Breaking News

Navro'z kubogi AQShdagi vatandoshlarni birlashtiradi


Florida: Navro’z kubogi qanday o'tdi?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:14:03 0:00

Florida: “Navro’z kubogi” qanday o'tdi?

“Navro’z kubogi” 2019-yildan buyon Amerikadagi turli yoshdagi o’zbekistonliklarni sport musobaqalari orqali birlashtirib keladi.

Vatandoshlar asoslagan an’anaviy ko’chma futbol turniri 2023-yil musobaqalariga Florida shtatidagi Orlando O’zbek-Amerika uyushmasi mezbonlik qildi. O’yingohda futbolga ishqiboz jamoalar, uning chetida esa vatandoshlar tashkilotlarining liderlari yuzlashdilar.

2019-yildan buyon o’tkazilib kelinayotgan “Navro’z kubogi” ko’chma turnirida bu yil 10 shtatdan kelgan 15 jamoa futbolchilari to’p surdi.

Turli shtatlarda yashaydigan o’zbekistonliklar jamiyatlarining liderlari yig’ildi. Ular orasida eng olisdan kelgani, yoshi ulug’i - Chikago o’zbekistonliklar uyushmasi prezidenti Olim Sharipov.

“Jamiyat rahbarlari bilan biz onlayn uchrashib turamiz.Yuzma-yuz ko’rishish kamdan-kam bo’ladi.O’tgan yili Chikagoda Navruz kubogi musobaqalari bo’lganda bir nechtalari bilan u yerda uchrashgandik ”, - deydi Sharipov.

Turnir o’yinlari 4-5 mart kunlari Orlando shahridagi Ronaldo futbol akademiyasi maydonlarida o’tkazildi
Turnir o’yinlari 4-5 mart kunlari Orlando shahridagi Ronaldo futbol akademiyasi maydonlarida o’tkazildi

Maydondan tashqarida esa Qo’shma Shtatlardagi o’zbekistonliklar jamiyatlarining faollari boshqa mavzuda bahslashib, mulohaza yuritdi.

“Albatta asosiy mavzu millatga xizmat, millatni kelajagi, yoshlarni kelajagi. Amerikadagi o’zbeklarni qanday qilsak birlashtiramiz. Va bu yerda voyaga yetayotgan avlodni qanday qilib muvaffaqiyatlarga olib chiqamiz. Mavzu shu - qanday qilib millatni birlashtirish”, - deydi Sharipov.

Tashkilotchilarga ko’ra, turnir ularni ana shu va boshqa maqsadlar sari yana bir qadam yaqinlashtirgan.

Turnir o’yinlari 4-5 mart kunlari Orlando shahridagi Ronaldo futbol akademiyasi maydonlarida o’tkazildi. Unda Illinoys, Pensilvaniya, Nyu-Jersi, Kaliforniya, Delaver, Ogayo, Missuri, Tennesi, Nyu-York va Floridadan kelgan futbol jamoalari qatnashdi.

“Men o’zim Toshkentdan, “Ko’kcha mahallasidan. Bu turnirni Nyu-Yorkka ko’chganimdan keyin o’rtoqlarim orqali bilganman. Bizlar bu yoqqa kelib o’zbekchilik, kimligimizni ozgina esdan chiqarib qo’yamiz. Mana shunaqa turnirlar orqali hammamiz yigilishib, gaplashib kimligimizni eslaymiz. Biz o’zbekmiz-ku”! - deydi Qurbonov.

“Bu o’yinlar eng avvalo millatimizni birlashtirmoqda. O’zim Qozog’istondanman, biroq o’zbekman,”- deydi Alisher Shoislomov.

“Biz to’rt yildan beri qatnashamiz. Amerikaga kelganimga besh yil bo’ldi. O’zbekistonda bo’lganimda Internet orqali sizlarning tarmoq orqalimi, qayerdandir ko’rib havas qilgandim. Mana kelib o’zim ham turnirda qatnashib turibman”, - deydi turnir ishtirokchisi Suhrob G’ulomov.

“Albatta xursandman. Aka-ukalar, do’st-birodar ortiramiz. Orlandoga biz Nyu-Yorkdan keldik. Xudo xohlasa, nasib qilsa Tennisiga ham boramiz. O’sha yerda siz bilan ko’rishib u yerda ham intervyu berishga niyat qilaman”.

"Navro'z kubogi" bahonasida vatandoshlar diydorlashadi, yetakchilar turli loyihalarni muhokama qiladi
"Navro'z kubogi" bahonasida vatandoshlar diydorlashadi, yetakchilar turli loyihalarni muhokama qiladi

Turnirdagi jamoalarning asosiy tarkibi o’zbekistonlik immigrantlardan tashkil topgan.

Qoidaga ko’ra, har bir guruh ikkitagacha boshqa diasporalar vakillarini ham o’yinlarga jalb qilishi mumkin. Bu esa o’zbekistonliklar jamiyatini Amerikadagi boshqa xalqlarga tanitadi.

“Mening o’zbek do’stlarim ko’p. Lekin jamiyat tadbirida ilk bor qatnashishim. Muhit menga yoqdi. Bu yerda hamma bir-biriga mehribon, bir-birini qo’llarkan. Taomlari ham juda mazzali. Odamlar meni yaxshi qarshiladilar”, - deydi asli gaitilik Markes Michel.

“O’zbekistonliklar jamiyati a’zolari bilan vaqtimni maroqli o’tkazyapman. Bu tez o’sayotgan jamiyat. Men O’zbekistonni Imom Buxoriy tufayli yaxshi bilaman. Har birimiz al-Buxoriying “Sahih hadislari”ni o’qiganmiz. Shuning uchun ham barcha musulmonlar Imom al-Buxoriy O’zbekistondan ekanligini bilishi kerak”, - deydi Orlandoda yashaydigan asli efiyopalik Sayid Geda.

Bunday do’stona muhit chindan o’yin maydonidan tashqarisida hukm surardi.

Maydonga tushgach esa barchalari shiddatli va mahoratli o’yin ko’rsatishga oshiqardi.

G’olibni aniqlash uchun ham, bu do’stlikni buzmaslik uchun ham qoidalar aniq bo’lishi shart. Bu vazifaga turnir asoslangandan buyon Grigoriy Safyan boshchiligidagi jamoa mas’ul.

“Futbol turniri professional mini futbol o’yinlari qoidalari asosida o’tyapti. Uchala hakamlar Orlandodan, ular Orlandodagi professional ligalar o’yinlarida hakamlik qilishadi. Vazifalarini yaxshi bajarishyapti. Ammo har qanday o’yinlarda uchragani kabi, hatto xalqaro kategoriyadagi hakamlar ustidan ham arz qilishgani kabi, bizda ham ayrim shikoyatlar bo’ldi. Bu normal jarayon,”- deydi turnir texnik direktori Safyan.

“Navruz kubogi-2023” futbol turniri final o’yinini Nyu-Jersi shtatining “UZB FC” jamoasi yutib, 1-o’rin va bosh sovrin sohibi bo’ldi. 2-o’rin Missurining “KC Lochinlar”, 3- o’rin mezbon “Toshkent” jamoasiga nasib qildi.
“Navruz kubogi-2023” futbol turniri final o’yinini Nyu-Jersi shtatining “UZB FC” jamoasi yutib, 1-o’rin va bosh sovrin sohibi bo’ldi. 2-o’rin Missurining “KC Lochinlar”, 3- o’rin mezbon “Toshkent” jamoasiga nasib qildi.

Turnir davomida keskin vaziyatlarga boy o’yinlar ko’p bo’ldi. Samad Rahimov oldingi turnirlarda o’zi maydonda to’p surgan, bunisida esa asosan yoshlardan tuzgan jamoasini olib kelgan.

“Har bir turnirning o’z ob-havosi bo’lgani kabi yildan-yilga mana shu turnirlarda o’yinning tempi kuchayib ketyapti. Mana bu turnirga kelgan komandalar hisobini olsak ularning hammasi yutaman deb bu yerga kelgan”,- deydi Samad Rahimov, “Marakanda” futbol jamoasi murabbiyi.

Ehtiroslar va har bir gol uchun kurash jamoalar maqsadlari oliy sovrin ekanligini eslatib turardi. Ana shu shiddat noxushliklarga aylanmasin deb bu turnirda maydon chetidan Olim Tilloyev nazoratchilik qilmoqda. U 20 yil oldin O’zbekiston terma jamoasida va professional klublarida to’p surgan, hozir AQShda yashaydi.

“Futbol shunaqa qiziq o’yinda. Bolalar xohlaydi yutishni. Shuning uchun bu vaziyatda bahsli holatlar juda ko’p bo’ladi. Mening vazifam ana shu bahslarni bosib turish”, - deydi professional futbol vakili Olim Tilloyev.

Maydonga vatandoshlari futbolini ko’rishga kelganlar orasida Nyu-Yorkdan tortib Orlando tevaragidan kelganlarni ham uchratish mumkin edi. Floridada istiqomat qiladigan Sayidamin aka bu futbol bayramiga farzandi bilan kelgan.

“Men Orlandoga yaqin Stamford shahrida yashayman. Bugun o’glim Saidakrom bilan keldim. O’g’lim 16 yoshda. U hali maktabda o’qiydi va futbolga rosa qiziqadi.

Orlandoda mana shunday o’smir farzandlari bor oilalar rosa ko’p. Bu yerdagi Islom markazida futbol maydoni bor va u yerda har shanba kunlari ular yig’ilib futbol o’ynaydilar. Shunga bolalarimiz futbolga juda qiziqadilar.

O'zbekistonning AQShdagi elchisi Javlon Vahobov turnir ishtirokchilariga murojaat qildi
O'zbekistonning AQShdagi elchisi Javlon Vahobov turnir ishtirokchilariga murojaat qildi

Bu safar Orlandoda Navruz kubogi bo’yicha musobaqalar bo’lyapti. Juda yaxshi tashkillashtirishgan. Miriqib zo’r o’yinlarni ko’ryapmiz”, - deydi Sayidamin aka.

Qaysi shtat futbol jamoasi yaxshi o’ynayapti? Bu savolimizga 16 yashar Sayidakrom o’zbekona tarbiyasini ko’rsatib shunday javob berdi.

“Orlando, albatta! Orlandodaman-ku, Orlando deyishim kerak-da!” - deydi Sayidakrom.

Turnir Ramazon oyi boshlanishi arafasida o’tar ekan uning qatnashchilari Orlandodagi al-Buxoriy Islom markazida Imom Ilyosxon Toshxo’jayev uyushtirgan “Ramazon suhbatlari”ga taklif etildilar. Suhbat musobaqalarning birinchi kuni yakunida o’tkazildi.

Turnirga mezbonlik qiladigan tomon o’yingohlardan tortib turnir qatnashchilarini nonushta va kechki ovqatlargacha ta’minladi.

Orlando O’zbek-Amerika uyushmasi va Al Buxoriy Islom markazi rahbar va xodimlaridan boshlab talabalarigacha ikki kun davomida turnir tashvishi bilan band edi.

Jamiyat tashabbuslarini mahalliy biznes vakillari ham qo’llamoqda.

“Transport sohasida biznesimizni yuritamiz. Biz uchun o’zbekistonlikarning kengayib borayotgan jamiyati juda muhim ahamiyatga ega. Bizning jamiyat hayotida qatnashishimiz nafaqat jamiyatning balki o’zaro biznes hamkorligimizni o’sishiga xizmat qilishiga ishonamiz. O’zbekistonliklarni birlashish yo’lidagi tashabbuslarini homiylik tarzida qo’llashga burchlimiz deb o’ylayman. Va bu bizning bu jamiyat bilan hamkorlikdagi yagona loyihamiz emas. AQSh bo’ylab shunga o’xshash amalga oshirayotgan loyihalarimiz juda ko’p”, - deydi Mayk Dokich.

“Homiy ayniqsa ana shu kabi turnirlar vaqtida juda ham kerak bo’ladi. Sababi shtatlar oralig’idagi masofa juda ham katta”, - deydi turnir qatnashchisi.

Iftixor Rayimqulov olis Kaliforniyadagi o’zbekistonliklar jamiyati jamoasi “UzGalaxy” vakili.

U ushbu turnirda o’z jamoalari ishtirokini xohlayotgan Amerikadagi vatandosh tadbirkorlar ham borligidan mamnun.

“O’zimizning o’zbekistonliklar ochgan kompaniyalar bor. Ba’zilari kelib o’zlari homiylik qilamiz deyishadi.

Pensilvaniya shtatidagi o'zbek futbolchilari
Pensilvaniya shtatidagi o'zbek futbolchilari

Homiylik qilish uchun hech qanday shart qo’yganlari yo’q. Hamma [xarajatlarni] ular o’z bo’yniga olishgan. Bizdan faqat kelib o’ynab berish, xolos. Boshqa hammasini ular o’zlari ko’tarishadi.

Yutish yoki yutqazish muhim emas. Ular uchun kelib ishtirok etsak, yaxshi o’yin ko’rsatsak bo’ldi”, - deydi Rayimqulov.

“Navruz kubogi-2023” futbol turniri final o’yinini Nyu-Jersi shtatining “UZB FC” jamoasi yutib, 1-o’rin va bosh sovrin sohibi bo’ldi. 2-o’rin Missurining “KC Lochinlar”, 3- o’rin mezbon “Toshkent” jamoasiga nasib qildi.

“Olloh bizga omad beryapti. Avval 2021, keyin 2022-yil ketma-ket “Mustaqillik kubogi”da yutdik. Endi mana “Navruz kubogi”ni birinchi marta yutdik. Jamoamiz ba’zi o’yinlarni qiynalib o’tkazdi. Lekin biz juda qattiq harakat qilamiz”, - deydi g’olib jamoa kapitani Shahzod.

Turnir yakunida g’oliblar ham, unda faol ishtirok etganlar va tashkilotchilargacha esdalik sovg’alari bilan taqdirlandilar.

Nyu-Yorkdan kelgan futbolchilar
Nyu-Yorkdan kelgan futbolchilar

Musobaqalar yakunida yangrayotgan asosiy takliflar turnir geografiyasini o’zgartirishga undamoqda.

“Yildan yilga turnir qiziqroq o’tyapti. Hozir [Amerikada] bolalar va o’smirlar, kattalar va havaskorlar o’rtasida ham futbolga qiziqish ortgan. Shuning uchun kelasi yil turnirga qatnashuvchilar safi yanada kengayadi. Endi O’rta Osiyoning boshqa xalqlari jamolarini ham taklif qilishsa turnir yanada qiziqroq bo’ladi”, - deydi Alisher.

“Bunday qarasangiz boshlaganimizda sakkizta komanda bor edi. Hozir qarang 15 ta jamoa. Bilishimcha, yana bir jamoa qatnashmoqchi bo’lgan ammo kechikkan. Shuning uchun kelasi turnirda 16 ta jamoa ishtirok etishi kutilyapti. Undan ham ko’p bo’lishi mumkin. Chunki xohlovchilar ko’paymoqda”, - deydi Tilloyev.

Turnir yakunida keyingi yilgi “Navro’z kubogi” futbol turniri Tennesi shtati, Neshvil shahrida o’tkazilishi ma’lum qilindi.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG