Breaking News

Markaziy Osiyo liderlari sammitida qanday hujjatlar imzolandi?


Markaziy Osiyo liderlari sammiti, Cho'lpon-ota, Qirg'iziston, 21-iyul, 2022
Markaziy Osiyo liderlari sammiti, Cho'lpon-ota, Qirg'iziston, 21-iyul, 2022

21-iyul kuni Cho'lpon-ota shahrida o'tgan sammitda O'zbekiston, Qozog'iston, Qirg'iziston, Tojikiston va Turkmaniston rahbarlari mintaqa xavfsizligi, iqtisodi, strategik sheriklik, texnik va madaniy aloqalar yuzasidan yakdil ekanini izhor etib, qo'shma bayonot berdi.

Qirg'iziston, Qozog'iston va O'zbekiston prezidentlari - Sadir Japarov, Qosim-Jo'mart To'qayev va Shavkat Mirziyoyev - yaxshi qo'shnichilik va hamkorlikda rivojlanish borasidagi hujjatga imzo chekdi. Turkmaniston va Tojikiston prezidentlari - Serdar Berdimuhamedov va Emomali Rahmon - bu hujjatni hali ko'rib chiqayotganini bildirib, hozircha qo'l qo'ymagan.

Jarayonni kuzatgan ekspertlar nazarida Tojikiston va Qirg'iziston orasidagi chegara muammolari buning bir sababi bo'lishi mumkin. Turkmaniston esa, deydi ular, odatda bunday kelishuvlarga o'ta ehtiyotkorlik bilan yondashib, sekin harakat qiladi.

Markaziy Osiyo liderlari sammiti, Cho'lpon-ota, Qirg'iziston, 21-iyul, 2022
Markaziy Osiyo liderlari sammiti, Cho'lpon-ota, Qirg'iziston, 21-iyul, 2022

Davlatlar "Yashil kun tartibi" bo'yicha ham kelishgan. Unga binoan respublikalar iqlimdagi salbiy o'zgarishlarga qarshi birdek choralar ko'ra boshlaydi, iqtisod yashillashadi, muqobil energetik manbalar rivojlantiriladi.

Orol dengizi va uning atrofidagi hudud ekologiyasini yaxshilash uchun tuzilgan mintaqaviy fond rahbari lavozimiga Prezident Rahmon tayinlangan.

Sammitda mintaqaviy xavfsizlik, Afg'oniston, axborot va internet xavfsizligi, savdo-sanoat, transport-logistika, madaniy aloqalar muhokama qilindi.

Har bir prezident o'z nutqida mintaqada yangicha va konstruktiv muhit yaratishga, yaqindan ishlashga talab oshib borayotganini qayd etdi.

Markaziy Osiyo Janubiy Osiyo tomon kengroq ochilishi zarurligi, Afg'onistonda barqarorlikka erishish ahamiyati, o'zaro savdo va strategik sheriklikni mustahkamlash borasida fikrlar almashilgan.

Prezident Mirziyoyev fikricha, Markaziy Osiyo serqirra hamkorlikni yo'lga qo'yishi lozim
Prezident Mirziyoyev fikricha, Markaziy Osiyo serqirra hamkorlikni yo'lga qo'yishi lozim

O'zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog'istondagi voqealarga ishora qilib, jumladan shunday dedi:

"Ko‘lami tobora ortib borayotgan internetdagi noqonuniy faoliyat bilan bog‘liq yangi xavf-xatarlar alohida e’tibor qaratishimizni taqozo etmoqda. Bugun ushbu tahdidlar yo‘lida hech qanday chegara yo‘q – ular mobil telefonlar orqali kirib kelmoqda. Afsuski, O‘zbekistonda yaqinda ro‘y bergan fojiali voqealar bizning rejalarimizni buzishga, mintaqamizda beqaror vaziyatni vujudga keltirishga urinayotgan buzg‘unchi kuchlar mavjud ekanini yana bir bor tasdiqladi. Shu munosabat bilan ushbu yo‘nalishlarda mintaqa mamlakatlarining Xavfsizlik kengashlari va maxsus xizmatlari rahbarlarining muntazam maslahatlashuvlarini yo‘lga qo‘yish taklifini qo‘llab-quvvatlaymiz".

O'zbekiston va Tojikiston rahbarlari - Shavkat Mirziyoyev va Emomali Rahmon
O'zbekiston va Tojikiston rahbarlari - Shavkat Mirziyoyev va Emomali Rahmon

Prezidentlar Mirziyoyev va Rahmon Qirg'izistondagi summit paytida alohida uchrashib, qo‘shnichilik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini mustahkamlash haqida gaplashgan.

Savdo-sanoat, qishloq xo‘jaligi, energetika va transport-logistika bo'yicha qo‘shma loyihalar muhokama qilingan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG