Tramp administratsiyasi tomonidan de fakto yopilgan AQShning Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) uzoq vaqtdan beri Pekin tomonidan tanqid qilib kelingan. Agar USAID loyihalari to‘xtatilsa, bu Xitoy o’z ta’sirini yanada oshirishi uchun yangi imkoniyat bo’ladimi? Ba’zi tahlilchilarga ko‘ra, Xitoy bunday vaziyatni qo‘ldan boy bermoqchi emas, lekin o‘z iqtisodiy muammolari uning imkoniyatlarini cheklashi mumkin.
AQSh Davlat kotibi Marko Rubio hozir USAIDning vaqtinchalik rahbari sifatida faoliyat yuritayotganini aytib, agentlik ishlarini yangi hukumat kun tartibiga moslashtirishini bildirdi.
"Bu pullar soliq to‘lovchilarga tegishli va biz amerikaliklarga har bir dollarimiz xalqaro maydonda milliy manfaatlarimizni ilgari surishda sarflanayotganiga kafolat berishimiz kerak", — dedi u shu hafta boshida El-Salvadorga tashrifi chog‘ida.
USAID yillik 40 milliard dollardan ortiq byudjetga ega bo‘lib, butun dunyo bo‘ylab yordam dasturlarini boshqarib kelgan. Shu jumladan, Oq uy tomonidan tanqidga uchragan Xitoyga oid dasturlarni ham yuritgan.
3-fevral kuni e’lon qilingan hisobotda Oq uy USAIDning infeksion kasalliklarga qarshi himoya bo‘yicha ishlayotgan AQSh tashkiloti — EcoHealth Alliance’ga millionlab dollar ajratganini ta’kidladi. Bu tashkilot koronavirus bo‘yicha tadqiqotlar olib borib, COVID-19 pandemiyasiga sabab bo‘lganlikda ayblangan Vuxan Virusologiya Instituti bilan hamkorlik qilganlikda gumon qilinadi. Biroq EcoHealth Alliance ham, Xitoy hukumati ham bu ayblovlarni rad etgan.
Moliyalashtirish strategiya sifatida shakllantirilgan
So‘nggi yillarda USAID Xitoy bilan bog‘liq dasturlarni moliyalashtirishni Xitoyning global kengayishiga qarshi strategiya sifatida ko‘rsatib kelgan.
Hozir yopilgan USAID veb-saytining arxivlangan sahifasida agentlik o‘zining Xitoy ta’siriga qarshi kurash jamg‘armasini asosiy yutuqlaridan biri sifatida e’tirof etgan. Ushbu jamg‘arma “Xitoy Kommunistik Partiyasi va boshqa zararli kuchlarning bosimiga bardosh bera oladigan barqaror hamkorlarni shakllantirish orqali milliy xavfsizlik maqsadlarini ilgari surish" uchun mo‘ljallangan edi.
USAIDning Osiyo bo‘yicha sobiq yordamchi administratori Maykl Shiffer 2023-yilda Kongress oldida bergan bayonotida agentlik o‘n yildan ortiq vaqt davomida Xitoyning xorijdagi investitsiyalarini kuzatish uchun AQShdagi Uilyam va Meri kolleji qoshidagi AidData tadqiqot guruhi bilan hamkorlik qilib kelganini aytgan.
Moliyalashtirishning muzlatilishi muammolarni keltirib chiqarmoqda
Bu moliyaviy muzlatish USAID tomonidan qo‘llab-quvvatlangan kamida bitta dasturga jiddiy zarba berdi. Vashingtondagi Stimson markazi tadqiqotchisi Brayan Eylor o‘zining “Facebook”dagi ochiq postida Janubi-Sharqiy Osiyo dasturi moliyalashtirish to‘xtatilgani sababli faoliyatini davom ettirishda qiyinchiliklarga duch kelishini yozgan.
"Bizga ushbu grantlar ustida ishlashni 90 kun davomida to‘xtatish buyurildi. Bu esa Janubi-Sharqiy Osiyo dasturimizni butunlay yopilish xavfi ostida qoldiradi", deb yozgan u.
Eylor AQSh Davlat departamenti tomonidan Trampning birinchi prezidentlik davrida boshlangan Mekong Dam Monitor loyihasida hamkor sifatida faoliyat yuritgan. Ushbu loyiha Xitoy va boshqa davlatlar tomonidan Mekong daryosida qurilgan to‘g‘onlarning quyi oqimdagi jamoalarga salbiy ta’sirini o‘rganishga qaratilgan edi. Ilgari loyiha Davlat departamenti va USAID tomonidan moliyalashtirilgan.
Xitoy davlat ommaviy axborot vositalari esa ushbu loyihani Pekinni yomonotliq qilishga qaratilgan deb tanqid qilgan.
“Amerika Ovozi” Xitoy xizmatiga yuborilgan elektron xatida Eylor Mekong Dam Monitor loyihasi hozirda xususiy mablag‘lar bilan qo‘llab-quvvatlanayotgani sababli federal hukumatning moliyaviy to‘xtalishidan ta’sirlanmaganini bildirdi. Ammo Mekong daryosiga oid boshqa loyihalar jiddiy moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelmoqda.
Rubio: Maqsad tashqi yordamni to‘xtatish emas, uni qayta tashkil qilish
Chorshanba kuni Rubio Tramp administratsiyasi qaysi dasturlarni moliyaviy muzlatishdan chiqarish mumkinligini aniqlash jarayonida ekanligini ma’lum qildi.
"Bu tashqi yordamni to‘liq tugatish haqida emas, balki uni AQSh milliy manfaatlariga mos ravishda tuzish haqida", — dedi u Lotin Amerikasiga qilgan safarida.
USAID uzoq yillardan beri Pekinning e’tirozlariga duch kelgan. O‘tgan yili Xitoy tashqi ishlar vazirligi USAID dasturlarini korrupsiya va AQSh manfaatlarini ilgari surishga qaratilganlikda ayblovchi hisobot chiqargan edi.
USAIDning yopilishi Xitoy internetida katta shov-shuv bilan kutib olindi. Aksil-AQSh kayfiyatiga ega foydalanuvchilar bu qarorni olqishlab, ayniqsa, agentlikni yopganligi uchun Ilon Maskni maqtashdi.
Mask avval X platformasida USAIDni "jinoyatchi tashkilot" deb atagan va "uning yo‘q bo‘lish vaqti kelganini" yozgan edi.
USAID’ning yopilishi Xitoy ta’sirini kuchaytiradimi?
USAIDning yopilishi tarafdorlari Xitoy bu bo‘shliqdan foydalanishga harakat qilishidan xavotir bildirmoqda.
"Xitoy ko‘plab davlatlarda trillionlab dollar sarfladi, chunki u ularni o‘z ta’sir doirasiga tortishga qiziqadi", — deb yozgan AQSh demokrat senatori Kris Kuns “Washington Post” nashrida.
Vashingtondagi Jorj Vashington universiteti professori Stiven Balla ham bu fikrga qo‘shiladi. Biroq, u Xitoyning tashqi yordamni kengaytirish rejalari o‘zining ichki iqtisodiy muammolari tufayli to‘siqlarga duch kelishini aytgan.
"Siz yoshlar ishsizligi, ko‘chmas mulk pufagi va boshqa muammolarni hisobga olishingiz kerak, – deydi u. – Bu Zi Zinpin hukumatiga AQSh chekingan hududlarga tajovuzkor ravishda kirish imkoniyatini qiyinlashtirishi mumkin".
Ba’zi faollar esa Xitoy USAID o‘rnini bosishga harakat qilsa ham, AQSh yordami mavjud bo‘lgan ayrim sohalar umuman moliyaviy qo‘llovsiz qolishidan xavotirda.
AQShda yashayotgan sobiq xitoylik ekologik huquqshunos fikricha, Xitoyning yordami AQShniki kabi emas, u ko‘proq iqtisodiy manfaatlarga asoslangan va moliyaviy foyda ko‘rishga yo‘naltirilgan.
"Xitoy yetakchiligida ayollar huquqlari va tabiiy resurslarni boshqarish kabi sohalar moliyaviy qo‘llovsiz qolishi mumkin, – deydi u. – Afrika xalqi bundan jiddiy zarar ko‘radi, lekin bu ta’sir darhol sezilmasligi mumkin."