilish dasturini ham joriy etdi.

Vashington choyxonasi: Afg'oniston o'zbeklari nimadan xavotirda?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:49:56 0:00

“Toʻliq yoʻllanmaga ega boʻlgan shaxs uchinchi davlatga kelganidan soʻng, ularning qochqinlik ishini koʻrib chiqishni boshlashlari mumkin. Biz ma'lum uchinchi davlatlarda ko'rib chiqilayotgan qochqinlar bilan bog'liq ishlarning sonini oshkor etmaymiz", - dedi Davlat departamenti vakili "Amerika Ovozi" bilan suhbatda.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti ma'lumotlariga ko'ra, asosan qo'shni Eron va Pokistondan qo’nim topgan qochqin afg'onlar soni 2,6 milliondan ortiq va ular allaqachon dunyodagi uchinchi yirik qochqinlar guruhini tashkil qiladi.

Ishsizlik va qashshoqlikning kuchayishi hamda G‘arbga migratsiya istiqbollari o‘z mamlakatini tark etayotgan afg‘onlar sonini sezilarli darajada oshirdi.

Arizachilar soni va berilayotgan vizalar

2015-yildan beri 17 800 dan ortiq afg‘on SIV vizalarini oldi. Asosiy murojaat etuvchilarning qaramog‘idagi shaxslar bu raqamga kirmaydi.

Hozirda 50 000 ga yaqin SIV arizalari ko’rib chiqilmoqda. Afg'oniston SIV dasturi uchun Kongress ajratgan jami 34 500 vizaning yarmidan ko’ri ishlatib bo’lingan.

Agar Kongress dastur uchun qo'shimcha vizalarni ma'qullamasa, ko’rib chiqilayotgan arizalarning deyarli uchdan ikki qismi rad etiladi yoki ularga viza yetmaydi.

2021-yilning oktabridan 2022-yilning mayigacha qochoqlar dasturi asosida 583 nafar afg‘on qochqinlari AQShga joylashtirilgan.

O'tgan oy bir guruh afg'onlar Islomobodda ularning immigratsiya arizalari rad etilishi yoki noaniqligiga qarshi namoyish o'tkazdi.

"Men Afg'onistondagi AQSh loyihasida boshqaruv bo'yicha mutaxassis bo'lib ishlaganman va avvalgi ish beruvchimdan ikkita tavsiya xati bor, lekin olti oydan beri arizamga javob olmayapman", - dedi namoyishchichilardan biri G'ulom Saxi.

AQSh rasmiylarining aytishicha, Milliy viza markazi avgust oyidan buyon potentsial da'vogarlardan "yuz minglab" so'rov olgan.

"Biz soni keskin oshgan arizalarni ko'rib chiqish uchun astoydil ishlamoqdamiz", - dedi Davlat departamenti vakili.

Bir paytlar AQSh hukumatiga aloqador boʻlgan yoki AQSh loyihalarida ishlagan oʻn minglab afgʻonlar immigratsiya arizalari hal etilgunga qadar Afgʻonistonda Tolibondan yashirinib yurishga yoki uchinchi davlatlarda qochqin sifatida yashashga mahkum.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG