Breaking News

Tramp noqonuniy muhojirlar uchun imtiyozlarni bekor qilishni buyurdi


Amerika Prezidenti Donald Tramp hujjatsiz migrantlar uchun federal imtiyozlarni bekor qilishga qaratilgan farmon imzoladi.

Oq uyning bildirishicha, buyruq “noqonuniy ajnabiylar uchun soliq to’lovchilar tomonidan moliyalashtirilgan barcha imtiyozlarni tugatishga” qaratilgan, ammo aynan qanday imtiyozlar nazarda tutilayotgani aniq emas.

Umuman olganda, AQShda noqonuniy yashayotganlar shoshilinch tibbiy yordamdan tashqari hukumatdan ko’mak ololmaydi. Oliy sudning 1982-yilgi qaroriga binoan bolalar immigratsiya maqomidan qat’i nazar davlat maktablarida ta’lum olish huquqiga ega.

Shaxsiy javobgarlik va ish imkoniyatlarini yaratish to’g’risidagi 1996-yilgi qonun noqonuniy muhojirlarga yordamni cheklaydi.

“So’nggi to’rt yilda oldingi ma’muriyat ushbu qonunning maqsadlarini qayta-qayta suiiste’mol qilgan, natijada soliq to’lovchilarning resurslari noto’g’ri sarflangan”, deyiladi farmonda.

Jo Bayden prezidentligi davrida Amerikadan boshpana so’raganlar, jumladan o’z mamlakatidagi qurolli mojaro yoki tabiiy ofatlar sababli Qo’shma Shtatlarga vaqtincha kelganlar keskin ko’paygan edi. Xususan, 900 ming kishi migrantlar oqimini nazorat qilish maqsadida ishga tushirilgan “CBP One” onlayn portalidan foydalanib, AQShga kirgan.

Bundan tashqari, Amerikada homiysi borligini ko’rsatgan yarim milliondan oshiq kubalik, gaitilik, nikaragualik va venesualiklar o’z hisobidan AQShga uchib kelgan. Donald Tramp bu dasturlarni darhol tugatdi.

Bayden ma’muriyati, shuningdek, Ukraina va Afg’onistondan 300 ming kishini gumanitar himoya ostiga olgan, ular mamlakatning turli shtatlariga joylashtirilgan. Ammo bu imtiyoz AQShda avtomatik tarzda doimiy rezident maqomini berilishini kafolatlamaydi.

Gumanitar vizalar bu odamlarga bolalar uchun tibbiy sug’urta kabi ba’zi imtiyozlarni taqdim etadi, lekin faqat besh yildan keyin. Ba’zi shtatlar bu muddatni qisqartirgan.

Federal hukumat ayni paytda noqonuniy muhojirlarga qancha pul sarflayotgani haqida hech qanday ma’lumot yo’q, ammo Tramp imzolagan farmonning maqsadlaridan biri ham shu – ular qancha va qanday yordam olayotganini aniqlash. Boshqaruv va byudjet idorasi hamda Hukumat samaradorligini oshirish departamentiga 30 kun vaqt berilgan.

Trampning qayd etishicha, shtatlar va mahalliy hukumatlar noqonuniy migrantlarni himoya qilishga, noqonuniy immigratsiyani rag’batlantirishga bir tiyin ham sarflamasligi zarur.

Tramp yanvar oyida prezidentligining birinchi kunidayoq immigratsiyaga doir 10 ta farmon imzolagan. Ular, jumladan, AQShda tug’ilgan bolalarga avtomatik fuqarolik berishni tugatish, janubiy chegarada boshpana arizalarini rad etishni ko’zda tutadi. Avtomatik fuqarolikni to’xtatish to’g’risidagi farmon ijrosini sud vaqtincha to’xtatgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG