Breaking News

Arizonada yangi mis koni Apachi qabilasini yeridan ayirishi mumkin


Arizona shtati yirik mis zaxiralariga ega. Hukumat yangi bir kon ochish uchun tog’li bir joyni xususiy kompaniyaga bermoqchi, ammo bu joyni muqaddas deb biladigan Apachi qabilasi loyihaga qarshi. Tortishuv 10 yildan beri davom etayapti.

Tonto milliy qo’riqxonasining Ouk-Flet deb nomlangan hududida G’arbiy Apachi qabilasi azaldan o’z diniy marosimlarini o’tkazadi, dorivor o’simliklarni yig’adi.

Hududga egalik qiluvchi AQSh hukumati “Rio Tinto” kompaniyasiga bu yerda mis konini qazishga ruxsat bergan. “Apachi Stronghold” nohukumat tashkiloti loyihani sud orqali to’xtatishga harakat qilmoqda.

“Xalqimiz, qabilamiz bu joyda azaldan yashab kelgan va bu joylarni muqaddas deb bilamiz”, - deydi tashkilot rahbari Vendsler Nouzi.

Apachi qabilasi 1852-yilgi shartnomaga ishora qilib, Ouk-Flet hududini hukumat 160 yildan beri noqonuniy egallab kelayotganini aytadi. Masala, deydi qabila advokati, diniy erkinlikka ham aloqador.

“Muqaddas joyni berib yuborib, tubjoy aholini diniy amaliyotlaridan to’xtatish – bu ularning diniy erkinliklarini toptashdir”, - deydi Lyuk Gudrich.

“Rio Tinto” kompaniyasiga ko’ra, yangi mis koni Arizonada ish o’rinlari yaratadi, shtat iqtisodiyoti bundan foyda ko’radi.

Kompaniya qabilalar va mahalliy aholi bilan maslahatlashuv natijasida loyihaga katta o’zgartirishlar kiritilganini qayd etmoqda. Madaniy meros, ta’lim, iqtisodiy taraqqiyot, atrof-muhit – hammasi hisobga olingan, deydi kompaniya vakillari.

Taklif etilayotgan kon Superior shahriga yaqin. Shahar savdo-palatasi rahbari loyihani ortiq kechiktirib bo’lmasligini aytadi.

“Bu konning ochilishi va ishga tushishini kutayapmiz. 10 yildan buyon hukumat, qabilalar va shahar ma’muriyati bilan muzokara qilayapmiz”, - deydi Rik Kartyer.

Superiorda aholining chorak qismi qashshoqlik chegarasida yashaydi. Shahar hokimi Mila Besich loyihani yaxshi sarmoya deb hisoblaydi.

“Mahalliy nohukumat tashkilotlarni quvvatlash, oziq-ovqat markazlarini ta’minlash, marketing dasturlari, infratuzilma va parklar – shu kabi barcha sohalarda konchilik kompaniyasi bizga yordam berib kelayapti”, - deydi mer.

Yangi kon ochish atrof-muhitga, ichimlik suviga qanday ta’sir qilishini o’rganib chiqish uchun Bayden ma’muriyati loyihani kechiktirgan. Bundan tashqari, apellyatsiya sudi loyiha amalga oshishi Apachi qabilasining diniy erkinliklarini toptashi haqidagi da’voni ko’rib chiqmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG