Breaking News

Otashkesimni falastinliklar va isroilliklar birday kutmoqda


XAMAS bir yil oldin Isroilda garovga olgan odamlarning oila a’zolari hukumatidan otashkesim haqida rasmiy bayonot kutarkan, payshanba kuni Bosh vazir Benyamin Netanyaxu XAMASni kelishuvning ayrim bandlaridan chekinayotganlikda aybladi. Biroq juma kuni XAMAS Isroil bilan kelishmovchiliklar hal etilganini bildirib, birinchi bosqichda ozod etilishi kutilayotgan falastinlik mahbuslarning ro’yxatini chop etishga va’da berdi.

Xalqaro hayot - 17-yanvar, 2025-yil - Otashkesimni falastinliklar va isroilliklar birday kutmoqda
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:13:21 0:00


Ayrim kuzatuvchilar Netanyaxuning bayonoti uning hukumatida kelishuvdan norozi va vazirlar mahkamasini tark etishga do’q-po’pisa qilayotgan ayrim millatchi siyosatchilarni tinchlantirishga qaratilgan hiyla deb atamoqda.

"Bosh vazirni es-hushini yig’ib, bu dahshatli kelishuvdan voz kechishga chaqiraman. Agar bunday bo’lmasa, biz Netanyaxu hukumatining tagiga suv quymaymiz, so’lchilar bilan hukumatga qarshi ish tutmaymiz. Biroq bizning “Yahudiy qudrati” partiyasi XAMASni rag’batlantiruvchi kelishuvga qo’l urgan hukumatdan joy olmaydi. Agar XAMASga qarshi urush jonlansa, urushning erishilmagan maqsadlarini amalga oshirishga qaror qilinsa, hukumatga qaytamiz”, - dedi Milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvir.

Moliya vaziri Bezalel Smotrichning “Diniy Sionist” partiyasi ham kelishuvga qarshilik bildirib, hukumat otashkesimning ilk olti haftasidan so’ng urushni jonlantirmasa, hukumatdan chiqishini ma’lum qildi.

Otashkesim bo’yicha bitimning birinchi bosqichida XAMAS 33 nafar isroillikni ozod etishi kutilmoqda, biroq AQShning saylangan prezidenti Donald Tramp ma’muriyatida milliy xavfsizlik maslahatchisi lavozimini egallaydigan Mayk Uols 33 kishidan 8 tasining hayot emasligini aytadi.

Juma kuni Isroil xavfsizlik mahkamasining a’zolari to’planib, Vazirlar mahkamasiga kelishuvni tasdiqlashni tavsiya qildi. Ayrim manbalarga ko’ra, Netanyaxu Ben-Gvir va Smotrichni hukumatda qoldirish maqsadida ularga otashkesimning birinchi bosqichidan so’ng harbiy harakatlarni jonlantirishga so’z bergan.

AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken so’nggi daqiqadagi tortishuvlarga qaramay, otashkesim yakshanba kundan kuchga kirishini bildirdi.

Shundan 16 kun o’tib, uzoq muddatli sulh haqida muhokama boshlanishi kutilmoqda. Biroq isroillik bir tahlilchi bu borada biror kelishuv erishilishiga ishonmaydi.

"Otashkesimlar vaqtinchadan vaqtinchadan kamroq va doimiyroqqa o’tish xususiyatiga ega. Bu Isroil uchun juda yomon ssenariy bo’ladi. G’azoliklar uchun ham, chunki bunday vaqtinchalik vaziyatda XAMAS hali ham G’azoni boshqarishda davom etadi, biroq sektor uchun foydali ish qilish uchun o’ta zaif bo’ladi”, - deydi Isroil mudofaa kuchlarining sobiq so’zlovchisi Jonatan Konkrikus.

15 oydan beri Isroil bombalari ostida yashayotgan g’azoliklar urushga yakun yasalayotganidan xursand ekanini aytadi.

"Ham xursandman, ham yuragimda tosh borday, chuqur anduhdaman. Uylarimzga qaytamiz, ammo nabiralarimizdan, otalarimizidan, birodarlarimizdan, qo’ni-qo’shnidan, uylarimizdan judo bo’ldik”, - deydi Fadi Naim ismli falastinlik.

Otashkesim kuchga kirsa, G’azoga ko’proq gumanitar yordam kira boshlaydi. Jahon oziq-ovqat tashkiloti 80 ming tonna oziq-ovqat sektorga kirishga hozir ekanini bildirdi.

Yaqin kunlarda otashkesimga erishishda AQSh tarafidan kimning hissasi ko’proqligi yuzasidan tortishuv kutilmoqda. Prezident Jo Baydenningmi yo yangi prezident Donald Trampning?

“Nazarimda har ikki taraf jamoasini bu uchun olqishlash kerak. Bayden jamoasi ma’lum paytdan beri muzokaralarni olib borayotgan edi. Biroq u Bosh vazir Netanyaxuga zarur bosim qo’ya olmadi va shu sabab masala to’siqqa uchradi. Prezident Trampning esa Netanyaxu bilan oldindan aloqalari tarang edi. Tramp samarali bosim qo’yishga muvaffaq bo’ldi deb o’ylayman”, - deydi Londondagi “Chatxem uyi” tahlilchisi Sanam Vakil.

XAMAS garovga olgan odamlarning oila a’zolari va do’stlari payshanba kuni Tel-Avivda namoyishga chiqib, hukumatni kelishuvni paysalga solmaslikka chaqirdi.

Musulmon dunyosida, jumladan Turkiya, Eron, Yaman va boshqa mamlakatlarda otashkesim bo’yicha kelishuv olqishlandi, odamlar ko’chaga chiqib xursandchilik qildi.

Otashkesim paytida Isroilga hujum qilmaslikka va’da bergan yamanlik xusiylar bitim ijrosini diqqat bilan kuzatishini, Isroil uni buzsa, Isroilga va unga dengiz orqali mol olib ketayotgan kemalarga hujumlarini jonlantirishi haqida ogohlantirdi.

Xusiylar 2023-yil noyabridan beri kemalarga 100 dan ortiq marotaba hujum qildi, AQShning bir nechta razvedkachi dronlarini urib tushirdi, Isroil tomon raketalar otdi.

Kelishuvning uchinchi bosqichida G’azoni qayta tiklash, boshqaruvini yo’lga qo’yish, xavfsizlik tizimini yaratishga urg’u beriladi.

G’azo Sog’liqni saqlash vazirligiga ko’ra, Isroil hujumlaridan sektorda 46 mingdan ziyod falastinlik nobud bo’ldi.

BMT hisobicha, G’azoning uchdan ikki qismi, ya’ni 170 mingdan ziyod uy va bino yer bilan tekislangan yoki zarar ko’rgan, 46 millon tonna vayronani tozalashga 14 yil vaqt va 1,2 milliard dollar ketishi mumkin. Vayronalarni tozalash jarayonida yana minglab jasadlarning chiqishi taxmin qilinmoqda. G’azo vazirligi o’tgan yil may oyida 10 ming odam yerga ko’milgani haqida ma’lum qilgan edi.

Bundan bir yil oldin Birlashgan Millatlar Tashkiloti G’azo infratuzilmasiga 18,5 milliard dollarlik zarar yetganini bildirgan edi. Davlat idoralari, uylar, kasalxonalar, masjidlar va universitetlarni tiklash uchun pul qayerdan kelishi hozircha ma’lum emas.

G’azo yo’llarining 68 foizi, qishloq xo’jaligi yerlarining yarmidan ko’pi vayron bo’lgan, 2024-yilda G’azodagi chorvaning 95 foizidan ko’pi so’yilgani yoki Isroil hujumlarida nobud bo’lgani aytilgan edi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG