Breaking News

BMTning Xitoyda uyg'urlar taqdiriga doir hisoboti chop etildi


BMTning Inson huquqlari bo’yicha Oliy komissariati Xitoyning uyg’urlar yashovchi Shinjon viloyatida inson huquqlari bilan bog’liq ahvolga baho berdi.

Xalqaro hayot - 1-sentabr, 2022-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:10:29 0:00

48 sahifadan iborat hisobotda aytilishicha, uyg’urlarning asossiz hibsga olinishi va lagerlarga joylashtirilishi insoniyatga qarshi jinoyatga teng bo’lishi mumkin.

Vakolatining muddati bugun tugagan oliy komissar Mishel Bachelet may oyida Shinjonda bo’lib, 2017-yildan beri kutilgan hisobotda viloyatda jiddiy inson huquqlari buzilishlari bo’lgani qayd etiladi.

Unga ko’ra, uyg’urlarning tibbiy muassasalarga majburan joylashtirilgani haqidagi da’volar ishonchga sazovordir.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti ushbu hujjatda Xitoy hukumatini qayta tayyorgarlik markazlarida, qamoqxona va hibsxonalarda asossiz saqlanayotgan barcha uyg’urlarni ozod etishga, oilalari ko’zidan g’oyib bo’lgan odamlarning qayerdaligini oshkor etishga chaqiradi.

Qo’shma Shtatlar Xitoyni qatliomda ayblagan, biroq BMT hisobotida insoniyatga qarshi jinoyatlar taxmin qilinmoqda, xolos.

Xitoy uyg’urlarning o’z ixtiyoriga qarshi ommaviy ravishda lagerlarda saqlanayotganini inkor etarkan, BMTdan hisobotni chop etmaslikni so’ragan edi. Hujjat chiqarilishi bilan Pekin uni AQSh, G’arb davlatlari va Xitoyga qarshi kuchlarning rejalangan fitnasi deb atadi.

Xitoy tanqidchilari esa Bacheletni Pekinga o’ta yumshoq munosabatda bo’lganlikda aybladi.

Inson huquqlari bilan shug’ullanuvchi “Xalqaro Amnistiya” tashkiloti yangi hisobotni olqishlab, uning rahbari Anyes Kallamar hisobot Xitoyning Shinjonda inson huquqlari inqiroziga aloqadorligini inkor etuvchi da’volarini yo’qqa chiqarganini aytdi.

Xitoy bunga javoban 122 sahifalik hisobot tayyorlab, Shinjonda terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashayotganini bildirdi, radikallashgan uyg’urlarni bu yo’ldan qaytarishga qaratilgan siyosatini himoya qildi.

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi so’zlovchisi Van Venbin BMTning inson huquqlari idorasini AQSh va G’arbning hamtovog’i deb atadi:

"Hisobot deb ataluvchi bu narsani AQSh va G’arb kuchlari rejalagan va tayyorlagan. Uni butunlay noqonuniy deb bilamiz. Undagi ma’lumotlar yolg’ondan iborat bo’lib, AQSh va G’arb kuchlarining Xitoyga qarshi harakatlariga xizmat qiluvchi siyosiy quroldir. Hisobot soxtalashtirilgan”, - dedi u.

“Xalqaro Amnistiya” rahbari hisobotdagi ma’lumotlarni tergov qilish uchun taftish komissiyasini tuzishni taklif etdi.

"Inson huquqlari kengashi Shinjonga borib, surishtiruv o’tkazishi kerak”, - deydi Kallamar.

BMT hisobotida uyg’urlarga nisbatan qiynoqlar qo’llanilishi, jinsiy zo’ravonlik holatlari ham qayd etilgan.

Yevropa Komissiyasi BMT hisobotiga munosabat bildirarkan, Xitoyda inson huquqlarining poymol etilishini qattiq qoralashini ta’kidladi. Tashkilot so’zlovchisi hisobot atroflicha o’rganilib munosabat bildirilishini aytdi.

Inson huquqlari bo’yicha Oliy komissar Mishel Bachelet muddatini uzaytirish istagi yo’qligini, vatani Chiliga qaytishini bildirgan. Bachelet Chilida ikki muddat prezident bo’lgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG