Breaking News

"Amerika burchagi" AQSh-Qirg'iziston do'stligini mustahkamlashni ko'zlaydi


Qirg’iziston: Ilmga chanqoq yoshlar uchun “Amerika burchagi”
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:27 0:00

Erali To’ro’geldiyev Oʻshdagi viloyat kutubxonasida tashkil etilgan “Amerika burchagi” muvofiqlashtiruvchisi. Uning aytishicha, Qirgʻizistonda jami sakkizta Amerika markazi boʻlib, Oʻshdagisi 2012-yildan beri faoliyat koʻrsatib keladi. Ular AQShning Qirgʻizistondagi elchixonasi homiyligida ish olib boradi.

Markazning asosiy maqsadi AQSh-Qirgʻiziston doʻstlik aloqalarini mustahkamlash va til oʻrganishni istaganlarga Amerika haqida toʻliq maʼlumotlar berishdir.

“Asosan besh yoʻnalish boʻyicha ish olib boramiz. Bular Amerika haqida maʼlumot berish, ingliz tilini oʻrgatish, AQShdagi oliygohlar boʻyicha maslahatlar berish, madaniy tadbirlar uyushtirish, shuningdek, dasturlarimizdan oʻtgan talabalar bilan uchrashuvlar oʻtkazish”, - deydi Erali.

Erali Toʻroʻgeldiyevning qoʻshimcha qilishicha, oxirgi yillarda bu markazga kelayotganlar ancha koʻpaygan. Bir kunda 300-400 kishi kiradi, bir vaqtning oʻzida 100 kishi taʼlim olishi mumkin. 2017-yildan boshlab esa bolalar uchun maxsus boʻlim ochilgan.

“Bolalarga ingliz tilini qancha erta oʻrgata boshlasak, ular shuncha erkin muloqot qila oladigan boʻladi. Bizda 9 yoshdan 11 yoshgacha boʻlgan bolalarga barcha darslar bepul. Ular markazga ertalab kelib, istasa oʻyin oʻynaydi, istasa filmlar koʻradi yoki til boʻyicha bilimini rivojlantirishga moʻljallangan turli oʻyinlarni ustozlari bilan oʻynashadi. Bu yaxshi samara beradi”.

7-sinf oʻquvchisi Ayjan va uning onasi markaz haqida ijtimoiy tarmoqlar orqali xabar topgan.

“Bu markaz menga yoqadi. Imtihonlardan yaxshi baho olib, bu yerda oʻqishni boshladim”, - deydi u.

“Bu yerda har tomonlama oʻzingni namoyon qilish imkoni bor. Bundan tashqari, menga xonada oyoq kiyimisiz yurish mumkin ekani yoqadi. Bu yerda mashgʻulot oʻtish bizga juda qulay. Hamma qulayliklar bor”.

Qurmanbek Ariqbayev bu markazga uch yildan beri keladi. U hozir 11-sinf oʻquvchisi. Maktabdan keyin chet elda oliy taʼlim olish niyatida.

“Ingliz tili dunyo tili boʻlgani uchun u kelajagimiz uchun muhim. Ingliz tilini yaxshi oʻzlashtirib, xorijiy universitetga kirmoqchiman”.

Bizda 9 yoshdan 11 yoshgacha boʻlgan bolalarga barcha darslar bepul. Ular markazga ertalab kelib, istasa oʻyin oʻynaydi, istasa filmlar koʻradi yoki til boʻyicha bilimini rivojlantirishga moʻljallangan turli oʻyinlarni ustozlari bilan oʻynashadi.

Markaz oʻquvchilaridan yana biri Sayqal Tikenova kelajakda dasturchi bo’lishni xohlaydi.

“Otam menga aytdiki, dasturchi boʻlish uchun ingliz tilini oʻrganishim kerak. Shuning uchun bu tilni oʻrganyapman”.

Aminaning “Amerika markazi”ga kela boshlaganiga hali koʻp boʻlmadi. Ammo biror kun ham qoldirmay, darslarga qatnayapman degan Amina hozirda kerak bo’lsa inglizzabon sayyohlarga yordam bera olishini aytadi.

“Agar biror ingliz sayyoh mendan Sulaymon tog’iga qanday borish mumkinligini soʻrasa, unga oʻz tilida yoʻl koʻrsata olaman”, - deydi Amina.

Qirgʻizistonda “Amerika markaz”lari Taʼlim vazirligi, oliygohlar va nodavlat tashkilotlar bilan hamkorlikda ish olib boradi.

“Hamkorlarimizdan biri bu - Oʻshdagi ingliz tilini o’rgatish uyushmasi. Ular oʻqituvchilar uchun bepul treninglar uyushtiradi. Oʻqitish metodikasiga yordam qatori biz bu yerdagi kitoblarni taklif qilamiz. Oʻqituvchilar bu yerda oʻrgangan turli til oʻrgatish uslubiyatlaridan maktablarda foydalanishadi”, - deydi markaz muvofiqlashtiruvchisi Erali Toʻroʻgeldiyev.

Amerika markazlari nafaqat Qirgʻizistonda, balki Markaziy Osiyoning boshqa davlatlaridagi yirik shaharlarda ham faoliyat olib boradi. Markazlar AQSh haqida, til o’rganish bo’yicha koʻproq maʼlumot olishni istagan har bir kishi uchun ochiq.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG