Prezident Donald Trumpning import qilinadigan po‘lat va alyuminiyga 25 foizlik tarif joriy qilishi AQShdagi kichik bizneslarga qanday ta’sir qilishi muhokama qilinyapti.
Kaliforniyaning Oakland shahridagi “Temescal Brewing” pivo zavodida har kuni ishchilar 6 000 dona alyuminiy qutiga qo’lbola usulda tayyorlangan pivo quyadi.
Kelasi oyda bu qutilar ancha qimmatlashishi mumkin.
Prezident Donald Trump po‘lat va alyuminiyga tariflarni oshirish bo‘yicha farmon imzoladi. Import qilingan alyuminiyga boj 25 foiz etib belgilandi, bu esa Trumpning birinchi prezidentlik muddati davridagi 10 foizlik tarifdan ancha yuqori. Po‘lat importiga ham kamida 25 foiz tarif qo‘yildi.
"Bu – Amerikani yana boy qilishning boshlanishi", - dedi Tramp.
Trump ma’muriyatining maqsadi AQShda ishlab chiqarishni, ayniqsa, po‘lat va alyuminiy sanoatini rivojlantirishdir. Chunki bu sohalar arzon import bilan raqobatlasha olmayapti. AQShda ishlatiladigan po‘latning qariyb chorak qismi import qilinadi, uning asosiy qismi Kanada va Meksikadan keladi. Alyuminiyning ham 50 foizdan ortig’i chetdan, asosan, Kanadadan import qilinadi.
"Kaliforniya va AQShda po‘lat hamda alyuminiy sanoati uchun haqiqiy yuksalish davri boshlanishi mumkin. Bu iqtisodiyotimiz uchun juda foydali bo‘ladi. Biroq bundan zarar ko‘radiganlar ham bor", - deydi ishlab chiqaruvchilar uyushmasi vakili Lens Hastings.
Uning aytishicha, ko‘plab sohalarda narxlar qimmatlashadi.
"Po‘lat va alyuminiy hamma joyda ishlatiladi. Ular har qadamda kerak. Qurilish, zavodlar barpo etish, avtomobillar ishlab chiqarish — bularning barchasida bu materiallar muhim ahamiyatga ega. Kundalik hayotimizda ham ularsiz iloji yo’q", - deydi u.
“Temescal Brewing” zavodi asosiy e’tiborni pivoni tezroq qadoqlash va sotuvga chiqarishga qaratgan. So‘nggi o‘n yillikda ilgari asosan shisha butilkalarda sotilgan bu pivo alyuminiy qutilarga o‘tgan. Natijada bu kabi pivo zavodlariga boj to‘lovlari to’g’ridan to’g’ri ta’sir qiladi.
"Kichik bizneslarga tariflarning oshishi katta ta’sir qiladi. Bu ba’zi joylarning yopilishiga sabab bo‘lishi ham mumkin. Biz bunday qiyinchiliklardan xursand emasmiz, albatta", - deydi zavod vakili Lukas Medina.
Bu kichik pivo zavodi global savdo ekotizimining bir qismi. Masalan, uning asosiy xomashyolaridan biri – solod – Kanadadan olib kelinadi. Shu bois, savdo urushining kengayishi zavod rahbariyatini xavotirga solmoqda.
"Bu bizni juda qo‘rqitadi. Chunki biz allaqachon katta qiyinchiliklarga duch kelyapmiz. Ta’minot zanjiri yanada qimmatlashsa, bu biz uchun yanada katta xavf tug‘diradi", - deydi kompaniya rahbari Brendon Borgel.
AQShning po‘lat va alyuminiy importiga qo‘ygan yangi boj to‘lovlari 12-martdan kuchga kirishi belgilangan.