8-mart Xalqaro xotin-qizlar kuni - siyosiy-ijtimoiy-iqtisodiy sana. Unda ayollarning huquqlari va manfaatlari, jamiyatdagi beqiyos roli, jinsiy tenglik va qonun ustuvorligi madh etiladi.
BMT 8-martni xotin-qizlar salomatligi va xavfsizligi, ularni zo'ravonlikdan himoya qilish uchun kun deb belgilagan. Bu harakatlar kun tanlamaydi, ammo yilning muayyan sanasida global e'tibor shu masalalarga qaratiladi.
"Xotin-qizlar shu kungacha ulkan yutuqlarga erishdi, ammo oldimizda behisob muammolar va to'siqlar bor", - deydi BMT vakili Paloma Eskudero "Amerika Ovozi" bilan suhbatda.
"Xotin-qizlar deyarli har bir jabhada erkaklardan orqada. Mojarolar va notinchlik ichida bu ayniqsa seziladi. Ayollar eng ko'p zarar ko'radi, eng dahshatli shaklda", - deydi Eskudero.
BMT ayollar yuzlashadigan muammolarni hal etishni tezlashtirishga undamoqda. "Accelerate Action" (Jadal harakat) degan shiorni yoyib, hukumatlarni, xususiy sektor va jamoatchilikni ogoh bo'lishga, ayollarni qiynayotgan har qanday masala yechimi uchun dadilroq qadam tashlashga chaqirmoqda.
Sayllar, mablag' jamg'arish, targ'ibot, konsertlar va boshqa tadbirlar orqali aholi orasida xotin-qizlarga hurmatni oshirish, ularga jamiyatning integral qismi deb qarash, ularning kamsitilishiga yo'l qo'ymaslik ko'zlangan.
Siyosat, ta'lim va maoshda tenglikni ta'minlash - BMT uchun birlamchi maqsadlardan.
Jahon iqtisodiy forumi hisobotiga ko'ra, jinsiy tengsizlik global miqyosda 68,5 foizda, ya'ni ayollar erkaklardan hamon shu darajada past va orqada. Tenglikka erishish uchun yana besh avlod tinimsiz harakat qilishi kerak.
Bu maromda, deyiladi hisobotda, jinsiy tenglikka erishish uchun yana besh avlod tinimsiz harakat qilishi kerak.
BMT Bosh kotibi Antonio Guterrish deydiki, jahon miqyosida gender masalalar yana orqa planga o'tayapti; gender siyosati nomiga olib borilib, shuncha chora-tadbirlarga qaramay xotin-qizlarni kamsitish normal holatga aylangan.
"Ayollar azaliy illatlar va ayanchli odatlar ichida yashashda davom etmoqda. Diskriminatsiya va iqtisodiy tengsizlik qadriyat deb o'rgatiladi", -deydi Guterrish.
"Tengsizlikni asoslash, ijtimoiy tarmoqlarda ularni targ'ib qilish, ayollarga bosim, ularni ezish, huquqlarini buzish normal turmush tarzidek ko'rsatish, jamiyat me'yori sifatida aks ettirish avj olgan", - deydi BMT Bosh kotibi.
"Teng huquqlarga urg'u berish o'rniga insoniyat xotin-qizlarni xo'rlashga zo'r bermoqda", - deya qoralaydi Guterrish.
Xalqaro xotin-qizlar kuni 20-asr boshida global bayramga aylangan. Unga turli mamlakatlarda, xususan G'arbda ayollarning siyosiy harakatlari avj olishi, huquqiy tenglik talabi turtki bergan.
1909-yilda Amerikada Sotsialitsik partiya Ayollarning milliy kuni degan sanani tanlab, xotin-qizlar ezilmasin, deya propaganda olib borgam. Ayollar ovoz berish huquqiga ega bo'lsin, mehnati uchun munosib haq to'lansin, qonunlar ularni erkaklar bilan teng ko'rsin, deb chiqqan bu partiya.
AQShdagi harakatlardan ilhomlangan Yevropa ayollari, jumladan Avstriya, Daniya, Germaniya va Shveytsariyada xotin-qizlar 1911-yilda namoyishlar o'tkazib, ularda 1 milliondan oshiq omma qatnashgan. Misli ko'rilmagan, tarixiy jarayonlar boshlangan.
BMT 8-martni Xalqaro xotin-qizlar kuni sifatida rasman 1977-yilda belgilagan.