Breaking News

Ukrainaga yordam kamaygan bir sharoitda urush uchinchi yilga kirdi


Ukraina urushiga ikki yil to’ldi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:29 0:00

24-fevral - ukrainlar uchun fojiali kun. Rossiya ikki yil muqaddam 24-fevral tongida Ukrainaga bostirib kirgan, ikkinchi jahon urushidan keyingi eng qaqshatqich urushni boshlab bergan edi.

Bu urush davomiylik jihatdan ham ikkinchi jahon urushiga yaqinlashishi ehtimoli mavjud. Rossiya-Ukraina urushi uchinchi yilga kirdi, uning yana qancha vaqt davom etishi esa noma’lum. Har holda 2024-yilda urush yakunlanishiga doir umidlar kam. Rossiya Ukrainani uch kun yoki uch oy davomida egallaydi degan qarashlar allaqachon afsonaga aylangan.

Urushning ikki yilligi munosabati bilan ukrainlarga murojaat qilgan Prezident Volodimir Zelenskiy shunga urg’u berdi, ukrainlar o’z vatanini himoya qilishni uddalayotgani, urush Ukraina shartlariga binoan yakunlanishi mumkinligini ta’kidladi.

Zelenskiy ukrainlarga Gostomel aeroportidan murojaat qildi. Urushning ikki yilligi munosabati bilan Kiyevga tashrif buyurgan Yevropa Ittifoqi yetakchilari, Kanada bosh vaziri ishtirokidagi tadbirlar ham shu aeroportda o’tkazildi.

Bu bejiz emas. Urushning davlabki kunlari eng og’ir janglar aynan shu aeroportda kuzatilgan, aeroportni egallagan Rossiya desanti keyinchalik uni tashlab chiqishga majbur bo`lgan edi. Bu jang Kiyev taqdirini hal qilgan asosiy janglardan biri sifatida e’tirof qilinadi.

“Ikki yil muqaddam biz bu yerda dushmanni qarshilagan edik, hozir esa do’stlarimizni shu yerda qabul qilyapmiz”, - dedi Zelenskiy ayovsiz janglarga guvoh bo`lgan Gostomel aeroportidan qilgan murojaatida.

Zelenskiyning chiqishi, Ukraina jamoatchiligi orasidagi qarashlar ham urushning bir yilligida kuzatilgan kayfiyatdan farq qiladi.

Buning sababi nafaqat frontdagi vaziyat, balki bu urushda Ukrainaga harbiy yordam yetkazishni kafolatlagan ittifoqchilar orasida ikkilanishlar kuzatilayotgani bilan ham bog’liq. Ayrim xabarlarga ishonilsa, Ukraina armiyasidagi o’q-dori, raketa, snaryadlar zaxirasi bir necha oyga yetishi mumkin.

Armiya tejamli jang qilishga majbur. Urushga ikki yil to`lishidan bir hafta oldin Ukraina armiyasi Avdeyevka shahrini tashlab chiqdi. Bu rus armiyasining so’nggi bir yildagi eng yirik g`alabasi sifatida baholanmoqda.

AQSh Prezidenti Jo Bayden Avdeyevka boy berilishini Ukrainaga va’da qilingan harbiy yordam muallaq qolayotgani bilan izohladi. AQSh hukumati Ukrainaga ajratayotgan 60 milliard dollar miqdoridagi yordam loyihasi hamon Kongess tasdig’idan o`tmadi.

Harbiy yordam nafaqat AQSh, balki Yevropadagi ayrim ittifoqchilar tomonidan ham kamaygan. Buning sababi Yevropa zaxiralari cheklanganida ko'riladi. Ammo urushga ikki yil to’lishi munosabati bilan Kiyevga kelgan yetakchilar Ukrainani qo`llab-quvvatlash qarorida qat’iy ekanliklarini yana bir bor izhor qilishdi.

Qolaversa, Ukraina Yevropa Ittifoqining qator davlatlari bilan xavfsizlik bo`yicha hamkorlik bitimlarini imzoladi. Shunday bitimlar hozirgacha Germaniya, Fransiya, Daniya, Italiya va boshqa bir qator davlatlar bilan imzolandi. AQSh bilan bitim muhokamada.

Xavfsizlik bo`yicha bu bitimlar Ukrainani urushdan muhofaza qiluvchi kafolat berishni, Yevropa davlatlari o’z askarlarini Ukrainaga jo`natishi mumkinligini emas, balki asosan xavfsizlikni ta`minlashda Ukrainaga yordam ko`rsatishni nazarda tutadi.

Ittifoqchilarning harbiy yordami esa avvalgi sur’atlarda bo`lmasa-da, davom etyapti. Avvalroq Germaniya navbatdagi yordam paketini e`lon qildi.

Ammo harbiy yordam masalasida asosiy o`rinda AQSh turishi, AQShda esa bu masala hamon muhokama qilinayotgani inobatga olinsa, ayni paytdagi vaziyat Ukraina uchun ancha og’ir.

Bu frontdagi janglarda ham aks etmoqda. Rossiya armiyasi keng front bo`ylab hujumga o`tmoqda. Ukraina mudofaa tizimini kuchaytirishga kirishgan.

Harbiy ekspertlar 2024-yilda mudofaa chizig`ini ushlab qolishning o`zi Ukraina uchun muvaffaqiyat bo`lishi, qarshi hujumlarni esa 2025-yilga mo`ljallashi mumkinligi haqida gapirishmoqda.

Bu farazlardan kelib chiqilsa, Rossiya-Ukraina urushi yaqin orada yakun topmaydi. Har holda urushning to`rtinchi yilga o’tishi ehtimoli haqiqatga yaqin ko’rinadi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG