Tramp ma'muryati AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) faoliyatini isloh qilishda davom etar ekan, bugundan e'tiboran mamlakatdagi va chet eldagi 2000 ish o'rni yopildi.
Federal hukumatni kichraytirishga bel bog'lagan Prezident Donald Tramp va unga bu borada yordamlashayotgan multimilliarder Ilon Mask deydiki, 60 yildan oshiq davrdan beri Amerikaning tashqi yordamini yetkazayotgan agentlik tubdan yangilanishi kerak.
Prezident uni endilikda Davlat departamenti qaramog'iga o'tkazgan. Fevral oyining boshigacha USAIDda 10 mingdan ziyod odam ishlayotgan edi. Tashkilot qariyb 90 davlatda o'z vakolatxonasiga ega edi. Ular hozir ishdan to'xtab qolgan. Tashqi yordam muzlatilgan, dasturlarga to'siqlar qo'yilgan.
21-fevral kuni federal sud USAID xizmatchilari sonini kamaytirish qonunga zid emas, deya qaror chiqardi, ya'ni hukumatning bu agentlikni kichraytirishga haqqi bor. Ammo, deya buyurgan sudya, xodimlarning bu jarayonda barcha huquqlari hurmat qilinishi shart.
USAID rahbariyati bu qaror ketidan barcha xizmatchilariga yuborgan bayonotida faqat maxsus tanlangan xodimlar qolishini aytib, qolganlar dunyoning qayerida bo'lsa ham hozircha ma'muriy ta'tilga chiqarilishini bildirgan.
USAIDning rahbari hozirda Davlat kotibi Marko Rubio. U esa agentlik boshqaruvini Pit Marokkoga topshirgan.
Marokko tashkilotda ayni damda uzog'i bilan 600 xodim qoldirgan. Ular qisman chet eldagi xodimlarni qaytarish va ularning taqdirini hal etish bilan mashg'ul.
Tramp va Mask nazarida USAID mablag'ni isrof qilgan va liberal maqsadlarni olg'a surgan.
Oq uyni sudga bergan tomonlar, jumladan USAID xodimlari va kasaba uyushmalari esa hukumatni konstitutsiyani buzib, mustaqil agentlikni, Kongress dasturlarni ma'qullab, mablag' ajratganiga qaramasdan, yopganlikda ayblaydi. USAID faoliyatini faqat Kongress ruxsati bilan o'zgartirish mumkin, deydi shikoyatchilar.
Tashkilot - Amerikaning "yumshoq kuchi", deydi uning tarafdorlari. Insonparvarlik yordami, iqtisodiy va ijtimoiy ko'mak orqali AQSh global farovonlik uchun hissa qo'shadi, insoniyat ravnaqi yo'lida xizmat qiladi. Bu esa Amerikaga ishonch va hurmatni oshiradi, deydi agentlik xodimlari va Tramp siyosatidan norozi amerikaliklar.
O'tgan bir oy ichida USAID hamkorlarining ishi ham to'xtab qoldi, chunki ularga mablag' uzatilmayapti. Sabablari tushuntirilmagani, shartnomachilarga yetarlicha ma'lumot berilmagani sabab masalaning ko'p jihati mavhum va odamlarning yangi ish qidirishi yoki ishsizman deb yordam so'rashi qiyin kechmoqda.
Yana bir federal sud o'tgan hafta chiqargan qarorida USAIDga ajratilgan mablag'ni ishlatishni buyurgan. Hukumat bu qarorga bosh egishi shart, deya eslatmoqda sudya.