Breaking News

AQShning Shimoliy Mariana Orollari Xitoy uchun vizasiz ochiq, ammo qarshilik kuchli


Saypan - Shimoliy Mariana Orollarining eng kattasi
Saypan - Shimoliy Mariana Orollarining eng kattasi

Shimoliy Mariana Orollari – Tinch okeanida AQShga tegishli hudud. Xitoyliklar unga 14 kunga vizasiz kira oladi. Kongress bu imkoniyatni bekor qilmoqchi.

Shimoliy Mariana – Vashingtondan o'ta olisda joylashgan Amerika. Go’zal va g’aroyib orollar jamlanmasi.

2019-yildan beri unga Xitoy fuqarolari ikki haftaga bemalol kirib chiqa oladi. Turizmdan yaxshigina daromad keladi.

Shimoliy Mariana gubernatori Arnold Palasiosga ko’ra, vizasiz imkoniyat – Xitoy uchun ochiq darvoza, qulay.

“Pandemiyadan oldin sayyohlarning 45-48 foizi Xitoydan kelar edi. 185 ming mehmon”, - deydi Palasios.

Respublikachi qonunchi Nil Dan nazarida esa bu imkoniyatdan Xitoy fuqarolari noqonuniy ishlash uchun foydalamoqda. Qoradori savdosi keng.

Xitoy, deydi Dan, hududni harbiy razvedka uchun ham qo’llamoqda.

“Sinab ko’rdik, vizasiz kirib-chiqishdan asosan Xitoy huzur ko’rmoqda”, - deydi kongressmen.

Shimoliy Mariana orollari - uzoq Amerika
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:58 0:00

Ichki xavfsizlik vazirligiga yo’llagan maktubida Dan va yana 31 qonunchi Shimoliy Mariana Orollariga Xitoy fuqarolari ham viza orqali kelishi lozimligini uqtiradi. Bayden ma’muriyati bu masala yuzasidan qanday pozitsiyada ekani mavhum. Vazirlik hozircha jim.

Palasios deydiki, hududga noqonuniy kirib keladiganlar oldindan bor. Shimoliy Mariana Orollari orqali ular boshqa joylarga ham o’tishadi. Qo’lga tushadiganlar ko’p, sudga tortiladi. Taqiqlar joriy etilgan.

Bu tomonlarda harbiy bazalar bor, strategik inshootlar yaqin, deydi gubernator, xavotirlar o’rinli.

Yaqinda Palasios Vashingtonga kelib, Bayden ma’muriyatidan Xitoy fuqarolari uchun tartibni yangilashni so’radi.

Federal hukumat elektronik tekshiruvni mustahkamlamoqda, biroq vizasiz sayohatni bekor qilish borasida qadamlar tashlamoqchi emas.

Kongressmen Dan fikricha Oq uy vaziyatni tushunmayapti.

“Bu noto’g’ri. Amerika hududiga hech kim bemalol kirib kela olmasligi kerak. Viza talab qilinsin, hatto sayyoh bo’lsangiz ham”, - deydi u.

Shimoliy Mariana Orollari gubernatori Arnold Palasios "Amerika Ovozi" bilan suhbatda
Shimoliy Mariana Orollari gubernatori Arnold Palasios "Amerika Ovozi" bilan suhbatda

Palasios Shimoliy Mariana Orollari Xitoyga qaram bo’lmaydi, deydi. Sayyohlarni Koreya, Yaponiya va Tayvandan ham jalb qilsh mumkin.

Xitoy pandemiyada yopilib qolganida Shimoliy Mariana Orollari ulkan zarar ko’rdi.

Hudud iqtisodiyotini taraqqiy ettirish kerak.

“Hozirga kelib, tizimimizni isloh qilishimiz zarurligini anglaganmiz va biror davlatga daromad uchun tobe bo’lmaymiz”, - deydi u.

Amerikaning eng olisdagi qismlaridan biri shu tariqa ham turizm sohasini yangilamoqchi, ham o’z xavfsizligini mustahkamlamoqchi. Vashington esa qaror qilishga shoshmayapti.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG