Breaking News

AQSh uyg'urlarning majburiy mehnatiga qarshi kurashuvchi qonunni joriy eta boshladi


"Konsentratsion lagerlarni man eting", degan shior turgan namoyishchi, San-Fransisko, Kaliforniya, 3-fevral, 2022
"Konsentratsion lagerlarni man eting", degan shior turgan namoyishchi, San-Fransisko, Kaliforniya, 3-fevral, 2022

AQSh 21-iyundan e'tiboran Uyg'urlarning majburiy mehnatga jalb etilishini barataf etishni ko'zlovchi qonunni joriy eta boshladi. Unga binoan har qanday taraf Xitoyda ishlab chiqarilgan mahsulotning ekspluatatsiya mahsuli emasligini aniq va ishonchli tarzda kafolatlashi shart.

Xitoy hukumati bu qonundan g'azabda va Vashingtonni uyg'urlarning yolg'onlariga tayanib, egri yo'ldan ketayotganlikda ayblagan.

Amerika bizneslari esa qonun ko'rsatmalari noaniq ekanini aytib, import yo'lida to'siqlar ko'payganidan norozi. Tovarlarni chegaradan olib o'tish qiyinlashsa, deydi tadbirkorlar, butun iqtisod jabr tortadi.

Eskpertlar nazarida esa ikki katta muammo bor: birinchisi, Xitoydan ta'minot tizimlari bag'oyat murakkab, ikkinchisi esa Xitoy mahsulotlarini tekshiruvchi mustaqil auditorlar deyarli yo'q. Amerikaga ta'minot kamayadi, degan xavotir hukrmon.

“Bu qonun Shinjondan importlarni nazorat qilishni kuchaytiradi va vaziyatni aniqlashtiradi. Shinjonda ishlab chiqarilgan mahsulotlar man etiladi", - deydi Kallen Hendriks, Vashingtondagi Peterson Xalqaro iqtisodiyot instituti tadqiqotchisi.

Denver universitetida ham dars beradigan Hendriks deydiki, taqiq Shinjonga qattiq ta'sir qilishi aniq, chunki boshqa davlatlardan kelayotgan mahsulotlarga shunday talablar hozirgacha ish bergan, ya'ni majburiy mehnat evaziga chiqarilgan tovarlar aniqlangan.

Hendriks olmoslarning manbalari oydinlashgani va boshqa qimmatbaho narsalarning kim tomonidan tayyorlanayotgani shu tariqa tekshirilganini misol sifatida keltiradi.

Biroq Shinjon tekshirishga eng qiyin hududlardan biri. U tashqi dunyoga yopiq va hukumat o'ziniki bo'lmagan inspektorlar yoki auditorlarni u yerga kiritmaslikka harakat qiladi.

Hendriks auditorlar erkin ishlay olishi eng muhim talab ekanini aytib, aks holda Amerika Shinjonda majburiy mehnatni to'xtata olmasligini qayd etadi.

"Bu qonun tarafdorlari nafaqat importni cheklashni, balki insonlar ekspluatatsiyasi ortidagi odamlarni topib, sharmanda qilishni ham xohlaydi", - deydi Hendriks.

Londonda uyg'urlar manfaati uchun namoyishlar, 3-fevral, 2022
Londonda uyg'urlar manfaati uchun namoyishlar, 3-fevral, 2022

Uy'gurlarning majburiy mehnatga jalb etilishini barataf etishni ko'zlovchi qonun 2021-yilning dekabrida qabul qilingan. Qonun uzog'i bilan 180 kun ichida tatbiq etila boshlashi kerak.

AQSh xulosa qilishicha, Shinjonda Xitoy hukumati uyg'urlarga qarshi genotsidni amalga oshirmoqda. Ularni yoppasiga qamash, uyg'urlar orasida ko'payishni kamaytirish, uyg'ur ayollarini boshqa elatlarga erga tegishga zo'rlash, ularning madaniyati va diniga qarshi targ'ibotlar olib borish bilan band, deydi Amerika rasmiylari.

Ularning ta'kidlashicha, qariyb 1 million uyg'ur mehnat lagerlarida ishlatiladi, xususan fabrika va zavodlar hamda qishloq xo'jaliklarida.

Xitoy hukumati bu da'volarni inkor etadi, ammo AQShniki kabi xulosaga Britaniya, Niderlandiya, Litva, shuningdek, huquq bo'yicha yetakchi tashkilotlar - Xalqaro Amnistiya, "Human Rights Watch" va AQSh Holokost yodgorligi muzeyi ham qo'shilgan.

Qonunning o'ziga xos tomoni shuki, unda Shinjondan barcha tovarlar majburiy mehnat mahsuli deb ko'riladi. U yerdan mahsulot olib kelayotganlar har birining bunday emasligiga isbot-dalil ko'rsatishi kerak.

AQSh Bojxona va chegara xavfsizligi xizmati yaqinda 17 betlik ko'rsatma chiqarib, paxta, pomidor va polisilikon singari mahsulotlar qanday tekshirilishi borasida ogohlantirdi.

Importyorlarga ko'ra esa bu yetmaydi. Qay turdagi tovarlar qay yosinda inspeksiyadan o'tadi va hozircha bo'lgan talablar qanchalik o'zgaradi? Bizneslar hukumatga shu borada savollar bilan murojaat qilmoqda.

AQSh-Xitoy Biznes kengashi prezidenti Kreyg Allen deydiki, yangi tartib o'z vaqti bilan oydinlashadi va boshida qiyin kechishi tabiiy.

“Bu qonunni amalga oshirish naqadar og'ir bo'lishini hukumat biladi. Olti oy tayyorlanishdi, lekin baribir muammolar chiqsa, ajablanmayman. Mavhumlik bizneslarni bezovta qiladi, ta'minotni izdan chiqarishi mumkin. Bular hammasi inlyatsiyaga ham ta'sir qiladi", - deydi Allen.

Kongress, Vashington
Kongress, Vashington

Mahsulot turiga qarab, qonunga amal qilish ham osonroq yo qiyinroq bo'ladi, deydi yuristlar. Texnologiya va elektronik tovarlarni tekshirish bo'yicha muayyan tartib allaqachon joriy etilgan.

Mutaxassislar fikricha birinchi navbatda ishlab chiqaruvchilar xavotir olishi kerak. Chunki majburiy mehnat ular nazorati ostida kechadi. Tayyor mahsulotni sotadiganlar va yetkazib beradiganlar barcha jarayonlar haqida izchil bilishiga to'g'ri keladi.

Hukumat inspeksiya tinimsiz va keskin bo'ladi, deya ogohlantirar ekan, tizimning o'zi ham muntazam rejimni yo'lga qo'yishi kerak.

Pekin rasmiylari deydiki, bu qonun Amerikaga qimmatga tushadi.

“Shinjonda majburiy mehnat ildiz otgan degan yolg'onlar tarqatib, Xitoyga qarshi kampaniya olib borishmoqda. Hammasi uydirma', - deydi Xitoyning AQShdagi elchixonasidan Liu Pengyu.

“AQSh harakatlari erkin bozor va tijorat qoidalarga ziddir. Bunday qadamlar global sanoat barqarorligiga raxna soladi, ta'minotni buzadi, xalqaro savdoni susaytiradi va Amerikaning o'z manfaatlariga soya soladi".

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG