18-fevral kuni Tolibon olti shaxsni omma ko'zi oldida kaltaklagan. Ular zino va nomaqbul aloqalarda va oiladan qochganlikda aybdor deb topilgan, deya e'lon qilingan. Voqealar Xost va Faryob viloyatlarida yuz bergan. Har bir shaxs 39 darra yegan va bir yarim yilgacha ozodlikdan mahrum etilgan.
Shu oyning o'zida Afg'onistonda kamida 61 fuqaro, jumladan to'qqiz ayol, stadionlarda shunday jazolangan. Ularni oddiy odamlar va toliblar tomosha qilgan. Darra yeganlar orasida og'irlikda ayblanganlar ham bo'lgan va ayrimlari olti yilgacha qamalgan.
Bu haqda Tolibonning Oliy sudi ma'lum qilgan.
BMT va inson huquqlari tashkilotlari bu holatlarni qoralab, Kobuldagi tan olinmagan hukumatni xalqaro qonunlarga amal qilishga undab keladi. Insonlarga noinsoniy munosabatda bo'lmang, deya chaqiradi.
Lekin Tolibon o'z adolat mezonlariga ega ekanini da'vo qilib, fuqarolarni qatl etish va qiynoq orqali jazolashda davom etmoqda.
Tolibon rahnamosi Hibatullo Oxundzoda yaqinda qilgan chqishida bu kabi yondashuvni oqlab, uni islomning eng oliy tamoyillaridan biri, deya tasvirlagan.
“Rahnamomizning har bir qarori va so'zi olimlar va ulamolar bilan maslahatlashgan holda, Qur'on va Hadisga asoslangan shaklda qabul qilinadi va Ollohning buyrug'ini aks ettiradi", - deydi Tolibonning Qandahorda so'zlagan rasmiysi.
Oxundzoda Qandahorda yashaydi va erkinlik islomda nimani anglatishi haqida o'z o'gitlarini eslatib turadi. Unga ko'ra, so'z erkinligi, xotin-qizlarning bilim olishi va ishlashi yuzasidan islomda qator cheklovlar bor.
Qizlar hozirgi Afg'onistonda 6-sinfdan keyin o'qiy olmaydi. Ayollar xususiy sektorda va davlat korxonalarida mehnat qilolmaydi. Ular yolg'iz yurishi, sayohat qilishi, jamoat joylarga borishi taqiqlangan.
BMTning Afg'onistondagi vakolatxonasi bunday siyosatni bas qilishni talab qilib, jamiyat qattiq ezilayotgani va yanayam qashshoqlashayotganini ta'kidlaydi.
Gaagadagi Xalqaro Jinoiy sud o'tgan oy Oxundzoda va Tolibon Bosh sudyasini qamoqqa olishni buyurgan. Sud nazarida bu ikki kishi afg'on qizlari va ayollariga nisbatan jinoyatlarni amalga oshirmoqda.
Tolibon esa bu qarorni asossiz va siyosiy maqsadlarni ko'zlovchi safsata deya baholagan.
Dunyoning biror davlati Tolibon boshqaruvini tan olmasa-da, qator hukumatlar u bilan aloqada.