Breaking News

BMT Bosh Assambleyasi Rossiyaning Ukrainadagi referendumlari va anneksiyasini qoraladi


BMT Bosh Assambleyasi Rossiyaning Ukrainadagi harakatlari yuzasidan ovoz berdi, 12-oktabr, 2022
BMT Bosh Assambleyasi Rossiyaning Ukrainadagi harakatlari yuzasidan ovoz berdi, 12-oktabr, 2022

Xalqaro hamjamiyat 12-oktabr kuni Rossiyaning Ukrainadagi harbiy harakatlarini qoralab, bosib olingan hududlardagi referendumlari va anneksiyasini aslo qabul qilmasligini ayon qildi. Rezolyutsiya loyihasini Rossiyaga qarshi global koalitsiya a'zolari olg'a surdi.

24-fevralda urush boshlanganidan beri BMT Bosh Assambleyasi Ukrainani bu qadar keng ko'lamda qo'llab chiqmagan edi. 143 davlat Rossiyaga qarshi ovoz berdi. 35 davlat, xususan O'zbekiston, Qozog'iston, Qirg'iziston va Tojikiston biror tarafda ekanini bildirmadi. Turkmaniston esa Eron kabi ovoz berishda qatnashmadi.

Rossiyani quvvatlab chiqqanlar - Belarus, Shimoliy Koreya, Suriya va Nikaragua.

Ukraina rahbari Volodimir Zelenskiy BMT Bosh Assambleyasiga tvit orqali rahmat aytib, ovozni tarixiy qadam deya olqishladi.

Ukrainaning BMTdagi elchisi Sergiy Kislitsya deydiki, organ o'z vazifasini bajarmoqda.

“A'zo davlatlar to'g'ri qaror qildi. Ular BMT xartiyasidagi tamoyillarni himoya qilmoqda".

Sakkiz oydan beri davom etayotgan urushda Ukraina tarafini olayotganlarning ruhi pasayib, yordam susaymoqda, degan xavotir asossiz, deydi diplomatlar.

Oziq-ovqat va yonilg'i qimmatlashgani, inflyatsiya ko'tarilgani global maydonda qattiq sezilmoqda, deya tan oladi turli davlatlarning vakillari, ammo Ukrainadagi urushda BMT a'zolarining aksariyati Ukraina tomonida, Rossiya harakatlariga qarshi.

2-mart kuni BMT Bosh Assambleyasi urush yuzasidan ovoz berganida 141 davlat Ukrainani quvvatlagan edi. Belarus, Suriya, Shimoliy Koreya o'shanda ham Kremlni yoqlagan edi.

2014-yilda Rossiya Qrimni bosim olganida, BMT Bosh Assambleyasida 100 davlat Ukraina tarafida edi, 11 tasi unga qarshi. 58 davlat esa biror pozitsiyada emasligini bildirgan.

AQShning BMTdagi elchisi Linda Tomas-Grinfild, Nyu-York, 12-oktabr, 2022
AQShning BMTdagi elchisi Linda Tomas-Grinfild, Nyu-York, 12-oktabr, 2022

BMT Bosh Assambleyasida berilgan ovoz qonuniy kuchga ega, ammo xalqaro hamjamiyatning irodasini aks ettiradi.

"Bugungi ovoz amaliy ahamiyatga ega, chunki BMT uchun Ukraina chegaralari o'zgarmagan", - deydi AQSh elchisi Linda Tomas-Grinfild.

“Xerson - Ukraina. Zaporojye - Ukraina. Donetsk - Ukraina. Lugansk - Ukraina. Ukraine hali ham Ukraina”.

Rossiya elchisi Vasiliy Nebenziya ovoz berishdan oldin a'zolarni ehtiyotkorlikka undab, tinchlik muzokaralari to'xtab qolishi mumkin, deya ogohlantirdi.

“Bu masalani bu yerda ovozga qo'yib, G'arb davlatlari o'z geosiyosiy manfaatlarini ko'zlamoqda. Ular BMT Bosh Assambleyasidan va sizdan foydalanmoqda", - dedi Nebenziya.

Fransiya elchisi Nikolya de Riviye esa organga savol bilan murojaat qildi:

“BMT bosh qomusidagi prinsiplarni himoya qilamizmi yo qilmaymizmi?"

Rossiyaning BMTdagi elchisi Vasiliy Nebenziya so'zlamoqda, 12-oktabr, 2022
Rossiyaning BMTdagi elchisi Vasiliy Nebenziya so'zlamoqda, 12-oktabr, 2022

AQSh BMT a'zolarini vijdonli bo'lishga chaqirdi.

“Rossiya agressiyasini to'xtatish kerak. Uni javobgarlikka tutish kerak. Biz qat'iy turishimiz kerak. Biz Rossiya harakatlariga toqat qilmasligimiz kerak", - dedi Tomas-Grinfild.

Bosh Assambleyadagi aksariyat davlatlar shunday pozitsiyada. Suverenitet, hududiy yaxlitlik va mustaqillik tamoyillarini qadrlashini bildirdi.

Yevropa Ittifoqi elchisi Olof Skug deydiki, Rossiyaga qarshi ovoz berganlar orasida ko'plab kichik, rivojlanayotgan davlatlar bor.

“Ular Ukrainadan uzoqlarda joylashgan, biroq Rossiya xatti-harakatlarini birdek qoralaydi va xavotirda".

Shimoliy Koreya elchisi Kim Sungga ko'ra, Kreml to'g'ri yo'lda.

“Referendumlar BMT xartiyasi va xalqaro qonunlarga binoan o'tkazilgan. Ular xalqlarga o'z taqdirini belgilash huquqini beradi", - deydi u.

Suriya elchisi Bassam al-Sabbag' deydiki, G'arb dushnamona, provokatsion qadamlar tashlashda davom etmoqda. Uning ta'riflashicha, Rossiyaga qarshi propaganda avjida va soxta ma'lumotlar bilan uni la'natlashmoqda. Kreml Ukrainadagi ruslarni himoya qilishga haqli, deydi u.

Kanada elchisi Bob Re Rossiya va uning hamkorlarini xalqaro hamjamiyatni buzayotgan taraflar deb ko'radi.

“Rossiya nafratni bahona qilmasin. U hozirgi xatti-harakatlari bilan o'z ota-onasini o'ldirib, sudga borib, men yetimman, yordam bering, deya ko'z-yosh qilayotgan bolaga o'xshaydi. Rossiyaning o'zi qilmoqda hamma qora ishlarni, lekin aybni boshqalarga ag'darish bilan band", - deydi Re.

“Urushni Rossiya olib bormoqda - uning qo'shini va qurollari Ukraina hududlarini vayron qilmoqda, odamlarning qonini to'kmoqda".

Yirik davlatlar orasida Braziliya Rossiyaga qarshi ovoz bergan, Xitoy, Hindiston va Janubiy Afrika esa pozitsiya tanlamagan.

“BMT Bosh Assambleyasini yechim izlab, tinchlikka erishish uchun harakatga undaymiz", - deydi Pekinning organdagi vakili Geng Shuang.

Janubiy Afrika elchisi Matu Joyini urushni tugatish uchun ovoz berishga tayyorligini aytadi.

OPEC+ doirasida Rossiyaga yordamlashayotgan Saudiya Arabistoni Ukrainadagi urush borasida Moskvaga qarshi ovoz bergan. Birlashgan Arab Amirliklari ham Ukrainaning yonini olgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG