Breaking News

AQSh eshik ochmasa, Pokiston afg'on qochqinlarni haydaydi


Islomobod ko'chalarida Amerika rahbariyatidan boshpana so'rab o'tirgan afg'on bolalari, Pokiston, 24-yanvar, 2025
Islomobod ko'chalarida Amerika rahbariyatidan boshpana so'rab o'tirgan afg'on bolalari, Pokiston, 24-yanvar, 2025

Pokiston hukumati mamlakatdagi afg'on qochqinlarga yo Amerikaga keting yo vatanga qayting, deya shart qo'ymoqda.

Gap AQShdan boshpana so'rayotgan va ishi ko'rib chiqilishini kutayotgan minglab afg'onistonliklar haqida ketmoqda. Keta olmaganlar, rad etilganlar yoki masalasi cho'zilganlar Pokistondan chiqib ketishi kerak, deydi bu davlat mutasaddilari.

Tashqi ishlar vaziri Isxoq Dar deydiki, AQSh Pokistonga bu afg'onlar taqdiri kuzgacha hal bo'ladi, deya va'da bergan.

"Qochqin agar so'ragan davlatidan ruxsat qolsa va ketsa, marhamat, lekin ketolmasa, rad etilsa, unda bu shaxs biz uchun u hujjatsiz muhojir hisoblanadi. Biz uni vataniga, ya'ni Afg'onistonga qaytarladi", - deydi Dar, Turkiyaning TRT kanaliga bergan intervyusida.

Islomobod va Vashington orasida afg'on qochqinlar yuzasidan muzokara davom etmoqda.

AQShning yangi rahbari Donald Tramp qochqin qabul qilish jarayonini to'xtatib qo'ygan. Tizim isloh qilinadi, deydi u, toki bu qarorlar ham AQSh manfaatlariga xizmat qilsin.

Pokiston yuzlab ming afg'onni allaqachon chiqarib yuborgan
Pokiston yuzlab ming afg'onni allaqachon chiqarib yuborgan

Afg'onistonning o'zida 45 ming, Pokistonda esa kamida 15 ming afg'onistonlik Vashingtonning qarorini kutib o'tiribdi.

"#AfghanEvac" deb nomlangan nohukumat koalitsiyaga ko'ra, bu insonlarning boradigan joyi va boshqa imkoniyati yo'q.

Bu afg'onlar - 2021-yilda Tolibon hokimiyatga qaytayotgan paytda chiqib ketgan odamlarning oilalari va qarindoshlari. Ular Tolibon va terrorizmga qarshi 20 yillik urush davrida AQSh, NATO va xalqaro hamjamiyat bilan hamkorlik qilgan fuqarolardir.

Pokiston orqali 80 mingga yaqin afg'on allaqachon boshqa yurtlardan boshpana olgan. Yana qariyb 40 ming odam arosatda, jumladan Pokistondagilar.

BMT hisobicha, 2023-yilning sentabridan beri Pokiston 825 mingdan ziyod afg'on qochqinni vataniga badarg'a qilgan.

Islomobod afg'onistonlik migrantlarni muntazam ravishda tekshiradi, ular yashaydigan mahallalarda tintuvlar o'tkazadi.

Bosh vazir Shahboz Sharif Islomobod va Ravalpindi singari yirik shaharlarni "afg'onlardan tozalab", hujjatsiz yurganlarni 28-fevralgacha deportatsiya qilishni buyurgan.

Pokistonda 2,5 milliondan oshiq afg'on qonuniy ravishda yashashi va ishlashi ma'lum.

Sharifga ko'ra, Amerikada boshpana olishni kutayotgan afg'onlarning ishlari ham 31-martgacha aniqlashishi lozim, aks holda hukumat boshqa yo'llarni qidira boshlaydi.

XS
SM
MD
LG