Breaking News

Rossiya O'zbekistondan qurol-aslaha sotib olmoqchimi?


MDH davlatlarining norasmiy sammiti, Sankt-Peterburg, 26-dekabr, 2023
MDH davlatlarining norasmiy sammiti, Sankt-Peterburg, 26-dekabr, 2023

Ukrainadagi manbalar Rossiya sanksiyalarni chetlashda O´zbekistondan foydalanishni ko’zlayotganidan ogohlantiryapti.

Shavkat Mirziyoyevning yaqinda Vladimir Putin bilan Sankt-Peterburgda o’tgan uchrashuvida shunday kelishuvga erishilgani iddao qilinmoqda.

Mirziyoyev 26-dekabr kuni MDH davlatlari norasmiy sammitida ishtirok etish uchun Rossiyaga safar qilgan, Putin bilan uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlik muhokama qilingan edi.

Ukraina Milliy qarshilik markazi o’z manbalariga tayanib yozishicha, uchrashuvda O`zbekistonda Rossiya moliyasi asosida bir necha korxonalar tashkil etish muhokama qilingan, transport sohasidagi hamkorlikka kelishilgan.

Markazning ta’kidlashicha, gap sanksiyaga kiritilgan tovarlar asosida mahsulotlar ishlab chiqarib, ularni Rossiyaga eksport qilishni ko’zlayotgan korxonalar, xususan, uchuvchisiz boshqariladigan apparatlar, harbiy maqsadda ishlatiladigan komponentlar haqida bormoqda.

Bu da’vo Ukraina Milliy qarshilik markazi manbalaridan tashqari boshqa biror ma’lumotlar bilan tasdiqlanmagan.

“Tovar ayirboshlashning o‘sish sur’atini saqlab qolish hamda istiqbolli kooperatsiya loyihalarini ilgari surish maqsadida yaqin idoralararo muvofiqlashuv va amaliy hamkorlikni, shu jumladan ikki mamlakat hududlari darajasida ta’minlash muhimligi qayd etildi. Mintaqaviy kun tartibi yuzasidan ham fikr almashildi”, deyiladi O’zbekiston Prezidenti matbuot xizmatining mazkur safar haqidagi xabarida.

O’zbekiston prezidenti Rossiya safari davomida MDH doirasidagi norasmiy uchrashuvda, madaniy tadbirlarda qatnashganiga diqqat qaratilgan.

Ukraina Milliy qarshilik markaziga ko’ra, qo´shma korxonalar tashkil etish bo’yicha loyihalar dastlabki muhokamadan o’tgan, bundan tashqari Rossiya O’zbekistondan sovet ittifoqida ishlab chiqarilgan qurol-yarog´, harbiy texnika ham sotib olish niyatida.

Harbiy texnika savdosi Mirziyoyevning Rossiyadagi muzokaralari davomida gaplashilganmi yoki bu umumiy ma’lumotmi, aniqlashtirilmaydi.

2-yanvar kuni Prezident Mirziyoyev Toshkentda mudofaa sanoati va quroli kuchlarni rivojlantirish masalasi bo’yicha yig’ilish o´tkazgan.

Bu yig’ilishda “Mudofaa sanoati majmuasi korxonalari faol rivojlanayotgani, ayrim turdagi qurol-yarog‘ va texnika turlarini ishlab chiqarish va modernizatsiya qilishni mahalliylashtirish” boshlangani qayd qilinadi.

Avvalroq O’zbekistonda Turkiya bilan hamkorlikda zirhli mashinalar, dronlar ishlab chiqarish bo`yicha bitimga kelishilgani xabar qilingan edi.

O’zbekiston harbiy sanoati haqida ma’lumotlar juda oz. Armiya asosan sovet ittifoqida ishlab chiqarilgan, keyinchalik Rossiyadan sotib olingan harbiy texnika bilan qurollantirilgan.

Rossiya O`zbekistondan qurol sotib olishni rejalayotgani haqiqatga yaqin bo`lsa, gap asosan Ukraina urushida hadsiz sarflanayotgan artilleriya snaryadlari haqida bo`lishi mumkin.

G’arbning Ukraina urushi ortidan Rossiyaga nisbatan kiritgan sanksiyalari esa asosan zamonaviy qurol-yarog’da ishlatilishi mumkin bo`lgan mikrosxemalar, butlovchi qismlar va boshqa jihozlarni nazarda tutadi.

G’arbda ishlab chiqarilgan, Rossiyaga eksport qilinishi taqiqlangan bu jihozlar aylanma yo`llar, uchinchi davlatlar orqali Rossiyaga kirib kelmoqda, qurol-yarog´ ishlab chiqarishda ishlatilmoqda.

Taqiqlangan bu mahsulotlarni Rossiyaga eksport qilayotgan davlatlar qatorida Markaziy Osiyo davlatlari ham bor. Avvalroq AQSh, Yevropa Ittifoqi, Yaponiya Rossiyaga re-eksport bilan shug’ullanayotgan korxonalarni sanksiya ro’yxatiga kiritgan, jumladan O’zbekistondagi ayrim firmalarni ham.

Sharhlovchilar Rossiya sanksiyalarni aylanib o’tishda Markaziy Osiyo davlatlaridan foydalanishda davom etayotganini ta´kidlashadi. Mintaqa hukumatlari sanksiya choralarini buzmaslikka va’da berishgan, xususan Qozog’iston Prezidenti Qosim-Jo’mart To’qayev Yevropa Ittifoqi yetakchilari bilan uchrashuvda buni bir necha bor ta’kidlagan.

Ammo sharhlovchilar hukumatlarning bu va’dalaridan qat’i nazar, mintaqa Rossiya uchun sanksiyalarni aylanib o´tishdagi asosiy ko’makchi bo’lib qolayotganini, Markaziy Osiyo va Rossiya o’rtasidagi savdo aylanmasi urush ortidan bir necha barobar o’sganini ta’kidlashadi.

“Bu masalada Qozog’iston asosiy o`rinda turadi. Avvalo Rossiya bilan eng uzun quruqlik chegarasiga ega, qolaversa To´qayev Putinning sodiq ittifoqdoshi hisoblanadi. Qozog’iston va Rossiya o’rtasidagi savdo aylanmasi Ukraina urushi boshlanishidan so’ng shiddatli tarzda o’sdi, qo’shimcha yuk poyezdlari yo`lga qo’yildi. Albatta, qurol-aslaha masalasida aniq bir narsa aytish qiyin, bu o’ta maxfiy amalga oshiriladigan jarayon. Ammo sanksiyaga tushgan tovarlar ortiqcha to’siqlarsiz Markaziy Osiyo, Qozog’iston orqali Rossiyaga kirib bormoqda”, - deydi qozoq muxolifati faoli Yerjan Turg’umboy.

Markaziy Osiyo davlatlari Ukrainadagi urushga nisbatan rasman betaraflik maqomida. Bu betaraflik Rossiya bilan hamkorlikning shiddatli tarzda o’sishiga olib keldi. Ukraina tomoni ham Markaziy Osiyoni rasman betaraf davlatlar sifatida qabul qilgan, ammo mintaqadagi ayrim korxonalar va shaxslar Ukraina sanksiyasidan chetda emas.

Dekabr oyida Prezident Volodimir Zelenskiy elektron jihozlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan Toshkentdagi “Foton” zavodini sanksiyalar ro’yxatiga kiritdi, noyabr oyida esa Ukraina tomoni milliarder Alisher Usmonovga qarashli ekanligi aytilayotgan “Ohangaronsement” korxonasi, uning ta’sischilari bo`lgan ikki nafar O’zbekiston fuqarosiga nisbatan sanksiyalar joriy etgan edi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG