Breaking News

Tub aholi vakili AQSh xazinachisi bo'ldi


Marilin Malerba AQSh xazinachisi sifatida ishini boshlar ekan, Moliya vazirligida aynan tub aholi masalalari bilan shug'ullanadigan idora ham ochilmoqda

AQSh rahbari Jo Bayden tub aholi vakilini mamlakat xazinachisi lavozimiga tayinladi. Marilin Malerba Moliya vazirligidagi bu lavozimga kirishar ekan, Oq uy yana bir yangilikni e'lon qildi: vazirlikda endi aynan tub aholi masalalari bilan shug'ullanadigan idora ish boshlaydi.

Amerika xazinachisi davlat pulini bosadigan inshootlarni boshqaradi, uning imzosi AQSh dollariga muhrlanadi va bu lavozimdagi odam vazirlik va markaziy bank orasidagi vositachi, shuningdek, iste'molchilar bilan bog'liq siyosat amaliyotiga bosh-qosh.

“Men kabi insonlarning so'zini eshitishayotganidan bag'oyat xursandman. Bu vazifa men uchun sharaf va uni sidqidildan ado etishga tayyorman", - deydi Malerba.

Malerba - Mohigan hindu qabilasi vakili va uning bir umrli yetakchisi. Bir paytlar hamshiralik qilgan, keyinchalik esa qabila ma'muriyatida turli yo'nalishlarda ishlagan.

Mohigan qabilasining markazi Konnektikut shtatining Unkasvil shahri bo'lib, u Temza daryosi bo'yida joylashgan.

"Tarixda ilk bor qabila vakili va tub aholidan chiqqan ayolning imzosi pulimizda aks etadi, - deydi Moliya vaziri Janet Yellen. - Malerba bizni qabilalarga yaqinlashtirib, ularning iqtisodiy ahvolini tuzatish yo'lida xizmat qiladi. Amerika xalqining bu qismi uchun imkoniyatlar ochishimiz va sharoitni yaxshilashimiz kerak".

Bu yil Kongress ma'qullagan iqtisodiy yordamdan 30 millard dollardan ziyodi hindu qabilalarga ajratilgan. Qabilalar esa eng kambag'al qatlam ichida.

Xususan, Rouzbad Siu qabilasining 59 foizi qashshoqlikda kun kechiradi. AQSh hukumatiga ko'ra, koronavirus pandemiyasidan eng ko'p aziyat chekkanlar orasida ham tub aholi ajralib turadi. Qabilalarda narkomaniya va alkogolizm ham keng tarqalgan.

Richmond universitetidan professor Karl Tobias deydiki, federal hukumat shu paytgacha bu masalalalar bilan yaqindan shug'ullanmagan.

Tub aholi muammolarini o'rgangan ekspertlar qayd etishicha, bu masalalarga qaraygan federal va shtat idoralari bo'lsa-da, qashshoqlik sabablariga qarshi kurash sust. Tobias taxminicha, Malerba boshchiligida ildam qadamlar tashlanishi mumkin.

“G'arbiy shtatlarda tub aholi saylovda muhim rol o'ynaydi", - deya qo'shimcha qiladi mutaxassis.

AQShda hozir aholi soni 332 milliondan oshgan. Undan 10 millionga yaqini o'zini hindu qabilalardan deb biladi. Bundan sakkiz millioni saylash huquqiga ega, ammo uning katta qismi saylovchi sifatida ro'yxatdan o'tmagan.

Oq uy shu yilning mart oyida chiqargan hisobotda ta'kidlanishicha, tub aholi orasida siyosiy partiyalarga qiziqish past va siyosiy lavozimlarga nomzodlarga qo'yadigan asosiy talabi - qabilalar hayotini yaxshilash.

Bayden prezidentligida qabilalardan bir necha vakil yuqori mansablarni egalladi. Ulardan biri Deb Haaland Tabiiy va madaniy boyliklar vaziri. Yana uch vakil, hammasi ayollar, federal sudyalar.

Bayden fikricha, har yili oktabr oyida Xristofor Kolumb kuni deb nishonlanadigan bayram aslida tub aholi o'tmishi va buguniga bag'ishlanishi kerak.

Haaland yetakchiligida Amerikaning tarixiy maktablari tekshirilib, u yerda qabilalarning bolalari ezilgani, ularning madaniyat va o'zliklarini o'zgartirishga harakat qilingani haqida ma'lumotlar berildi. Senat shu kunlarda bu boradagi hisobotlarni muhokama qilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG