AQSh prezidenti Rossiya-Ukraina urushini to’xtatishga zo’r berish bilan bir paytda global miqyosda savdo urushiga sababchi bo’lmoqda. Seshanba kuni Amerikaning Meksika va Kanada mahsulotlariga qo’ygan 25 foizlik, Xitoy mollariga qo’ygan 20 foizlik tariflari kuchga kirdi.
Prezident Tramp bu mamlakatlarni fentanil giyohvand moddasining AQShga kirishiga to’siq qo’ymayotganlikda ayblayapti.
Vashington Xitoydan kelayotgan elektronika mahsulotlari, noutbuk kompyuterlar, videoo’yin uchun moslamalar, bluetooth qurilmalariga qo’shimcha boj to’lovlari qo’ydi.
Xitoy ham jim qarab turgani yo’q. Shu kuni AQShdan Xitoyga kirayotgan soya, go’sht, paxtaga 10-15 foizlik javob tarifi kuchga kirdi, AQSh kompaniyalari eksport cheklovlariga yuz tutadi.
Pekinlik siyosatchilar AQShni xavotirga solayotgan muammolarni tahdidlar va bosim emas, muloqot va maslahatlashuv orqali muhokama qilishga tayyor ekanini bildirmoqda.
O’nlab yillar davomida AQSh bilan deyarli boj soliqlarisiz savdo qilgan qo’shni Meksika va Kanada iqtisodiyotlari tariflardan zarar ko’rishi aytilmoqda, qimmatbaho qog’ozlar bozori, Kanada dollari va Meksika pesosining dollarga nisbatan kursi tushdi.
Meksikada zavodlariga ega “General Motors” va “Ford” avtomobilsozlik kompaniayalarining hissalari ham qadrsizlangan.
Kanada Bosh vaziri Jastin Trudo AQShdan kelayotgan qariyb 107 milliard dollarlik mahsulotlarga 25 foizlik tarif bilan javob berdi.
Meksika Prezidenti Klaudiya Sheynbaum Amerikaning qarorini qoralab, javobsiz qolmasligini bildirgan.