Breaking News

AQSh-Xitoy aloqalarini tebratayotgan mavzular, yarim asrlik tarix


AQSh-Xitoy munosabatlarining murakkab tarixi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:08:36 0:00

Havo sharidan tortib “Tiktok” ilovasini taqiqlashgacha, savdo urushidan tortib mikrosxemalar bozoridagi raqobatgacha, AQSh-Xitoy munosabatlari murakkabligicha qolmoqda. O’zaro aloqalarning 50 yillik tarixiga nazar tashlaymiz.

Shu yilning fevral oyida Montana shtati uzra sirli oq shar uchib o’tgani AQSh-Xitoy munosabatlarini sinovdan o’tkazdi.

Bayden ma’muriyati sharni Xitoyning josuslik vositasi, deya raketa bilan urib tushirdi. Pentagonga ko’ra, shar Malstrom harbiy bazasidagi yadroviy raketa shaxtalari ustidan uchib, razvedka ma’lumotlarini to’plagan. Xitoy esa uni ob-havo shari deb ta’rifladi.

Voqea siyosiy janjalga sabab bo’ldi. AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken Pekinga safarini bekor qildi. Xitoy AQSh reaksiyasini “isteriya va bema’nilik” deb tanqid qildi.

Bu ikki davlat orasidagi birinchi diplomatik nizo emas.

1953-yilda Koreya urushi sulh bilan yakunlanganidan ko’p o’tmay, Mao Tsedunning Xitoy Xalq Respublikasi va Chan Kayshining Tayvanga surgun qilingan hukumati o’rtasida janglar boshlangan. AQSh Tayvan tomonida bo’lib, 1954-yilda o’zaro mudofaa bitimi imzolangan. Yillar davomida Vashington-Pekin munosabatlari tarang bo’lgan.

1960-yillar oxirida vaziyat o’zgardi. Xitoy va Sovet Ittifoqi o’rtasidagi diplomatik munosabatlar chegara inqirozi tufayli barbod bo’lgach, Vashington va Pekin yangi umumiy dushmanni topgandek edi.

Pekin va Moskva bir-biridan uzoqlashishini Amerika rasmiylari imkoniyat deb ko’rgan. 1969-yilda Prezident Richard Nikson Xitoy bilan muzokara qilish haqida gap ochgan.

1971-yilda Xitoy stol tennis jamoasi amerikalik sportchilarni o’yinga taklif qildi. Ular 1949-yildan beri Xitoyga kiritilgan birinchi amerikaliklar edi. 71-yilning iyulida AQSh Davlat kotibi Genri Kissinjer Xitoyga yashirin safar qilgan. Uning ketidan 1972-yilda

Prezident Richard Nikson Xitoyga tashrif buyurib, Mao bilan uchrashgan. Keyinroq Bosh vazir Chjou Enlay bilan Shanxay kommyunikesi imzolangan. Ushbu hujjat AQSh-Xitoy diplomatik aloqalari uchun poydevor bo’lib, Tayvan kabi murakkab masalalarni hal qilish mexanizmini yaratib bergan.

Munosabalar Prezident Jimmi Karter va Xitoy rahbari Den Syaopin davrida yaxshilanib bordi va 1980-yillarda Prezident Ronald Reygan davrida ham rivojlanishda davom etdi.

1989-yilning iyunida minglab talabalar demokratik islohotlarni va hukumat korrupsiyasiga qarshi kurashishni talab qilib, Pekindagi Tiananmen maydonida tinch namoyishga chiqadi. Xitoy hukumati maydonni tozalash uchun harbiy qo’shin jo’natib, yuzlab namoyishchilar halok bo’ladi. AQSh o’shanda Pekinga qurol sotishni to’xtatgan va munosabatlarni muzlatib qo’ygan.

1993-yilda Prezident Bill Klinton, Xitoy inson huquqlari faoli va siyosiy mahbus Vey Shinjenni ozod etganidan so’ng, konstruktiv hamkorlik siyosatini e’lon qildi. Ammo faolning ozod bo’lishi bir yilga ham yetmadi. Xitoy 2000-yilgi Olimpiada o’yinlariga mezbonlikni qo’lga kirita olmagach, Vey qayta hibsga olindi. 1997-yilda ozod etilib, AQShga deportatsiya qilingan va o’shandan buyon Xitoy hukumatining ashaddiy tanqidichi bo’lib qolmoqda.

1999-yilda AQSh-Xitoy aloqalari yanada sovuqlashdi. Kosovoni bosib olgan serb kuchlariga qarshi NATOning havo hujumlari paytida AQSh samolyoti tasodifan Xitoyning Belgraddagi elchixonasiga bomba tashlagan. Voqeada xitoylik uch jurnalist halok bo’lgan. AQSh va NATO uzr so’rashiga qaramasdan, Amerikaning Pekindagi elchixonasini namoyishchilar o’rab olib, xodimlar to’rt kun davomida qamalda qolgan.

2000-yilda Klinton AQSh-Xitoy munosabatlari to’g’risida qonun imzolashi ikki mamlakat o’rtasida savdo aloqalarini nomallashtirdi. Bu Xitoyning keyingi yili Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo’lishiga yo’l ochib berdi. 2006-yilda Xitoy Meksikani ortda qoldirib, Kanadadan keyin AQShning ikkkinchi yirik savdo sherigigiga aylandi.

2015-yilda AQSh Xitoyni Janubiy Xitoy dengizida yangi yerlar barpo etish ishlarini to’xtatishga chaqirdi. Dengizdagi territorial bahslar Xitoy, Tayvan, Vyetnam, Malayziya, Bruney, Indoneziya va Filippin o’rtasida bugun ham davom etmoqda.

Janubiy Xitoy dengizi – iqtisodiy va ekologik jihatdan strategik ahamiyatga ega mintaqalardan biri. Dunyodagi baliq ovlash kemalarining yarmidan ko’pi shu yerda.

Xitoy uchun, dengizda hududlarini kengaytirish, jumladan, sun’iy orollar va inshootlar barpo etish harbiy faoliyatini kuchaytirish uchun ham imkoniyatdir. AQSh va boshqa davlatlar Pekinning dengizdagi xatti-harakatlarini agressiya belgisi sifatida ko’radi.

2016-yilning dekabrida AQSh sobiq rahbari Donald Tramp normalarni buzib, Tayvan Prezidenti Tsay In Ven bilan telefonda muloqot qildi, AQShning “Yagona Xitoy” siyosatini savolga tutdi. Bu tamoyil asosida Xitoyning yagona namoyandasi sifatida Pekin tan olinadi. Telefon suhbati Pekinni bezovta qilgan.

Prezidentligining ikkinchi yilida Tramp AQShning intellektual mulki o’g’irlanishiga javoban Xitoy tovarlariga tariflar joriy etdi. Bu AQSh-Xitoy savdo urushiga turtki bergan. Tramp bir tomonlama tariflar Amerikaning savdo kamomadini qisqartirishini, ishlab chiqarish AQShga qaytishini ta’kidlagan edi.

2019-yilda Gonkongda ayblanuvchilarni Xitoyga ekstraditsiya qilishga ruxsat beruvchi qonun loyihasi norozilik uyg’otdi. Tanqidchilar deydiki, Pekin bu bilan avtonom hududda nazoratini kuchaytirmoqchi.

Keyingi yili esa AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo Xitoy bilan hamkorlik davri tugaganini e’lon qildi. Sobiq vazir o’shanda adolatsiz savdo amaliyotlari, intellektual mulk o’g’riligi, Gonkong va Shinjon-Uyg’ur mintaqasida inson huquqlari toptalishi va Pekinning Janubiy Xitoy dengizidagi xatti-harakatlarini sabab qilib ko’rsatgan.

Tramp Oq uydan ketganidan keyin Bayden ma’muriyati ham Pompeoning bayonotini ma’qullab, Shinjondan mahsulotlar importini taqiqladi. Shuningdek, Xitoy tovarlariga qo’yilgan tariflarni davom ettirdi.

2022-yilda AQSh Pekindagi Qishki Olimpiada o’yinlariga diplomatik boykot e’lon qildi. Sabab yana inson huquqlari, xususan Shinjon va boshqa joylardagi ahvol. Pekin esa Vashingtonni sportni siyosiylashtirganlikda ayblab chiqdi.

Rossiya Ukrainaga qarshi urushda Xitoydan yordam so’rayotgani haqidagi xabarlar ketidan, Jo Bayden Prezident Si Zinpin bilan gaplashib, Moskvaga harbiy yordam berishning oqibatlari haqida ogohlantirdi.

Ukrainaga bosqinni qoralashdan bosh tortgan Xitoy hukumati Rossiya rahbariyatiga AQSh va G’arb qo’ygan sanksiyalarni tanqid qilgan.

2022-yilning avgustida AQSh Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosi Tayvanga tashrif buyurdi. AQSh orolni qo’llab-quvvatlashini ko’rsatish uchun. Bunga javoban Pekin Amerika bilan iqlim bo’yicha muzokaralarni bekor qildi, shuningdek, harbiy aloqa kanallarini uzib qo’ydi.

2022-yilning noyabrida Si va Bayden ilk bor yuzma-yuz uchrashdi. Bayden prezidentligining 10-oyida, Indoneziyada. Ikki rahbar keskinlikni yumshatish, kommunikatsiya kanallarini qayta ochish, bekor qilingan iqlim muzokaralarini o’tkazishga kelishib oldi.

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi o’shanda Prezident Sining “Amerika va Xitoy til topishish yo’llarini izlashi kerak” degan so’zlarini keltirgan edi.

2023-yilning fevralida AQSh Harbiy-havo kuchlari Amerika hududiga uchib kirgan, bir necha shtatlar uzra uchgan Xitoyning havo sharini urib tushirdi. Pekin Vashingtonning qarorini qoralab, javob qaytarishi haqida ogohlantirgan. Voqea shundoq ham keskinlashgan AQSh-Xitoy munosabalari yuzasidan yangi xavotirlarga sabab bo’ldi.

Vashingtonda Xitoyga nisbatan keskin siyosat davom etishi kutilmoqda, jumladan quyidagi mavzular bo’yicha: “TikTok” ilovasidan shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish, chiplar ishlab chiqarishda yetakchi bo’lish, Xitoy nazorat qiluvchi minerallarga qaramlikdan qutulish, Tinch okeani mintaqasida AQSh harbiy kemalarining suzishi hamda Tayvan yuzasidan potensial qurolli mojaroga tayyorgarlik.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG