Breaking News

Qoraqalpoq faol: Internetni yoqing va xalqning dardini eshiting


Nukus, Qoraqalpog'iston

Vatanidagi vaziyatni Yevropadan kuzatayotgan, o'tgan yillar mobaynida Qoraqalpog'istondagi ahvol haqida xalqaro minbarlarda, xususan Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti yig'inlarida so'zlagan Karilbay Bekmuratov O'zbekiston hukumatini uning elati dardini eshitishga undamoqda.

"Internetni darhol yoqing. Qoraqalpog'iston ahli fikr-qarashlarini o'rganing, - deydi Bekmuratov, "Amerika Ovozi" bilan gaplashar ekan. - Men xalqim bilanman, meni boshqalar bilan adashtirmang".

3-iyuldan beri favqulodda holatda yashayotgan Qoraqalpog'istonda global tarmoqqa kirish hamon cheklangan.

"Ba'zi kunlari tunda sal-pal ishlab qoladi, umuman olganda internetsiz hayot kechirayapmiz", - deydi Nukusdan mahalliy jurnalist.

Uning aytganlarini boshqa bir necha qoraqalpog'istonliklar ham tasdiqladi. Intenetga ulangan joylar bor, jumladan muayyan korxonalar va idoralar, ammo aholi uchun bunday aloqa iyun oyidan beri deyarli imkonsiz.

Bekmuratov va boshqa qoraqalpoq faollar nazarida, O'zbekiston bosh qomusida Qoraqalpog'iston xususidagi moddalar o'zgarmasligi va hozirgacha berilgan va'dalar masalaning mutlaq yechimi emas. Aholi manfaatlari uchun kurashish ayirmachilik deb tamg'alanmasligi kerak, deydi ular.

Bekmuratov 1990-yilda, SSSR parchalanmasidan oldin qabul qilingan hujjatni eslatadi, Qoraqalpog'iston respublikasining davlat suvereniteti haqidagi deklaratsiyani.

"O'zbekiston xalqidan shu deklaratsiyani o'qishni so'rardim. Bu deklaratsiyada Qoraqalpog'iston xalqi huquqlari bitilgan", - deydi faol.

Biroq Toshkentdagi sharhlovchilar deydiki, O'zbekiston uchun 1992-yilda qabul qilingan konstitutsiya birlamchi hujjat. Unda Qoraqalpog'istonga doir bo'lim o'zgarmayotgani, deydi ular, Mirziyoyev ma'muriyatidan eng yorqin signal: qoraqalpoqlar o'zgarishlarga norozi bo'lgani tan olindi; prezident hech narsa o'zgarmasin, dedi; parlament bu takliflarni ma'qulladi.

Bekmuratov qatorida u kirmaydigan "Alg'a Qaraqalpaqstan" harakati, xorijda asoslangan guruh, 1990-yildagi deklaratsiyaning 4-qismiga urg'u beradi. Unga ko'ra, SSSR va O'zbekiston SSR tomonidan Qoraqalpog'iston Respublikashi fuqarolarining haq-huquqlari buzilsa, mavjud qonunlar asosida Qoraqalpog'iston qarshi chiqishga haqli va bunda har qanday kelishuv chetga surilishi mumkin.

1993-yilning 9-yanvarida Prezident Islom Karimov Qoraqalpog'iston rahbariyati bilan davlatlararo kelishuv imzolagan. Bu bitimga binoan Qoraqalpog'iston mustaqil O'zbekistonning bir qismiga aylangan. Shu bois ham, deydi ekspertlar, amaldagi konstitutsiya Qoraqalpog'iston maqomini aks ettiruvchi eng oliy hujjat.

O'zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi (lex.uz)
O'zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi (lex.uz)

Bu bitim asosida 1993-yilning 9-aprelida Qoraqalpog'iston Oliy Kengashi respublika konstitutsiyasini qabul qilgan va u hozirgacha kuchda.

Biroq Bekmuratov kabi faollar deydiki, 1993-yilgi bitim 20 yillik edi, 2013-yilda qayta ko'rib chiqilishi zarur edi. Biroq Toshkent uni unutdi va chetga surdi. O'zbekiston rasmiylari bu borada lom-mim demaydi. Ular ishora qilishicha, davlatning asosiy qonuni Qoraqalpog'iston suverenitetini va manfaatlarini himoya qiladi.

Qoraqalpog'iston Respublikasining Konstitutsiyasi (lex.uz)
Qoraqalpog'iston Respublikasining Konstitutsiyasi (lex.uz)

Deklaratsiya himoyachilari yillardan beri O'zbekiston hukumatini Qoraqalpog'iston aholisiga nisbatan adolatsizliklarda va zulmda ayblab keladi.

Toshkent bu da'volarga ochiq javob bermagan, ammo xavfsizlik choralari oshirilgan. Chetga qochgan faollar xalqaro hamjamiyatdan madad so'rar ekan, O'zbekiston organlari muttasil bosim o'tkazadi, deya shikoyat qiladi.

"Qirg'iziston, Qozog'iston, Rossiya va Yevropa mamlakatlarida o'nlab qoraqalpoq siyosatchilar yashaydi", - deydi "Amerika Ovozi" bilan Nukusdan gaplashgan faollardan biri.

Bishkekda biri hozir BMT yordami bilan boshqa davlatdan boshpana izlamoqda. "Yaqinlarimning hayoti ham vatanda xavf ostida", - deya xavotirlanadi u, tanishlari shu oy hibsga olinganini aytar ekan.

1-2 iyul kunlari Nukusda yuz bergan g'alayonlarda Qoraqalpog'iston suverenitetini deklaratsiya bilan himoya qilib kelayotganlar qanchalik rol o'ynagan bo'lishi mumkin?

Hukumat ham, Oliy Majlis komissiyasi ham taftishi yakunida "chetdagi kuchlar"ni qoralab chiqadi va ular orasida xorijda yurgan qoraqalpoqlar albatta bo'ladi, deya taxmin qiladi faollar.

Qozog'iston muxolifati, xususan Yevropa davlatlaridagi oppozitsionerlar, mustaqillik va suverenitetni targ'ib qilgan qoraqalpoqlarning boshini silaganini G'arbdagi ayrim inson huquqlari himoyachilari ham tasdiqlaydi.

Shu kungacha Toshkent bu targ'ibotchilarga bevosita va ochiq javob bermagan. Prezident Shavkat Mirziyoyev endi qay yo'ldan boradi?

Qoraqalpog'iston ajralib chiqishga haqli deb yurganlarga nisbatan qanday siyosat yuritiladi?

Hozirgi eng keskin tanglik hal qilindi, deydi rasmiylar, Prezident Mirziyoyev aytganidek, xalq quvvatlovisiz konstitutsiya yangilanmaydi.

Qoraqalpoq separatizmi, ularning ta'kidlashicha, javobsiz va chorasiz qolmaydi.

Toshkentdan siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov "Amerika Ovozi" bilan o'z xulosalarini bo'lishar ekan, Qoraqalpog'iston masalasi regional dinamikaga yoki geosiyosatga jiddiy ta'sir qilmaydi, deydi.

Rabbimov fikricha, Nukusdagi voqealar ketidan O'zbekiston qo'shni Qozog'istondagi ichki holatdan ko'zni qochirmaydi. Ikki davlat rahbarlari tez-tez telefonlashib turgani, siyosatshunos nazarida, mana shu ogohlikdan darak.

"Qozog'iston jamoatchiligining intilishlari bu hukumatning pozitsiyasimi degan savol qo'yilgan bo'lishi mumkin yoki shu masala o'rganilgan bo'lishi mumkin. Bilamizki, Qozog'iston Tashqi ishlar vazirligi va umuman hukumati O'zbekistonning hududiy yaxlitligi so'zsiz tan olinadi va hurmat qilinadi, deb bildirdi", - deydi Rabbimov.

Qoraqalpog'istonga tutashgan yirik davlatning bu pozitsiyasi O'zbekiston uchun ijobiy xabar, deydi u. Rabbimov taxminicha, mamlakatlar orasida bu borada ziddiyatlar bo'lmaydi.

"O'zbekiston-Rossiya munosabatlarida ham Qoraqalpog'iston rasmiylashadi deb o'ylamayman... Rossiyaning maqsadi O'zbekistonni parchalash yoki o'ziga bir hududni qo'shib olish bo'lmagan. Rossiya geosiyosiy maydonda O'zbekistonga bosim qilib, uni o'zining geosiyosiy izniga bo'ysundirishga urinib kelgan".

Qoraqalpog'iston masalasi O'zbekiston hududiy yaxlitligiga qanchalik raxna soladi?

"O'zbekiston mustaqil bo'lganida bu huquqiy kolliziya (ixtilof), ya'ni suveren bir davlat ichida yana bir suveren davlat bo'lishi siyosiy-huquqiy chaqiriq edi. Hukumat bu masalani qanday hal qilish ustida uzoq o'ylandi", - deydi Rabbimov.

Uning tahlilicha, konstitutsion islohotlarning bir qismi o'laroq rahbariyat buni ham ko'tardi, "lekin xorijdagi separatist kuchlar vaziyatga salbiy tus berdi".

"Aslida Qoraqalpog'istonning O'zbekistondan chiqib ketishi uchun huquqiy, siyosiy, geosiyosiy, huquqiy va demografik asoslar mavjud emas. Birinchidan, referendum O'zbekistonda hududiy bo'lishi mumkin emas. Konstitutsion talab shuki, referendum o'tkazish taklifi parlamentning ikki palatasi tomonidan tasdiqlanshi va prezident unga qo'l qo'yishi kerak", - deydi Rabbimov.

Uning taxminicha, shunday referendum o'tkazish imkoniyati berilganida ham Qoraqalpog'istondagi demografik vaziyat qoraqalpoqlar foydasiga xizmat qilmaydi. Chunki, deydi Rabbimov, o'zbeklar son jihatdan katta.

Hozirda Qoraqalpog'istonda aholi soni 2 millionga yaqinlashgan. Ayni damdagi etnik tarkib haqida Qoraqalpog'iston Statistika boshqarmasi axborot bermaydi.

Rabbimovning taxminiga qoraqalpoq faollar "bu qadar ishonch bilan gapirmang" deya munosabat bildiradi.

Siyosatshunos yana bir omilni tilga oladi: O'zbekistonning qo'shnilari, shuningdek, yirik hamkorlari Xitoy, Rossiya, Turkiya, Yevropa Ittifoqi va AQSh hududiy yaxlitlik tarafdori va Toshkentni bu borada quvvatlaydi.

Rabbimov ta'kidlashicha, hozirgi asosiy vazifa - O'zbekiston jamiyatida birdamlikni targ'ib qilish.

"Jamiyatning integratsiyalashuvi borasida jiddiy muammolar mavjud. Masalan, bir viloyatdan ikkinchisiga o'tayotganingizda, katta darvozalar, bahaybat o'tish punktlari va shunga o'xshash holatlar mavjud", - deydi mutaxassis.

Qoraqalpoq faollar va Rabbimov bir nuqtada yakdil: respublikada yulg'ichlik va iqtisodiy adolatsizliklarga diqqat qaratish lozim.

"Korrupsiya illati - davlatni parokandalikka olib keluvchi omillardan biri. Shuningdek, monopoliyalar... Integratsiya - ziddiyatlarning barham topishidir, ya'ni o'rtadagi jipslashuvni amalga oshirish imkoniyati. Qoraqalpog'istonda mana shunday jipslashuvga halal berayotgan tarixiy, ijtimoiy, iqtisodiy va hududiy omillar bor, ular o'rganilishi va to'liq hal qilinishi kerak".

Nukusdagi rahbariyat qanchalik korrupsiyalashgani chetda qolib ketmoqda, deydi qoraqalpoqlar, aslida aholi avvalo ulardan norozi.

Ular, shuningdek, o'tgan yillarda Qoraqalpog'istonga Toshkent e'tibori oshganini ham e'tirof etadi. Lekin ko'proq mablag' ajratilgani bu pullar xalq uchun sarflandi degani emas.

Rabbimov fikricha, hozirgi prezidentning yondashuvi oldingi rahbarnikidan ancha farqli.

"Karimovning tafakkurida xalqdan juda kuchli qo'rquv bor edi, xalqning ko'chaga chiqishidan. Ijtimoiy noroziliklardan juda kuchli qo'rquv bor edi. Shuning uchun Karimov har doim asossiz bo'lsa-da, kuch ishlatish tarafdori edi, har qanday norozilikni kuch bilan bostirish tarafdori edi", - deydi Rabbimov.

Uning tahlilicha, 2005-yilda Andijonda kuzatilgan qonli voqealar aslida mahalliy bir ziddiyatdan boshlangan va hukumat bu qadar keskin javob berishi, ya'ni katta kuchni ishga solishiga ehtiyoj bo'lmagan. Rabbimov deydiki, Karimov davrida qo'rquv boshqaruv usullaridan biri edi.

"O'shandan keyin O'zbekiston ijtimoiy tafakkurida Andijon sindromi singdirildi, yaratildi".

Mirziyoyev esa qo'rqmadi, deydi Rabbimov, Nukusga ikki marta bordi.

"Borishining o'zi katta signal bo'ldi. Birinchidan, "qo'rqmaymiz" degan signal; ikkinchidan esa "vaziyat to'liq nazoratimizda".

Mirziyoyev "Qoraqalpoq jamiyati bilan gaplashishdan, muammolarni tan olib, ularni yechishdan qo'rqmaymiz", degan mujda berdi, deya sharhlaydi Rabbimov.

"Hokimiyat, O'zbekiston hukumati, muammoga huquqiy va siyosiy yechim izlayapti, degan mujda... Karimov bo'lganida, xalqning bunday ko'tarilishi imkonsiz bo'lar edi. Ko'tarilganida ham ashaddiy kuch ishlatish ehtimoli nihoyatda yuqori bo'lar edi".

Rabbimovga ko'ra, Mirziyoyev ma'muriyati yechim izlab, to'g'ri yo'ldan ketmoqda.

"Amerika Ovozi" bilan gaplashgan qoraqalpoqlar, xususan Qoraqalpog'istonda yashaydiganlar, orqaga qaytilmaydi degan umidda.

"To'polonlar, ur-yiqit, o'limdan asrasin. Shu bilan birga hayotimiz ham yengillashar", - deydi suhbatdoshlardan biri.

Farzandlari O'zbekistonning boshqa qismlarida yashaydigan ota uchun Rabbimov aytgan ijtimoiy integratsiya bag'oyat ahamiyatli, chunki u mamlakatda qoraqalpoqlarga nisbatan nafrat, salbiy qarashlar oshmoqda, deya xavotirda.

U va rafiqasi, ikki ziyoli, halol mehnat qilib bolalarini boqqanini aytadi. Zurriyotlari endi O'zbekistonning turli burchaklarida turli sohalarda ishlab yuribdi. Ular uchun Qoraqalpog'iston ona yurt, O'zbekiston esa katta bir vatan.

"Hukumat muammolarni hal etamiz deyapti, biz uchun ishonish va umid qilishdan boshqa yo'l yo'q".

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova - "Amerika Ovozi"ning yetakchi multimedia jurnalisti. "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. Ko'rsatuvlar taqdim etish bilan birga prodyuser, muxbir va muharrir. O'zbekistonda akkreditatsiyadan o'tgan yagona amerikalik jurnalist. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Shuningdek, Garvard Universitetidan (Harvard University) davlat boshqaruvi va liderlik bo'yicha magistrlik diplomiga ega. Jurnalistik va ilmiy materiallari qator xalqaro manbalarda chop etilgan. Amerikaning nufuzli universitetlari va tahlil markazlarida so'zlab, ma'ruzalar o'qib keladi. "Amerika Ovozi" oltin medali sohibi. Tashkilotda gender va jurnalistika bo'yicha kengash raisi. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

    Navbahor Imamova is a prominent Uzbek journalist at the Voice of America. As anchor, reporter, multimedia editor and producer, she has covered Central Asia and the U.S. for nearly 20 years on TV, radio and online. Since 2018, she has also been reporting from inside Uzbekistan as the first-ever U.S.-based accredited correspondent in the country. During 2016-2017, she was a prestigious Edward S. Mason Fellow in public policy and management, while earning her Mid-Career Masters in Public Administration at Harvard University’s John F. Kennedy School of Government. Imamova played a pivotal role in the launch of Uzbek television programming at VOA in 2003, and has since presented over 900 editions of the flagship weekly show, “Amerika Manzaralari,” which covers American foreign policy focusing on Washington’s relations with Central Asia, as well as life and politics in the U.S. She speaks frequently on regional issues in Central Asia, as well as Uzbek politics and society, for policy, academic, and popular audiences. Her analytical pieces have been published in leading academic and news outlets including Foreign Policy, The National Interest, and The Atlantic. Imamova also is the founding President of the VOA Women’s Caucus. She began her career at the Uzbek state broadcaster in Tashkent. She holds a Bachelor of Arts in journalism and mass communication from the University of Mysore, India and a Master of Arts in journalism from Ball State University, Indiana.

Facebook Forum

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG