Breaking News

Xitoylik amerikaliklar maxfiy xizmat kuzatuvidami?


AQSh Milliy razvedka idorasining tan olishicha, maxfiy xizmatlar Xitoy haqida ma'lumot to'plar ekan, Amerikadagi xitoyliklar xususida ham axborot yig'ishi mumkin
AQSh Milliy razvedka idorasining tan olishicha, maxfiy xizmatlar Xitoy haqida ma'lumot to'plar ekan, Amerikadagi xitoyliklar xususida ham axborot yig'ishi mumkin

AQSh razvedka agentliklari Xitoyga qarshi harakatni kuchaytirar ekan, rahbarlarning e'tirof etishicha, axborot yig'ish jarayonida Amerikada yashaydigan xitoyliklar ham e'tiborda bo'lishi mumkin. Bu esa fuqaro erkinliklariga zid, deydi huquq himoyachilari.

Milliy razvedka idorasi qonunlar buzilmaydi, deya va'da bermoqda. Federal qonunlarga ko'ra esa Amerikada hech kim etnik kelib chiqishi uchun nazoratga olinmaydi yoki kuzatilmaydi.

Hukumat Xitoyning atom qurollari, dgeo-siyosati va koronavirus singari xavfli kasalliklarga nisbatan yondashuvini yaxshiroq bilish va tushunishga harakat qilayotganini bildiradi.

Kongress a'zolari buni ma'qullagan, biroq xitoylik amerikaliklarni bezovta qiladigan qadamlardan chekinish buyurilgan.

Xitoydagi yaqinlari bilan aloqa qiladigan amerikaliklar maxfiy xizmatlar ularni zimdan kuzatadi, deya xavotirda.

O'tmishda davlat xavfsizligini ta'minlash bahonasi bilan turli etnik guruhlar razvedka diqqat markazida bo'lgan.

Ikkinchi jahon urushi paytida yapon muhojirlar va ularning Amerikada tug'ilgan va ulg'aygan farzandlari maxsus lagerlarda saqlagan. 1960-yillarda irqchilikka qarshi harakat avj olganida qora tanli amerikaliklar maxfiy xizmatdan noligan. 2001-yilning 11-sentabr terror xurujlaridan keyin esa masjidlar va musulmonlar xavfsizlik organlari ularni zimdan kuzatayotganidan noligan.

Osiyolik amerikalik federal xizmatchilar uyushmasi asoschisi Aryani Ong deydiki, "bu toifadagi odamlarni ayrim hollarda davlatga sodiq deb hisoblashmaydi".

Davlat xavfsizligi va fuqaro erkinliklari ta'minoti orasida oltin oraliqni topish har doim qiyin, deydi u.

Adliya vazirligi Ongning tashkiloti va uning hamkorlari shikoyati sabab Xitoyga qaratilgan ba'zi dasturlarini bekor qilgan.

Chunki ular osiyolik amerikalik ziyolilarga nisbatan shubha bilan qarashga yetaklayotgan edi, deydi Ong.

“Xavfsizlik uchun tekshirishga yoki kuzatishga majburmiz deyishsa, biz kabi amerikaliklarning huquqlari boshqalarniki bilan teng emasmi, deb so'raymiz".

Razvedka agentliklari esa zarur topilsa, barcha amerikaliklar tekshiriladi, deya eslatmoqda. Ayrim hollarda yanayam chuqurroq elakdan o'tkaziladi.

Milliy razvedka idorasidan Ben Hubner deydiki, xavotirga asos yo'q, chunki tizimda qonun-qoidalar azaldan ravshan. Nima mumkin va nima mumkin emasligini aniq.

Biroq fuqaroga taalluqli ma'lumot to'satdan chiqib qolishi mumkin, masalan, Xitoy fuqarosining Amerika fuqarosi bilan aloqalari. Amerika fuqarosi tekshiruv ostida bo'lmasligi mumkin. Biroq maxfiy xizmatlar endi bu insonga tegishli informatsiyani kavlashi mumkin.

Agentliklar Amerika fuqarolarining elektron pochtalari va telefon kommunikatsiyalarini ham ko'rib chiqishi mumkin.

Organlar yig'ilgan axborotni o'zaro almashish vakolatiga ega va cheklovlarni buzish uchun istisnolar yetarli, deya tan qilmoqda huquq tashkilotlari.

Xitoy va Amerika dunyoning eng yirik ikki hamkori. Orada biznes va ijtimoiy aloqa bag'oyat keng. Shunday ekan, har qanday xitoylik tekshirilganida uning atrofidagi amerikaliklar ham e'tiborga tushishi mumkin.

Razvedka idoralariga ko'ra esa hech kim asossiz nazoratga tushmaydi, agentlar maxsus treninglardan o'tadi.

Hozirda fuqarolarni xavfsizlik tekshiruvidan o'tish jarayoni qayta ko'rib chiqilmoqda.

Demokrat senator Mark Vorner deydiki, hukumat shaffof bo'lishi shart.

Respublikachi senator Marco Rubio fikricha esa ortiqcha treninglarga hojat yo'q.

“Xitoy bundan maza qiladi, chunki biz o'zimiz bilan o'zimiz ovora bo'lib qolamiz", - deydi u, razvedka xavfsizlikni ta'minlashda eng muhim yo'nalish ekaniga urg'u berib.

Federal qidiruv byurosining bayon qilishicha, uning xodimlari hech kimni etnik kelib chiqishi, dini yoki madaniy qarashlari uchun tekshirmaydi. Agentlar bosh qomusni yaxshi biladi, har bir fuqaroga hurmat bilan murojaat qilinadi.

Milliy xavsizlik agentligiga ko'ra, uning xodimlari fuqaroni kamsitishga emas, uning tinch yashashi uchun zamin yaratishga o'rgatilgan.

Markaziy razvedka agentligi Xitoy hukumatini "xitoylar" deya ta'riflashni man etgan. Xitoy, Xitoy xalq respublikasi, Pekin - hukumat va mamlakatni aks ettiradi. Xitoylar deganda esa etnik guruh nazarda tutiladi.

Agentlik rahbari Uilyan Byorns ta'kidlashicha, gap Xitoy hukumati siyosati haqida ketmoqda, Xitoy xalqi yoki Amerikadagi xitoylar emas.

"Ularni qorishtirmaslik kerak", - deydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG