Breaking News

Tolibon bir-birini ochiqchasiga tanqid qila boshlagan, ichki ziddiyat avjidami?


Tolibonning Ichki ishlar vaziri Sirojiddin Haqqoniy, Kobul, 28-aprel, 2022
Tolibonning Ichki ishlar vaziri Sirojiddin Haqqoniy, Kobul, 28-aprel, 2022

Afg'onistonni boshqarayotgan Tolibonning eng yuqori pog'onalarida ziddiyat avj olayotgani kuzatilmoqda. Rahbarlar bir-birini ochiqchasiga tanqid qila boshlagan va kelishmovchiliklarni ommadan yashirmayapti, jumladan qizlarning bilim olish masalasi yuzasidan.

Ichki ishlar vaziri Sirojiddin Haqqoniy o'zidan tepadagilarni hokimiyatni mutlaq egallab olganlikda va qaror qilish mexanizmini mahkam ushlab turganlikda ayblamoqda.

“Qudrat monopoliyasi sabab butun boshqaruvimiz yomonotliq bo'lmoqda", - deydi vazir. Bu fikrlarini u o'zining ona viloyati Xostda diniy doirada aytgan.

"Vaziyatga toqat qilish mumkin emas", - deya noligan Haqqoniy.

Vazir qizlarning bilim olishi taraforimi yo qarshi, noaniq. Biroq u tuzum va xalq bir-biriga yaqinlashsin, deya undayotgandek.

Kobul ko'chalarida, 27-dekabr, 2022
Kobul ko'chalarida, 27-dekabr, 2022

Tolibon rahnamosi, amir Hibatulloh Oxunzoda esa xotin-qizlar ishlamasin va ta'lim olishi ham cheklansin, deya buyurgan.

Harakat so'zlovchisi Zabihulla Mujohid deydiki, hukumatdagilar bir-birini hurmat qilishi kerak.

“Islom odobi amir, vazir yoki biror arbobning sha'niga qarshi gapirmaslikni o'rgatadi. Har qanday tanqid o'sha odamning o'ziga aytilishi kerak. Ochiq aytsangiz, sizga quloq solishmaydi", - deydi Mujohid.

Adliya vaziri o'rinbosari Abdul G'ani Faiq esa tizimda hech kim bir-birini tanqid qila olmaydi, degan fikrda.

Kobulda yosh yuristlar oldida so'zlar ekan, bu rasmiy rahbariyatni qoralaganlar keskin jazolanishi kerak, deya undagan.

“Islomiy amirlikka qarshi gapirayapsizmi, demak, sizga hukumat ichida toqat qilinmasligi kerak", - deydi u.

Kobul aeroporti, 9-sentabr, 2021
Kobul aeroporti, 9-sentabr, 2021

Haqqoniy bilan gaplashgan chet el diplomatlariga ko'ra, vazir qizlar o'qishi uchun sharoit yaratish tarafdori.

“Hukumatimiz yashashi va rivojlanishi uchun xalq dardiga munosib javob berishimiz kerak, unga yordam berishimiz lozim", - degan Haqqoniy shu kunlarda qilgan nutqida.

Bu vazir AQSh qora ro'yxatida qidiruvdagi terrorist deya qayd etilgan. Haqqoniylar to'dasi esa 2002-2021 yillar orasidagi qator qonli xurujlarda ayblanadi, xususan AQSh va NATOga qarshi hujumlarda.

Xalqaro hamjamiyat Tolibon rahabariyati hukumat sifatida tan olmagan. Inson huquqlarini hurmat qilish va barcha etnik tomonlarni aks ettirgan boshqaruvni shakllantirish asosiy talablardan.

“Tolibon o'zini isloh qilgani va qilayotganini aniq ko'rishimiz kerak, toki afgin qizlari maktab va universitetlarga bora olsin", - deydi Toriq Farhodiy, sobiq rasmiy va tahlilchi.

“Tolibon uchun hozir ayni fursat: harakatda siyosiy progress borligini ko'rsatsin. Qizlar o'qishdan qolib ketayapti, yoshlar nima qilib bo'lsa-da, mamlakatni tark etish payida".

Tolibon vakillari G'arbni ichki ziddiyatlarni ataylab bo'rttirib ko'rsatayotganlikda ayblaydi.

Oxunzoda chet el rasmiylari bilan deyarli uchrashmaydi. Janubdagi qarorgohida, Qandahor viloyatida yashaydi. Tolibonga aynan Qandahorda asos solingan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG