Breaking News

Tojikistonda oilaviy ajrashishlar ko’paymoqda, sabablari to‘liq o‘rganilmagan


Tojikistonda oilalar buzilishi, nikohning tegishli davlat organida bekor qilinishi yildan-yilga ortib bormoqda. Rasmiy ma’lumotlarga ko’ra, 2022-yilda mamlakatda har kuni o‘rta hisobda 80 kishi umr yo‘ldoshidan ajrashgan.

Oilalar buzilishining sabablari haqida rasmiylar, mustaqil tahlilchilar va jamoatchilik fikri bir-biridan farq qiladi. Mamlakatda oilalar buzilishining asl sababalari yetarlicha o‘rganilmagan.

Tojikiston Adliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2022-yilning birinchi yarim yilligida 7265 ta nikoh bekor qilingan. Bu ko‘rsatkich, 2021-yilning shu davriga qiyoslanganda 12 foizga ko‘p.

Ajrashishlar yildan yilga o‘sib kelmoqda. 2020-yilda 10 536 ta oila ajrashgan, 2021-yilda esa 13 741 ta. Tahlilchilar fikricha, Tojikistonda oilalar buzilishi tashvishli va achinarli hodisa sifatida qabul qilinadi.

“Sharqona mentalitet hukmron bo‘lgan va mamlakat aholisining aksariyati islom diniga e’tiqod qiladigan Tojikistonda oilalar ajralishi o‘ta tashvishlanarli va salbiy hodisa sifatida ko‘riladi. Ayniqsa, ota-onalarning ajrashishi farzandlar hayotini yana ham qiyinlashtiradi. Shuning uchun ham tegishli davlat organlari va mas’ul rahbarlar oilalar buzilishiga qarshi chora-tadbirlar ko‘rib kelishadi. Ammo shunga qaramay oilalar buzilishi yildan yilga ortib bormoqda”, – deydi jamiyatshunos Madina Sharipova.

2022-yilning birinchi yarmida ajrashgan oilalarning qariyb 80 foizi, aniqrog‘i 5782 ta nikoh sud qarori bilan bekor qilingan. Ya’ni bu oilalarda yo umumiy farzand bo‘lgan, yo er-xotin orasida bahsli holatlar mavjud bo‘lganligi sababli ajrashish jarayoni sud orqali amalga oshgan.

Iqtisodiy omillar, ya’ni yashash sharoitining pastligi natijasida kelib chiqqan oilaviy mojarolar ham ko‘p hollarda oilalar buzilib ketishiga sabab bo‘lmoqda

Ajrashishlar ko’pligi sabablari haqida bir-biriga zid fikr-mulohazalarga duch kelish mumkin. Ilgariroq Tojikiston Adliya vaziri Muzaffar Ashuriyon asosiy sabab sifatida yoshlarning mustaqil hayotga tayyor emasligi va oilaviy ma’rifati past ekanligini aytgan edi.

“Ajralishlar, asosan, yoshlarning oilaviy hayotga tayyor emasligi sababli sodir bo‘lmoqda. Bundan tashqari, turmush qurishda ko‘p juftliklar bir-birlarini yetarlicha tanimaydilar”, – degan edi Ashuriyon.

Mas’ullar yosh oilalar buzilishiga uchinchi shaxsning, ko‘p hollarda qaynananing aralashuvi ham sabab bo‘layotganligini ta’kidlashadi. Shuningdek, mehnat muhojirligi, farzandsizlik, xiyonat kabi sabablar ham ko’rsatiladi.

Mustaqil tahlilchilar fikricha, Tojikistonda oilalar buzilishiga iqtisodiy va ijtimoiy omillar kuchli ta’sir ko‘rsatmoqda. Xo‘jand shahridagi “Gulruxsor” ayollar inqiroz markazi direktori o‘rinbosari Saboat Bobojonovaning aytishicha, sabablar butun mamlakat bo‘ylab yetarlicha o‘rganilmagan, chuqur tadqiq etilmagan.

“Oilalar ajralishining sabablari, albatta, turlicha. Hammadan oldin, ruhiy omillar, uy-joy muammolari, ya’ni yetishmovchiliklar natijasida oilalar buzilib ketmoqda. Mehnat muhojirligi – oila a’zolaridan biri, ya’ni er yoki xotin mehnat muhojirligiga ketishi ham ba’zi hollarda oila ajrashib ketishiga sabab bo‘lmoqda. Yana iqtisodiy omillar, ya’ni yashash sharoitining pastligi natijasida kelib chiqqan oilaviy mojarolar ham ko‘p hollarda oilalar buzilib ketishiga sabab bo‘lmoqda”, – deydi Bobojonova.

Nikohlar bekor qilinishining sabablari haqidagi “Asia Plus” mustaqil nashrining onlayn so‘rovnomasida qatnashganlarning 44 foizi “kambag‘allik, oilani oziq-ovqat bilan ta’minlay olmaslik”ni ko‘rsatishgan.

28 foiz ishitrokchilar yigit-qizlar “juda vaqtli oila qurishi”ni va 11 foiz ishtirokchilar oila qurgan yoshlar “ota-onalar bilan birga yashashi” yoki yosh oilaga uchinchi shaxsning ta’siri sabab bo‘layotganligini qayd etishgan. Jami 1031 kishi ixtiyoriy ovoz bergan onlayn so‘rovnomada mehnat muhojirligi tufayli oilalar ajralishiga 5 foiz va oiladagi zo‘ravonlik tufayli oila buzilishiga 2 foiz ovoz bergan.

Oilada agressor o‘zini jamoatchilikka oshkor etmaydi, zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan tomon esa ko‘p hollarda sharqona axloq yoki milliy va diniy odob ta’sirida og‘iz ochmaydi.

Saboat Bobojonova fikricha, bu so‘rovnoma ham haqiqiy holatni ko‘rsata olmaydi.

“Haqiqiy holatni aniqlash uchun keng qamrovli tadqiqot olib borish, shu jumladan, aholining barcha qatlamlari orasida so‘rovnoma o‘tkazish kerak. Masalan, oilaviy zo‘ravonlik ko‘p holatlarda qayd etilmaydi. Oilada agressor o‘zini jamoatchilikka oshkor etmaydi, zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan tomon esa ko‘p hollarda sharqona axloq yoki milliy va diniy odob ta’sirida og‘iz ochmaydi. Ba’zi hollarda sabr kosasi to‘lib, o‘z joniga qasd qilishgacha yetib bormoqda”, – deydi mutaxassis.

Soha mas’ullari va mustaqil tahlilchilar fikricha, mamlakatda oilalar buzilishi qator yangi muammolarni ham keltirib chiqarmoqda. Bu o’rinda ayollar va voyaga etmagan bolalar ijtimoiy jihatdan eng kam hioyalangan qatlam hisoblanadi.

Ota-onasining ajrashishi oiladagi balog‘atga yetmagan farzandlarning taqdiriga salbiy ta’sir qilmoqda. Shuningdek, eridan ajralgan ayollar ko‘p hollarda qayta turmush qurmasligi sababli uning kelgusida manzilsiz qolishi kabi masalalar dolzarbligicha qolmoqda.

“Oilalar buzilishi aksar hollarda ayollar uchun og‘ir masala. Ko‘p hollarda xotinidan ajralgan erkak qayta uylanadi, ayol esa aksariyat holatda qayta turmush qurmaydi. Bu ayollarning ba’zisi kasb-kori ham yo‘qligi sababli eridan ajrashganidan so‘ng iqtisodiy jihatdan hatto o‘zini ham udday olmaydi.

Farzandi bo‘lsa, tashvishlari yana ortadi. Oilalar buzilishidan ayollar ko‘proq jabr ko‘rmoqda”, – Bobojonova.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG