Breaking News

O'zbekiston hukumati "Twitter" va "WeChat" tarmoqlarini blokdan chiqardi


O'zbekiston Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining bayon qilishicha, 1-avgustdan boshlab mamlakatda "Twitter", "WeChat" va "Vkontakte" ijtimoiy tarmoqlaridan to‘siqlar olib tashlangan.

Agentlikka ko'ra, hukumat "TikTok" platformasi bilan muzokarada.

"Blokirovkalar rivojlanishga faqat zarar keltiradi", - deyiladi idora bayonotida.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Matbuot kotibi Sherzod Asadovning qayd etishicha, so‘z va matbuot erkinligi, fuqarolarning axborot olish va uni tarqatish, o‘z fikr va qarashlarini erkin bildirish huquqini ta’minlash davlat siyosatining eng muhim yo‘nalishlaridan biri. Asadov prezident bu borada ta'kidlab kelayotganini eslatadi.

"Axborot makonini yopib qo‘yish, fikrlar plyuralizmiga to‘sqinlik qilishga urinishlar jamiyatning taraqqiyotiga xizmat qilmay, aksincha, uni orqaga tortishi - isbot talab qilmaydigan haqiqat", - deya yozdi Asadov "Telegram" kanalida.

Prezident Administratsiyasi rahbarining o‘rinbosari Komil Allamjonov yozishicha esa "bloklash — faqat zarar va ahmoqlik".

Yaqinda bu mansabga tayinlangan Allamjonov Milliy mass-mediani qo'llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi rahbari sifatida bloklarni qoralab, ularni ochishga undab kelar edi.

So'z va matbuot erkinligi himoyachilari blok olinganini olqishlar ekan, kelajakda yana to'siqlar qaytmasligini kim kafolatlay oladi, deya so'ramoqda.

Shvetsiyadan Fuqaro huquqlari himoyachilari tashkiloti eksperti Muzaffar Suleymanov o'z tvitida yuqoridagi xabarni ijobiy kutib olar ekan, bloklar aslida qo'yilmasligi kerakligini ta'kidlaydi.

"Endilikdagi eng muhim savol shuki, bu siyosat fikrlar qanchalik tanqidiy bo'lishidan qat'i nazar o'zgarmaydimi?"

Suleymanov va boshqa huquq himoyachilari nazarida, O'zbekiston rahbariyati ijtimoiy tarmoqlarda yangraydigan keskin qarashlar va o'zgarishlarga chaqiriqlarga qanday javob berishi endi yanayam jiddiy sinov ostida.

AQShning erkinlikni targ'ib qiluvchi "Freedom Now" nohukumat tashkilotidan Metyu Shaaf o'z tvitida O'zbekistonda blok nega aynan hozir olinganini savolga tutadi.

"Mutasaddilar bloklashga shu qadar qarshi ekan, so'z erkinligini shunchalik quvvatlar ekan, nega bu ish oldinroq qilinmadi?" - deya so'raydi Shaaf.

"Amerika Ovozi"ning Toshkentdagi manbalari bu yangilikni yaqinda davlat rahbari idorasida bo'lgan o'zgarishlar bilan bog'laydi: Prezident Administratsiyada endilikda Sardor Umurzoqov rahbar, axborot masalalalari bo'yicha uning o'rinbosari esa Komil Allamjonov.

“O‘zkomnazorat” qator platformalarni shaxsiy huquqlarni buzuvchilar reyestriga qo‘shib, ularga to'siqlar qo'ygan edi.

Hukumat o'shanda internet kompaniyalarga O‘zbekiston fuqarolarining shaxsiga doir informatsiya mamlakat hududida joylashgan serverlarda saqlansin, degan talabni olg'a surgan edi. Undan keyingi muzokaralar haqida tegishli organlar hisobot bermagan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG