Floridalik senator Marko Rubio, agar davlat kotibi lavozimiga tasdiqlansa, Donald Trampning “Amerika birinchi” siyosatini amalga oshirishga va’da bermoqda. Senatning Xalqaro munosabatlar qo‘mitasi oldidagi tasdiqlash tinglovida, u yangi ma’muriyat Amerikaning asosiy manfaatlarini “har qanday holatda yuqori” qo‘yib, yangi yo‘l ochishini aytdi.
“Bizning asosiy milliy manfaatlarimizni hamma narsadan ustun qo‘yish — bu izolyatsionizm emas. Bu tashqi siyosatimizni milliy manfaatlarimizga asoslash — eskirgan qoldiq emas, balki sog‘lom fikr mahsuli ekanini anglatadi”, - dedi u.
Rubio, shuningdek, “Urushdan keyingi jahon tartibi nafaqat eskirdi, balki endilikda bizga qarshi qurol sifatida qo‘llanmoqda,” deya ta’kidladi.
Mayamida kubalik muhojirlar oilasida tug‘ilgan Rubioning bu so‘zlari siyosiy doiralar uchun e’tiborga molik bir chiqish bo‘ldi. Agar tasdiqlansa, u mamlakat tarixidagi birinchi lotin amerikalik davlat kotibi sifatida faoliyat olib boradi.
Rubioni lavozimga tasdiqlash jarayoni 53 yoshli floridalik respublikachining siyosiy faoliyatida yangi bosqichni boshlaydi. So‘nggi o‘n yil ichida uning Donald Tramp bilan munosabatlari sezilarli darajada o‘zgardi. 2016-yilda prezidentlikka nomzodligi paytida bir-birlariga nisbatan tanqidiy va hatto haqoratomuz so‘zlar aytgan bu ikki siyosatchi 2020-yilda Tramp ikkinchi muddatga harakat qilganida yaqin hamkorlarga aylandi.
2010-yilda “Choychilar partiyasi” to‘lqini bilan Vashingtonga kelgan Rubio bir paytlar noqonuniy muhojirlarga fuqarolik yo‘lini ochish tarafdori edi. Biroq boshqa ko‘plab respublikachilar singari, Rubioning ham immigratsiya masalasidagi qarashlari vaqt o‘tishi bilan Trampning keskin pozitsiyasiga yaqinlashdi. Tramp esa inauguratsiyadan keyin deportatsiya siyosatini agressiv tarzda kuchaytirishini e’lon qilgan edi.
Tramp ko’rsatgan boshqa aksar nomzodlardan farqli o‘laroq, Rubioning tasdiqlanishi oson kechishi kutilmoqda. U nafaqat respublikachilar tomonidan, balki tashqi siyosatda “mas’uliyatli” nomzod sifatida qaralayotgani tufayli ayrim demokratlar tomonidan ham qo‘llab-quvvatlanishi mumkin. Shu sabab, ko‘pchilik uni Tramp kabinetida birinchilardan bo‘lib tasdiqlanishini taxmin qilmoqda.
Demokrat senator Brayan Shats (Gavayi), Xalqaro munosabatlar qo‘mitasida Rubio bilan birga ishlagan. U Rubioning tashqi siyosatda jangovar siyosat tarafdori bo‘lsa-da, xalqaro hamkorlikni ham qadrlashini ta’kidlab, shunday dedi:
“Menimcha, Marko kuchli Amerika tarafdori, lekin u xalqaro hamkorlik zarurligini ham yaxshi tushunadi. Tramp atrofida esa Amerikani jahon yetakchiligidan chekinishga undayotganlar bor. Umid qilamanki, Markoning Amerikani kuchli tutish tarafdori ekaniga oid intilishlari ustun keladi.”
Rubioning tashqi siyosat borasidagi qarashlari, asosan, uning Senatdagi Xalqaro munosabatlar qo‘mitasi va Razvedka qo‘mitasida orttirgan tajribasiga asoslanadi. U nutqlari va maqolalarida, ayniqsa, Xitoydan kelayotgan harbiy va iqtisodiy tahdidlar tobora kuchayib borayotganini qayta-qayta uqtirgan. Rubioning fikricha, Xitoy “eskirgan global tartib”dan foydalanib, AQSh hisobidan superdavlat darajasiga chiqmoqda.
Qo‘mita oldida qiladigan chiqishida Rubio shunday dedi:
“Xitoy yolg‘on, hiyla, xakerlik va o‘g‘irlik yo‘llari bilan, bizning hisobimizdan o‘zini global superdavlatga aylantirdi.”
Agar Rubio davlat kotibi lavozimiga tasdiqlansa, u Amerika tashqi siyosatining rahbariga aylanadi. Biroq Tramp xalqaro maydonda oldingi safda bo‘lishni yaxshi ko‘radi va aksar hollarda ittifoqchilarimizga nisbatan ham keskin bayonotlar qilishdan tiyilmaydi — shuning uchun Rubioning roli cheklanishi ham mumkin.
Hatto inauguratsiya boshlanishidan oldin Tramp Panama kanalini egallash, Grenlandiyani sotib olish, shuningdek, Kanadani 51-shtat sifatida AQSh tarkibiga qo‘shilishiga bosim o‘tkazish ehtimolini ta’kidlab, xorij poytaxtlarida xavotir uyg‘otgan edi.
Trampning qayta saylanishi unga “saylovchilar tomonidan aniq mandat bergan”, dedi Rubio.
“Ular kuchli, jahon sahnasida faol ishtirok etadigan, biroq aniq maqsadga yo‘naltirilgan siyosatni xohlaydi — ya’ni chet elda tinchlikni ta’minlash orqali, uyda xavfsizlik va farovonlikni ustuvor qo‘yadigan siyosatni”, - deya qo’shimcha qildi u.
Bayden ma’muriyati o‘z lavozimini topshirish arafasida Kubani terrorizmni qo‘llab-quvvatlovchi davlatlar ro‘yxatidan chiqarish haqida qaror qabul qilgan edi. Bu esa Kubadagi kommunistik hukumatga nisbatan qattiq sanksiyalar tarafdori bo‘lib kelgan Rubioni, shubhasiz, norozi qilishi mumkin. Ko‘plar bu qaror yaqin kunlarda Tramp ma’muriyati tomonidan bekor qilinishini taxmin qilmoqda. Seshanba kuni matbuot Rubioning idorasi bilan bir necha bor bog‘langan bo‘lsa-da, senator bu qarorga izoh bermagan.
Davlat kotiblari AQSh tashkil topganidan beri tashqi siyosatni shakllantirishda hal qiluvchi rol o‘ynab kelgan. Dastlab, Prezident Jorj Vashington davrida ushbu lavozimni Tomas Jefferson egallagan. Keyinchalik Jefferson, shuningdek, 19-asrda davlat kotibi bo‘lib, so‘ng prezidentlikka saylangan Jeyms Medison, Jeyms Monro, Jon Kvinsi Adams, Martin Van Byuren va Jeyms Byukenen kabi shaxslar ham prezidentlik darajasigacha ko‘tarilgan.
Ammo so‘nggi yillarda bu lavozim egalarining siyosiy ambitsiyalari unchalik muvaffaqiyatli bo‘lmadi. Masalan, Jon Kerri 2004-yilgi prezidentlik saylovida Jorj Bushga yutqazgan, keyinroq esa Barak Obama davrida davlat kotibi lavozimini egallagan. Xillari Klinton esa 2016-yilda Trampga yutqazgan.
Eng muvaffaqiyatli davlat kotiblari odatda ularni tayinlagan prezidentlar bilan yaqin munosabatda bo‘lgan. Masalan, katta Jorj Bush davrida Jeyms Beyker, uning o’g’li Jorj Bush davrida Kondoliza Rays, shuningdek, ma’lum ma’noda Barak Obama davrida Xillari Klinton shunday misollardandir.
Rubio ham Xillari Klinton kabi nomzodini ilgari surgan prezident bilan avvalroq siyosiy raqobatda bo‘lgan. Lekin 2008-yildagi Obama-Klinton kurashi 2016-yildagi Tramp-Rubio tortishuvi singari keskin bo‘lmagan. 2016-yilda ushbu ikki respublikachi o‘zaro haqoratomuz iboralar bilan bir-birini tahqirlagani ovoza bo’lgan edi.
Tramp birinchi davlat kotibi Reks Tillerson bilan ham chiqisha olmadi. Ikki yilga ham bormasdan, prezident uni ijtimoiy tarmoq orqali e’lon qilingan bayonot bilan lavozimdan ozod qilgan edi.