AQSh Prezidenti Donald Tramp savdo urushidan qaytmoqchi emasdek ko’rinyapti. 11-fevral kuni u po’lat va alyuminiy importiga 25 foizlik tarif e’lon qildi.
“Bu katta ish, juda katta ish. Amerikani yana boy qilishning boshlanishi”, - dedi Tramp.
“Siz Amerika po’lat ishlab chiqaruvchilari manfaatlarini himoya qilayotgan prezidentsiz. Yoningizda turganimdan faxrlanaman va baxtiyorman”, - deydi nomzodi tijorat vaziri lavozimiga ko’rsatilgan Xovard Latnik.
Unga ko’ra, Trampning bu qarori mahalliy ishlab chiqaruvchilarga qo’l kelib, mamlakat iqtisodiyoti va milliy xavfsizligini kuchaytiradi.
AQShning eng yirik po’lat ta’minotchilari Kanada, Braziliya, Meksika va Janubiy Koreya tariflardan zarar ko’rishi kutilmoqda.
AQShning fevral boshida Xitoy mollariga kiritgan 10 foizlik tarifiga javoban Pekin AQSh mahsulotlariga 10 dan 15 foizgacha javob tarifini e’lon qildi.
“Savdo va tariflar urushida g’olib bo’lmaydi. Tariflarni bir tomonlama oshirish emas, teng muloqot va o’zaro hurmat asosida maslahat qilish kerak. Biz Qo’shma Shtatlarni xato siyosatini tuzatib, iqtisodiy va savdo masalalarini siyosiylashtirishni bas qilishga chaqiramiz”, - deydi Xitoy Tashqi ishlar vazirligi so’zlovchisi Guo Dzyakun.
Trampga ko’ra, AQShdan nafaqat raqiblar, balki ittifoqchilar ham foydalanmoqda.
"Bizni do‘st ham, dushman ham birdek urdi. Po‘lat va alyuminiyni chet ellarda emas, Amerikada ishlab chiqarishimiz kerak. Mamlakatimiz kelajagini himoya qilish uchun ishlab chiqarishni AQShning o’zida o’nlab yillar davomida kuzatilmagan darajada jonlantirish zarur”, - dedi Tramp.
Ko’p iqtisodchilar tariflar iste’mol narxlarini ko’taradi degan fikrda. Ta’minot zanjirlari va logistika mutaxassislariga ko’ra, Trampning bu qarori global siyosatga doir savollarni ham keltirib chiqaradi.
“Bu muzokara strategiyasimi yoki doimiy siyosat, aniq emas hozircha. Bu faqat Kanada, Meksika va Xitoyga nisbatan cheklovlarmi yoki keyinchalik Yevropa Ittifoqi va BRIKS davlatlariga ham qo’llaniladimi?”, - deya qiziqadi Sunderesh Xeragu, Oklaxoma davlat universiteti professori.
Unga ko’ra, AQShning keyingi qadamlaridan xavotirlar mamlakatlarni savdo munosabatlarini qayta ko’rib chiqishga majburlashi, bu esa ishlab chiqaruvchilar orasida xavotir uyg’otishi mumkin.
“Mavhumlik bizneslarga yoqmaydi. Ular hamma narsani to'xtatib qo'yishadi. Bu ishlab chiqarish faolligining pasayishini, shu bilan birga tariflar inflyatsiyaga yetaklashini anglatadi”, - deydi Xeragu.
AQSh avtomobil sanoati vakillari ham shundan xavotirda.
"Tizimga to’satdan kiritilgan o’zgarishlar yaxshilikka olib kelmaydi”, - deydi “MichAuto” kompaniyasi ijrochi direktori Glenn Stivens.
Tariflar 4-martdan kuchga kirishi kutilmoqda. AQShning savdo hamkorlari tariflar urushidan Amerika avtomobilsozlari, kemasozlari va boshqa sanoati ham zarar ko’rishi haqida ogohlantirmoqda.