Breaking News

Tahlilchilar: Shimoliy Koreya-Rossiya harbiy hamkorligi - global xavfsizlikka tahdid


Shimoliy Koreya rahbari Vladivostokda yadroviy bomba bilan ucha oladigan samolyotlarni ko'zdan kechirmoqda, 17-sentabr, 2023
Shimoliy Koreya rahbari Vladivostokda yadroviy bomba bilan ucha oladigan samolyotlarni ko'zdan kechirmoqda, 17-sentabr, 2023

2023-yilda Shimoliy Koreya va Rossiya oʻrtasida yangilangan harbiy hamkorlik global xavfsizlikka tahdidlarni kuchaytirishi mumkin, deydi tahlilchilar.

Rossiya Ukrainaga bostirib kirganiga yaqin orada ikki yil to’lar ekan, Moskva qurol-yarog‘ zaxirasini to‘ldirishda yordam so‘rab, Shimoliy Koreyaga murojaat qildi. Buning evaziga Rossiya Pxenyanga lozim qurollar, jumladan ayg‘oqchi sun’iy yo‘ldoshni ishlab chiqishda yordam taklif qilgan.

28-noyabr kuni Shimoliy Koreya bir hafta oldin orbitaga chiqargan sun’iy yo‘ldoshi AQShning Norfolk harbiy-dengiz stansiyasi, Nyuport Nyus kemasozlik zavodi, Oq uy va Pentagon kabi muhim inshootlarini suratga olganini ma’lum qildi.

Janubiy Koreya razvedkasining xulosasi shuki, Pxenyan bu yo‘ldoshni Rossiyaning texnologik yordami tufayli fazoga chiqara olgan. Janubiy Koreya qonunchilari bu haqda razvedkadan noyabr oyi oxirida hisobot olgan. Uning may va avgust oylarida sun’iy yo’ldoshni uchirishga urinishlari muvaffaqiyatsiz kechgan edi.

Shimoliy Koreya tomonidan sun’iy yo‘ldosh uchirilishini Hind-Tinch okeani davlatlari, jumladan, Tayvan va Avstraliya, shuningdek, Britaniya, Fransiya va Ukraina kabi Yevropa davlatlari o‘z milliy xavfsizligiga tahdid deb baholamoqda.

Vostochniy kosmodromi, 13-sentabr, 2023
Vostochniy kosmodromi, 13-sentabr, 2023

“Rossiyalik hamkasblarimiz Shimoliy Koreya rejimi manfaatlarini ko‘zlab ish tutayotgani bizni xavotirga solmoqda”, — degan Fransiya Tashqi ishlar vaziri Ketrin Kolonna 23-noyabr kuni Pekinda Xitoy Tashqi ishlar vaziri Van I bilan uchrashuvi yakunida.

Uning ta’kidlashicha, bu harakatlar “BMT Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyalariga zid ravishda mintaqada beqarorlashtiruvchi faoliyatni keltirib chiqarmoqda”.

Xitoy Pxenyanning sun'iy yo'ldosh uchirishini ham, Shimoliy Koreya va Rossiya o'rtasidagi qurol-yarog' bitimini ham qoralamagan. Vashington va Seulning takroriy so’rovlariga qaramasdan, Pekin Shimoliy Koreyaning xavfli xatti-harakatlarini jilovlash uchun o'z ta'siridan foydalanmaydi.

2018-2021 yillar AQShning Seuldagi elchixonasida missiya rahbari o’rinbosari bo’lib ishlagan Robert Repsonning aytishicha, Xitoy Pxenyan olib borayotgan siyosatni o’ziga tahdid deb ko’rmaydi.

"Aksincha, bunday vaziyatni Pekin o’z pozitsiyasi va AQSh, Janubiy Koreya va Yaponiyaga nisbatan siyosati uchun foydali deb biladi", - deydi u.

AQSh elchisi Linda Tomas-Grinfild BMT Xavfsizlik Kengashining 27-noyabr kungi yig‘ilishida aytishicha, Pxenyan taqiqlangan ballistik raketa texnologiyasidan foydalangan holda sun’iy yo‘ldoshni uchirgani “yadroviy qurolni mo’ljalga yetkazish tizimlarini rivojlantirishning bir qismidir”.

Harbiy-dengiz kuchlari tahlil markazi xodimi Ken Gauz fikricha esa Moskva Pxenyanga "Xvason-18" qit’alararo ballistik raketalarini yuksaltirish uchun “yordam berishga tayyor”.

Dekabrda Shimoliy Koreya qit'alararo ballistik raketaning 2023-yilda beshinchi sinovini o'tkazdi. Mamlakat televideniyesi raketa "Xvason-18" ekanligini tasdiqlagan.

Pxenyan “katta ehtiyoj sezayotgan” boshqa qurollar - ilg’or qiruvchi uchoqlar va havo mudofaa tizimlari, deydi Garri Samor, Obama ma'muriyati davrida Oq uyning qurol nazorati va ommaviy qirg'in qurollari bo'yicha sobiq koordinatori.

Uning ta'kidlashicha, Pxenyan AQSh va Janubiy Koreya havo harbiy kuchlarining havodagi ustunligidan o’zini mudofaa qilish maqsadida "juda eskirgan" havo-harbiy mudofaa qobiliyatini yangilamoqchi.

Shimoliy Koreya va Rossiya o‘rtasidagi qurol-yarog‘ bo‘yicha kelishuvlar mamlakat yetakchisi Kim Chen Unning Rossiyaga sentabr oyida qilgan tashrifi va prezident Vladimir Putin bilan uchrashuvi ortidan kuchaygan ko’rinadi.

Kim Chen Un 16-sentabr kuni Komsomolsk-Amur shahridagi qiruvchi samolyotlar ishlab chiqarish zavodiga, bir kun o’tib esa Vladivostokdagi Knevich havo bazasi va Tinch okeani flotiga tashrif buyurgan.

Oq uy ma'lumotlariga ko'ra, Pxenyan 2022-yildayoq Ukrainadagi urushda ishlatish uchun Rossiyaga artilleriya snaryadlarini yetkazishni boshlagan. 2023-yilning yanvarida Oq uy bu qurollar Rossiyaga qanday yetkazilganini aks ettiruvchi, sun'iy yo'ldosh yordamida tasvirga olingan suratlarni ommaga ko’rsatdi.

13-oktabr kuni esa sun’iy yo‘ldosh orqali qo’lga kiritilgan navbatdagi suratlar e’lon qilindi. Oq uyga ko’ra, Shimoliy Koreyaning Najin portidan harbiy texnika va o‘q-dorilar ortilgan 1000 dan ortiq konteynerlar Rossiya tomon yo’l olgan.

Jorj Bush maʼmuriyatida Sharqiy Osiyo va Tinch okeani masalalari boʻyicha bosh kotib yordamchisi bo’lgan Evans Reverning aytishicha, sanksiya rejimini buzgan holda Moskva va Pxenyan qurol-yarogʻ bilan savdo qilayotgani “jiddiy masala”.

"Yagona savol shundaki, BMT Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyalari naqadar ochiqchasiga va jiddiy buzilayapti",- deydi Rever.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG