Breaking News

Robiya Qodir: Uyg'ur madaniyati - uning quroli


Bu AQShdagi uyg’ur diasporasi tomonidan tashkil etilgan ilk madaniyat kechasi bo’ldi. Tadbir AQSh Kongressining Vakillar palatasiga qarashli Kennon binosida o’tdi. Sharqiy Turkiston musulmonlari hayotini aks ettiruvchi, uyg’ur milliy kiyimlari, taomlari va cholg’u asboblari ko’rgazmasi namoyish etildi.

Kechada AQSh Kongressi a’zolari, uyg’ur diasporasi va xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdilar. Tadbir boshida, AQSh Kongressining inson huquqlari bo’yicha bloki raisi, Uyg’ur inson huquqlari va demokratiya bo’yicha xalqaro jamg’armasi tashkilotchilaridan biri, kongressmen Tom Lantos mehmonlarga murojaat etdi.

“Amerika xalqiga uyg’ur madaniyatini namoyish qilayotganingiz uchun Kongress nomidan tashakkur bildiraman. Kongress mintaqadagi vaziyatdan boxabar va uyg’urlarning ozodlik va demokrtiya yo’lidagi kurashini yuqori baholaydi,”- dedi kongressmen Tom Lantos.

Uyg’ur inson huquqlari himoyachisi, 2005-2006 yillarda tinchlik uchun Nobel mukofotiga nomzodi ko’rsatilgan Robiya Qodir uyg’urlar ozodligi uchun kurashda yordam berayotgani uchun AQSh hukumatiga minnatdorchilik izhor etdi.

Madaniyat kechasining homiysi Uyg’ur inson huquqlari va demokratiya bo’yicha xalqaro jamg’armasi bugunda qanday faoliyat olib borayotganligi haqida, jamg’arma raisasi Qodir xonim bizga shularni bildirdi:

“Bugungi madaniyat kechasini uyg’ur xalqining inson huquqlarini har qanday yo’l bilan, muhimi tinchlik yo’li orqali inson huquqlarimizni va zaminimizni qaytarib olish niyatida tashkillashtirdim. Men har yerga borib dardimni aytdim, baqirdim, yig’ladim va nihoyat halqim o’z madaniyati, urf odati va taomlari bilan odamlarning yuragiga kirib borsin, dedim. Agar o’zbeklar bizni o’zbek desa, yoki o’zbeklarni biz uyg’ur desak hafa bo’lish kerak emas, ahir biz bir jon, bir qon tug’ishgan xalqmiz",-deydi Qodir xonim.

"Biroq men, Xitoyning bizni xitoyliklar deya atashiga chiday olmadim. Shu sababdan, men 400 nafar kongressmenga, 100 nafar senatorga, Davlat departamentiga murojaat etib mazkur tadbirimizga taklif etdim. Ulardan uchtasi, ikkitasi va hatto bittasi kelsa ham bu mening yutug’im. Ularni madaniyatimiz, dinimiz, taomlarimiz, urf odatlarimiz bilan tanishtirishga ahd qilgan holda, butun dunyoga ko’rsatmoqchiman. Bu tadbirni juda katta qiyinchiliklar bilan tashkil etdim. Katta moliyaga ega bo’lmasamda, aslida bu hukumat darajasida qilinadigan ish bo’lsada, men xalqimni, madaniyatimni dunyoga tanitay dedim. Garchi, bu oddiy ish bo’lsada, uning ahamiyati juda kattadir. Bu xalqimning erkinlikni qo’lga kiritish yo’lidagi kichik bir qadamidir”,- dedi Robiya Qodir.

Tadbirda davlat kotibining Yevrosiyo masalalari bo’yicha sobiq o’rinbosari Elizabet Jouns ham qatnashdi. Uyg’ur madaniyati kechasida nafaqat qo’shiq va raqslar, balki Sharqiy Turkistonda ezilayotgan va 20 millionlik vakiliga egan bo’lgan millat muammolari haqida ham so’zlandi.

XS
SM
MD
LG