Breaking News

Rossiya sudi amerikalik jurnalistni ozodlikka chiqarmadi


Amerikalik jurnalist Evan Gershkovich Moskva sudida, 18-aprel, 2023
Amerikalik jurnalist Evan Gershkovich Moskva sudida, 18-aprel, 2023

Bugun Moskvada amerikalik jurnalist Evan Gershkovich sud tomonidan qo'yib yuborilishi kutilgan edi, ammo josuslikda ayblangan muxbir hibsda qolishi e'lon qilindi.

31 yoshli Gershkovich, "Wall Street Journal" gazetasi xodimi, hatto uy qamog'ida qolishiga ham ruxsat berilmagan.

AQShning Rossiyadagi elchisi Linn Treysi kecha jurnalistni ko'rishga borgan va 18-aprel kungi sud tinglovida qatnashgan.

Davlat kotibi Entoni Blinken uni erkinlikka chiqarishga chaqirgan. Amerika hukumatiga ko'ra, Gershkovichning sog'lig'i yaxshi.

Yaponiyada safarda yurgan Blinken deydiki, Rossiya jurnalistni hech qanday asossiz ushlab turibdi.

Gershkovich o'tgan oy oxirida Yekaterinburgda, Moskvadan 1800 kilometr uzoqlikdagi sharqiy shaharda ish paytida hibsga olingan.

Prokuraturaga ko'ra, u josuslik qilayotgan paytda ushlangan. Rossiya hukumati amerikalikni harbiy inshootlar haqida axborot to'plaganlikda gumon qilmoqda.

Gershkovich ishlaydigan gazeta va AQSh hukumati bu ayblovlarni inkor etadi. Aybdor deb topilsa, jurnalist 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin.

Amerikalik jurnalist Evan Gershkovich Moskva sudida, 18-aprel, 2023
Amerikalik jurnalist Evan Gershkovich Moskva sudida, 18-aprel, 2023

Ikki hafta oldin Gershkovichning ota-onasi Ella Milman va Mixail Gershkovich, 1979-yilda Sovet Ittifoqidan chiqib ketgan va hozirda Filadelfiyada yashaydigan immigrantlar o'g'lidan qo'lda yozilgan ikki betli ruscha xat olgan.

“Umidni boy bermayotganimni aytmoqchiman. O'qiyapman, mashq qilayapman, yozishga urinayapman", - degan jurnalist.

Maktubda Gershkovich hatto onasining yaxshi pazanda emasligini hazilgan qilgan. “Onajon, afsuski, siz meni qamoqxona ovqatlariga yaxshi tayyorlagan ekansiz".

Ota-onasi farzandi yaqin orada vatanga qaytadi, degan umidda.

Milman xonim Amerika ahliga xos optimizm bilan yashashini, ammo Rossiyada o'g'liga nimalar qilishlari mumkinligini anglashini bildirgan.

Ona deydiki, Gershkovich Rossiyadan G'arb jurnalistlari chiqib ketar ekan, kimdir u yerdan axborot berishi zarur deb hisoblagan.

"O'g'lim Rossiyani sevadi, odamlarini ardoqlaydi", - deydi Milman.

Prezident Jo Bayden jurnalistning hibsda ushlab turilishini mutlaq noqonuniy holat deb biladi. Prezident Gershkovich ozod etilishi uchun barcha choralarni ko'rishga bel bog'laganini aytgan. Bayden deydiki, muxbir garovda ushlab turilibdi.

Amerika hukumati o'tgan yilning boshidan beri fuqarolaridan Rossiyaga bormaslikni so'rab, u yerdagilarni mamlakatni tark etishga undab keladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG