Breaking News

Tolibon O'zbekistonga shart qo'ya boshladimi?


O’zbekiston bilan temir yo’l shartnomasini uzaytirishdan bosh tortgan Tolibon hukumati Amudaryo yoqasida yirik suv to’g’oni qurilishini boshlamoqda.

“Tolo” agentligining xabar berishicha, Afg’onistoning bir necha vazirliklari vakillaridan iborat delegatsiya mamlakat shimolida bo’lib, to’g’on qurilishiga doir vaziyatni o’rgangan, dastlabki sarf-xarajatlar tuzib chiqilgan.

Afg’oniston Suv va energetika vaziri o’rinbosari Oyatulla Umariyga ko’ra, rejalanayotgan loyihaning umumiy qiymati taqriban 89 million dollarni tashkil etadi.

“Bizning professional mutaxassislarimiz loyihani o’rganib, baholab chiqishdi. Loyihaning dastlabki qismi 2 milliard, uzoq muddatda esa 6 milliard afg’oniyni tashkil etadi”, - degan Umariy.

Toliblar O’zbekistonning temir yo’l yo’nalishi boshqaruvidan noroziar. Birinchi navbatda bu narxga bog’liq. O’zbekiston Afg’onistonga yuk yetkazish bo’yicha monopol, toliblar hamkorni o’zgartirish natija bermasligini ham bilishadi.

Ta’kidlanishicha, Afg’oniston daryolarining aksariyati Amudaryoga quyilsa-da, hozirgacha bu daryo yoqasida biror inshoot qurishga imkon topilmagan. To’g’onning ishga tushirilishi suvsizlikdan qiynalayotgan mamlakat uchun o’ta muhim ahamiyat kasb etadi.

Amudaryodagi suv hajmi Markaziy Osiyo, ayniqsa O’zbekiston uchun strategik ahamiyatga ega. Mamlakat so’nggi yillarda suvsizlikdan aziyat chekadi, bu holat nafaqat qishloq xo’jaligi, balki ichimlik suviga ham tegishli.

Suv mintaqani jiddiy keskinlikka yetaklovchi eng og’riqli muammo ham sanaladi. Mintaqa daryolari yoqasida yirik inshootlar qurilishi hamisha o’zaro bahs-munozaralar keltirib chiqargan.

Hozircha O’zbekiston tomoni Tolibon hukumatining Amudaryo yoqasida suv to’g’oni qurish rejasiga biror munosabat bildirmagan.

Ammo ancha iliq baholab kelingan Toshkent-Tolibon munosabatlari so’nggi paytda bir qadar taranglashgani kuzatiladi. Shu yilning 1-fevralidan O’zbekiston Afg’onistonga temir yo’l orqali yuk yetkazishni to’xtatdi.

“O’zbekiston temir yo’llari” buning sababini Afg’oniston temir yo’ldan foydalanishga doir yangi shartnoma imzolamagani bilan izohladi:

“2022 yil 26-30 dekabr kunlari Termiz shahrida o‘tkazilgan muzokaralar davomida 2023-yilning 1-fevraliga qadar Afg‘oniston hududidagi texnik ishlarni bosqichma-bosqich Afg‘on temir yo‘llari ishchilari tomonidan amalga oshirilishi bo‘yicha “Harakatlar rejasi” kelishilgan edi.

Shuningdek, uchrashuv davomida “Sogdiana trans” ShK va Afg‘on temir yo‘l boshqarmasi o‘rtasida tomonlar bajaradigan ishlar ro‘yxati ikki tomonlama kelishilib, joriy yilning 27-yanvariga qadar yangi shartnoma imzolanishiga kelishilgan hamda tegishli bayonnoma imzolangan.

Afg‘oniston temir yo‘l boshqarmasi kelishilgan chora-tadbirlarni o‘z vaqtida amalga oshira olmayotganligi sababli, 1-fevraldan boshlab Afg‘onistonga temir yo‘l qatnovi vaqtincha to‘xtatiladi”, deyiladi kompaniya tomonidan tarqatilgan xabarda.

“O’zbekiston temir yo’llari” Hayraton-Mozori Sharif temir yo‘li 2010-yilda qurilgani, 2011-yildan boshlab bu yo’nalishning barcha xizmatlari O’zbekistonning “So‘g‘diyona Trans” korxonasi tomonidan amalga oshirilayotganini eslatib o’tadi.

Ma’lumotlarga ko’ra, yuk o’tkazish aslida dekabr oxirlarida to’xtatilgan, ayni paytda Afg’oniston uchun mo’ljallangan yuklar chegarada yig’ilib qolgan.

Tolibon nima sabadan O’zbekiston bilan shartnomani uzaytirishni istamayotgani yuzasidan hozircha biror izoh bermagan.

Markaziy Osiyo bo’yicha tadqiqotchi Alisher Ilhomovga ko’ra, Toshkent Tolibonning oshib borayotgan e’tirozlarini nazardan soqit qila olmaydi, toliblar buni yaxshi biladi.

“Toliblar O’zbekistonning temir yo’l yo’nalishi boshqaruvidan norozilar. Birinchi navbatda bu narxga bog’liq. O’zbekiston Afg’onistonga yuk yetkazish bo’yicha monopol, toliblar hamkorni o’zgartirish natija bermasligini ham bilishadi. Avvalroq Tolibon temir yo’l boshqaruvini Qozog’istonga berishni istayotgani haqida ma’lumotlar chiqqan edi. Hozir tranzit bahosi bo’yicha savdolashish ketayotgani ehtimol, toliblar narxni tushirmoqchi. Tomonlar bir yechimga to’xtaydi baribir, chunki ular bundan-da yirik loyiha - transafg’on koridori yuzasidan hamkorlik qilmoqchi. Bu koridor ayniqsa O’zbekiston uchun strategik ahamiyatga ega, buni toliblar ham tushunadi. Shuning uchun ham talablarni kuchaytirayotgani ehtimol. Amudaryo yoqasida qurilayotgan to’g’on masalasida bir narsa deyishi qiyin, chunki bu haqda ma’lumotlar oz. Mutaxassislar bunday loyihaning amaliyoti mintaqa aholisi, xususan, O’zbekistonga ham qanday zarar yetkazishi bo’yicha aniq tadqiqotlar qilishi kerak”, - deydi Ilhomov.

O’zbekiston tomoni olg’a surayotgan transafg’on koridori loyihasi uzoq yillar Afg’onistondagi beqarorlik bois amalga oshmay keldi. Tolibon Afg’onistonda hokimiyatni qo’lga olishi bu loyiha amaliyotiga jiddiy turtki berdi.

O’zbekiston hukumati Tolibon bilan muloqotni yoqlab chiqishi ortidan Toshkentda Afg’oniston, Pokiston, O’zbekiston ishtirokida transafg’on temir yo’l qurilishi haqida “yo’l xaritasi” imzolandi.

Tanqidchilar O’zbekistonni Afg’oniston orqali Pokistondagi dengiz portlariga olib chiqadigan bu loyiha amalga oshgan taqdirda ham, bu yo’l faoliyati Tolibon hukumati kayfiyatiga bog’lanib qolishidan xavotir bildirib kelishadi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG