Breaking News

Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyo strategiyasini ishga solmoqda


O'zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev Fransiya safarida, Parij, 12-mart, 2025
O'zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev Fransiya safarida, Parij, 12-mart, 2025

Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyo bilan hamkorlikni mustahkamlash ilinjida. Davlatlararo va mintaqalararo muzokaralar jadallashgan. 2019-yilda Markaziy Osiyoga doir yangi strategiya qabul qilgan ittifoq uni ishga solish uchun yangidan harakat boshlagan ko'rinadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 12-13 mart kunlari Fransiyada. Prezident Emmanuel Makron va boshqalar bilan muloqotdan maqsad, rasmiy bayonotlarga ko'ra, rishtalarni kuchaytirish, serqirra aloqa olib borish, sarmoya oqimini oshirish va Parij quvvatlovi bilan O'zbekistonning Yevropadagi nufuzini ko'tarish.

Bu orada Yevropa Ittifoqining Xalqaro aloqalar bo`yicha komissari Yozef Sikela Markaziy Osiyo bo`ylab safarini boshlagan.

Komissarning mintaqa bo`ylab sal kam bir haftaga mo`ljallangan sayohati 18- mart kuni O`zbekistonda yakunlanadi.

Parij, Fransiya, 12-mart, 2025
Parij, Fransiya, 12-mart, 2025

Aprel oyida Samarqandda Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo sammiti rejalangan.

Mintaqa Yevropa quvvatlovi oshishini, xususan iqtisodiy loyihalar ko'payishini kutmoqda.

Sammit ortidan Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyoga investitsiya kiritish va mintaqada ish o`rinlari yaratishni nazarda tutuvchi “Golobal Gateway” forumi ish boshlaydi.

Tahlilchilar nazarida bu harakatlar bejiz emas. Dunyoda geosiyosiy vaziyat ancha taranglashgan. Rossiya-Ukraina urushi Yevropa barqarorligi, shuningdek, global xavfsizlikka tahdid solmoqda. G’arb uyushqoqligiga darz ketgan. AQSh-Yevropa munosabatlari keskinlashgan. Markaziy Osiyoda Xitoy qudrati shiddatli tarzda oshib bormoqda.

Qirg'izistondan ekspert Alisher Hamidov fikricha, geosiyosiy vaziyatdan qat’i nazar, Markaziy Osiyoda Yevropa bilan aloqalar qadrlanadi.

“Yevropa Ittifoqidagi bo`linish, Yevropaning AQSh bilan munosabatlari taranglashayotgani, albatta bugungi Yevropa Ittifoqi avvalgisi emasligini ko`rsatadi. Ammo bular Markaziy Osiyo bilan aloqalarga ta’sir qilmaydi, Yevropa Ittifoqida Markaziy Osiyoga nisbatan yagona siyosat mavjud, hamjihatlik bor," - deydi mutaxassis.

"Markaziy Osiyo uchun ham Yevropa nufuzli hamkor sifatida qolyapti. Aksariyati avtoritar rejimlardan iborat mintaqa davlatlari uchun taraqqiyotga erishgan Yevropa bilan munosabatlar rivojlanayotganini ko`rsatish muhim. Bu mintaqa liderlari, siyosiy elitaning Yevropa davlatlaridagi shaxsiy manfaatlariga ham asoslanadi. Umuman olganda Yevropa Markaziy Osiyo imkoniyatlari, iqtisodi uchun Xitoy darajasidagi qudrat emas, uning bunday imkoniyatlari yo`q. Ammo ilg’or texnologiyalar, taraqqiyot masalasidagi muhim hamkor”, - deydi Hamidov.

Fransiya O'zbekistonda inson huquqlari bilan bog'liq ahvolga hozirda qanchalik e'tibor berayotgani mavhum
Fransiya O'zbekistonda inson huquqlari bilan bog'liq ahvolga hozirda qanchalik e'tibor berayotgani mavhum

Markaziy Osiyoda, xususan mintaqa jamoatchiligi uchun Yevropa bilan aloqalar rivojlanishi demokratik qadriyatlar, inson huquqlari, fuqarolik jamiyatini rivojlanishi bilan muhim ahamiyat kasb etadi.

Markaziy Osiyodagi inson huquqlariga doir vaziyat asosan G´arb liderlari bilan muzokaralarda, Yevropa Ittifoqi doirasidagi turli uchrashuvlarda muhokamaga chiqarilishi mumkin.

Ammo faollar kuzatishicha, so`nggi jarayonlarda G’arb, xususan Yevropa ham mintaqa bilan aloqalarda inson huquqlari muhokamasini chetlab o`tmoqda.

Ammo huquq himoyachilari Yevropa liderlari diqqatini mintaqadagi murakkab vaziyatga qaratishda davom etmoqda. Prezident Mirziyoyevning Fransiyaga safari ham bundan istisno emas.

Markaziy Osiyo inson huquqlari uyushmasi Mirziyoyev tashrifi munosabati bilan Prezident Makronga murojaat qildi.

Unga ko'ra, O´zbekistonda inson huquqlari, jumladan so’z erkinligiga doir vaziyat so’nggi paytda jiddiy og’irlashgan; mahalliy faollar, ijtimoiy tarmoqlarda muammolar haqida gapirayotgan bloggerlarga nisbatan tazyiqlar kuchaygan va ular turli soxta ayblovlar bilan qamoqqa tashlanmoqda.

“Biz Fransiya Prezidenti Makronni O’zbekistondagi faollar tomonidan bildirilayotgan xavotirlarga befarq qolmaslikka, inson huquqlari O`zbekiston-Fransiya aloqalari rivojlanishidagi muhim masala sifatida qolishiga chaqiramiz”, - deyiladi murojaatda.

Alisher Hamidov taxminicha, Mirziyoyev-Makron muzokaralarda huquq muhokama qilinishi ehtimoli uzoq.

“Iqtisod, iqtisod, iiqtisod. Mirziyoyev Makron bilan o`rnatilgan o`zaro iliq munosabatlardan foydalanib, Fransiya sarmoyasini O’zbekistonga jalb etmoqchi. Asosiy maqsad Fransiya orqali O’zbekistonni Yevropaga kengroq taqdim etish, yangi iqtisodiy imkoniyatlar topish. Qolaversa, Yevropaning Markaziy Osiyoga nisbatan siyosatida ham inson huquqlariga berilgan ustuvorlik susaya boshlagan”.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG