Breaking News

"Polygraph.info": Kreml Ukraina rasmiysining izohini noto'g'ri talqin qilmoqda


Yaqinda Rossiya Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Mariya Zaxarova Ukraina parlamentidagi “Xalq xizmatkori” partiyasi fraksiyasi yetakchisi David Araxamiyaning Ukraina televideniyesiga bergan intervyusiga munosabat bildirdi.

Zaxarovaning da’vo qilishicha, Araxamiya intervyuda Britaniyaning sobiq bosh vaziri Boris Jonson 2022-yilda Kiyevga tashrifi chog'ida Ukrainani Rossiya bilan tinchlik shartnomasini imzolamaslikka majbur qilganini ta’kidlagan.

“Bu shubhasiz shuni ko’rsatadiki, Ukraina o’sha vaqtda Turkiyada boʻlib turgan Rossiya-Ukraina muzokaralarini “buzish” uchun 2022-yilning mart oyida Bucha shahridagi qirgʻinni uyushtirgan”, - deydi Zaxarova.

“Joriy yilning 25-noyabr kuni Oliy Radadagi “Xalq xizmatkori” partiyasi fraksiyasi rahbari David Araxamiyaning “1+1” telekanaliga bergan intervyusiga e’tibor qaratdik. 2022-yil mart oyi oxirida Istanbulda boʻlib oʻtgan muzokaralardan soʻng Kiyevga Rossiya bilan tinchlik shartnomasini imzolashni taqiqlagan va Rossiyaga qarshilikni davom ettirishni talab qilgan aynan Buyuk Britaniyaning sobiq bosh vaziri Boris Jonson bo’lgan. Araxamiyaning so’zlari shundan dalolatki, Buchadagi spektakl Kiyev tomonidan muzokara jarayonini buzish uchun ataylab bahona sifatida uyushtirilgan”, - dedi Zaxarova.

"Amerika Ovozi"ning POLYGRAPH.info faktlarni tekshirish tarmog'i xulosasiga ko’ra, Zaxarovaning Araxamiya so’zlari borasidagi va Bucha qirg’ini haqidagi talqini haqiqatni buzib ko’rsatuvchi, chalg’ituvchi talqindir.

G‘arb mustaqil ommaviy axborot vositalari va Ukraina rasmiylari Buchadagi qirg‘inni to‘liq o‘rganib chiqqan va buni Rossiya qo‘shinlari amalga oshirgan degan xulosaga kelgan.

Urush boshlanganidan bir necha kun o’tib, Rossiya va Ukraina o‘rtasida muzokaralar bo’lib o’tdi. Avval Belarus, keyin Istanbulda, so’ng esa muzokaralar umuman to’xtab qoldi.

Araxamiya intervyuda shuni bildirdiki, Moskva muzokaralarda Ukrainadan NATOga qo'shilish rejasidan voz kechishni, neytral qolishni talab qilgan. Araxamiya Belarus va Turkiyada bo’lib o’tgan tinchlik muzokaralarida Ukraina delegatsiyasi tarkibida bo’lgan.

“Bir vaqtlar Finlyandiya qilgan kabi neytral qolishga rozi bo’lsak va NATOga qo’shilmasakka va’da bersak, ular urushni to’xtatishga rozi edi”, - dedi rasmiy intervyusida.

Uning ta'kidlashicha, Ukrainaning NATOga qo’shilishga doir maqsadlari konstitutsiyada yozilgan. Agar NATOga kirishdan voz kechilsa, konstitutsiyaga ham o'zgartirishlar kiritish kerak bo’ladi. Bundan tashqari Araxamiya Rossiyaga ishonib bo’lmaslikni bildirgan.

“Ruslarga ishonch yo'q, bo’lmagan ham. Xavfsizlik kafolati bo’lsagina amalga oshirish mumkin edi", - degan fraksiya rahbari.

Uning aytishicha, Jonson 2022-yilning aprelida Kiyevga qilgan safari chog‘ida Ukraina rahbariyatiga Rossiya bilan umuman hech qanday hujjat imzolamaslik va faqat kurashish kerakligini bildirgan.

“Lekin bu shunchaki maslahat bo’lgan, buyruq emas. Ukrainaning Rossiya bilan muzokaralari AQSh yoki boshqa G'arb mamlakatlari tomonidan boshqarilmagan. “Biz maslahatlashdik, albatta, chunki biz urushda o'zimiz g’olib chiqa olmasligimizni bilardik, shu sabab ular bilan bu borada maslahatlashishimiz kerak edi. Ular vaqtinchalik xavfsizlik kafolatlariga ishonmaslikni maslahat berishdi", - dedi Araxamiya.

“Bucha qirg'inini Kiyev uyushtirgan" degan da'voni Rossiya rasmiylari birinchi marta ilgari surayotgani yo’q.

Ukraina va xalqaro tekshiruvchilar rus qo'shinlari Bucha aholisini o’ldirganiga doir hujjatlar to’plagan. Jasadlar qoʻllari bogʻlangan holda topligan. Murdalarda qiynoqqa solinganiga doir izlar bo’lgan. Tergovchilar, shuningdek, qotilliklarga aloqador bo‘lgan o‘nlab rossiyalik harbiylarni ham aniqlab, ularning nomlarini e’lon qilgan.

Bucha 5-31-mart kunlarida rus qo'shinlari nazorat ostida bo’lgan. Ukraina qo‘shinlari shaharchani 1-aprel kuni qaytarib olgan. Shundan so‘ng xalqaro axborot agentliklari u yerda tinch aholining qirg’in etilishiga doir foto va videolar chop eta boshladi.

Ko’chalarda fuqaro kiyimidagi 30 dan ortiq odam jasadi topilgan. Yana 67 ta jasad cherkov yaqinidagi ommaviy qabrdan qazib olingan. Ukraina politsiyasi sud-tibbiy ekspertizasi 67 qurbonning 40 nafari tinch aholi bo’lganini aniqlagan. O‘nlab qurbonlarning boshi va tanasida o‘q izlari aniqlangan.

Nyu-Yorkda joylashgan “Human Rights Watch” nodavlat tashkiloti Bucha qaytarib olingandan so’ng shaharda tekshiruv o’tkazgan.

“Rossiya kuchlari chiqib ketgandan so’ng 4-10-aprelda Buchada ishlagan kuzatuvchilar noqonuniy qatllar, qiynoqlarga oid dalillar topdi. Bu urush jinoyatlari va insoniyatga qarshi jinoyatlardir”, - deydi tashkilot.

“Reuters” jurnalistlari Buchada 21 kun bo’lib, 90 nafardan ortiq mahalliy aholi vakillaridan intervyular olgan, mahalliy aholi olgan fotosuratlar va video dalillarni ko'rib chiqqan. Axborot agentligi ishg’olda ishtirok etgan rus askarlari va harbiy bo’linmalarini aniqlagan.

Xalqaro Amnistiya tashkilotining tekshiruvi natijalariga ko'ra, Bucha Rossiya nazorati davrida eng ko’p harbiy jinoyatlar sodir etilgan hudud.

2022-yilning noyabr va dekabr oylarida “Associated Press” va “The New York Times” nashrlari Buchada olib borgan bir oylik tekshiruvlarining natijalarini e’lon qildi. Tekshiruv video kuzatuvlar, ruslarning telefon suhbatlari, guvohlar bilan intervyularni o’z ichiga oladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG