Breaking News

G’azoda otashkesim kuchga kirdi


Ko’p oylik munozaralar va tortishuvlardan so’ng G’azo Sektorida nihoyat otashkesim kuchga kirdi. 15 oy oldin XAMAS tomonidan o’g’irlangan isroilliklarning uch nafari ozod etildi, Isroil esa dushanba tongda 90 nafar falastinlik mahbusni qamoqdan chiqardi.

Xalqaro hayot - 20-yanvar, 2025-yil - AQShda 47-prezident Donald Tramp qasamyod keltirdi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:15:02 0:00

Otashkesim bo’yicha kelishuvga ko’ra, dastlabki bosqichda XAMAS 98 ta isroillikdan 33 tasini, Isroil esa salkam 2000 falastinlikni ozod etishi kutilmoqda.

Olti haftaga mo’ljallangan sulh doirasida G’azoga kuniga gumanitar yordam ortilgan 600 tagacha yuk mashinasining kirishi mumkin bo’ladi.

“O’tgan yil mayida Yaqin Sharq bo’yicha men olg’a surgan kelishuv nihoyat amalga oshirildi”, - dedi 20-yanvar kuni AQShda prezidenlik vakolatini Donald Trampga topshirgan Jo Bayden.

XAMAS ozodlikka chiqargan uch isroillik hamda Isroil qamoqxonalaridan chiqarilqan 90 falastinlikdan 69 tasi ayol, qolgan 21 nafari Quddus va G’arbiy Sohilda yashovchi o’smir bolalar.

Shunday falastinliklardan biri sakkiz oy oldin Isroil xavfsizlik kuchlari tomonidan hibsga olingan Nido Zag’ebi bo’lib, ayol uch farzandini bag’riga qayta bosish baxtiga muyassar bo’ldi.

"Oilam bilan qovushganim uchun Allohga shukur qilaman. Otamiz ham oilamizga qaytariladi, barcha mahbuslarning uyi quvonchga to’ladi degan umiddaman”, - deydi Zag’ebi.

Isroil Adliya vazirligi advokatlik bilan shug’ullangan bu ayolning terrorizmni qo’llab-quvvatlaganlikda hibsga olinganini ma’lum qildi, biroq sud unga hukm chiqarmagan.

Zag’ebi Isroil qamoqxonalarida ko’p falastinlik ayollar saqlanayotganini aytadi.

Isroil havo hujumlaridan G’azoning boshqa rayonlariga qochgan falastinliklar otashkesim kuchga kirishi bilan uylariga qayta boshladi, biroq aksariyatining uyi vayronalarga aylangan.

“Chodirimni o’zim bilan olib, uyim vayron bo’lgan joyni tozalab, chodirni o’sha yerga qo’yaman”, - deydi falastinlik bir ayol.

Isroil ahli vatandoshlarining ozod etilganidan xursand, biroq ba’zilari falastinlik mahbuslarning qo’yib yuborilganini olqishlamayapti.

"Terrorchilarning ozod etilayotgani tasvirlangan kadrlarni ko’rish menga og’ir botyapti. Bu terrorchilar qo’lidan o’lgan odamlarning oilalarini tushunaman”, - deydi ulardan biri.

"Ko’p shafqatsiz terrorchilarni uylariga qaytarayotganimiz kelajakda boshimizga balo bo’ladi. Biroq gumanitar nuqtai nazardan bu kelishuvni qabul qilishga majburmiz. Vatandoshlarimizni ozod etishimiz kerak. Jarayon sekin kechyapti. Haftasiga uch kishi ozod etiladi. Bu 100 kishi uchun azobli kutishdir”, - deydi Tel-Avivda yashovchi yana bir isroillik.

Kelishuvni ayrim siyosatchilar ham hazm qila olmadi. Unga eng boshidan qarshi chiqqan milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvir va uning ultra diniy va millatchi “Yahudiy qudrati” partiyasiga a’zo ikki vazir Benyamin Netanyaxu hukumatini tark etdi.

Otashkesim kuchga kirishi bilan G’azo shahri ko’chalarida XAMAS politsiyasi ko’rindi, mahalliy bozor jonlandi.

Isroil uch bosqichdan iborat kelishuv oqibatida XAMASning G’azo boshqaruvidan butunlay chetlatilishini istaydi, bunday bo’lmasa, harbiy harakatlarni jonlantirishi haqida ogohlantirmoqda.

Isroil hujumlaridan shu kunga qadar 47 mingdan ziyod falastinlik nobud bo’lgan, Isroil mingga yaqin harbiysini yo’qotgan.

Falastinliklarga hamdardlik bildirib, mojaro boshidan Qizil dengizda Isroilga yo’l olayotgan tijoriy kemalarni nishonga olgan, Isroilga raketa va dron otgan yamanlik xusiylar otashkesim kuchga kirishi bilan hujumlarini cheklashi haqida ma’lum qildi, faqat Isroilga aloqador kemalarga hujumlar davom etishini bildirdi. Otashkesim izdan chiqsa, xusiylar keng qamrovli hujumlarini jonlantirishini ta’kidlamoqda.

Ayrim hisoblarga ko’ra, xusiylarning dengizdagi amaliyotlari yuk tashuvchi kompaniyalar, sug’urta shirkartlari hamda Suets kanalida kemalar qatnovi uchun tranzit haqini oluvchi Misrga jami taxminan 150 milliard dollarlik zarar yetkazgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG