Breaking News

“Xitoy 11-sentabrni bahona qilib, uyg’urlarni qamaydi”


“Xitoy 11-sentabrni bahona qilib, uyg’urlarni qamaydi”
“Xitoy 11-sentabrni bahona qilib, uyg’urlarni qamaydi”

Uyg’ur faollari Xitoyni terrorizmga qarshi kurash bahonasida minglab millatdoshlarini qamayotganlikda aybladi. Shinjon-uyg’ur muxtoriyatida har qanday e’tiroz terrorizm va diniy ekstremizmga bog’lanadi, deydi uyg’ur yetakchisi Robiya Qodir.

Germaniyada asoslangan Jahon uyg’urlari kongressi rahbari Robiya Qodir nazarida Xitoy hukumati 11-sentabr xurujini o’ziga qurol qilib olgan. Shinjonda siyosiy, ijtimoiy yoki diniy norozilik tug’ilgan zahoti hukumat buni ekstremistlar qilmishi deydi va haqqini talab qilgan fuqarolarning og’zini yopadi.

Robiya Qodirning aytishicha, Xitoy xalqi orasida mavjud siyosatga qarshi g’azab hissi kun-sayin kuchayib bormoqda. Odamlar bosh ko’targan. Lekin aynan uyg’urlar namoyishi terrorizm deb ko’riladi.

Markaziy Osiyo, Hindiston va Pokiston bilan chegaradosh, tabiiy zaxiralarga boy Shinjonda yashovchi uyg’urlar madaniy, diniy bosimdan va mintaqaga xitoylar ko’chib kelayotganidan shikoyat qilib keladi. Shu yilning yozida mojaro 20 dan ziyod odamni hayotdan olib ketgan.

Jahon uyg’urlari kongressining bildirishicha, oxirgi 10 yilda minglab odamlar, asosan, uyg’urlar “davlat xavfsizligiga tahdid” kabi umumiy ayblov bilan turmaga tashlagan.

Kongress bayonotida aytilishicha, Xitoy 2001-yilning 11-sentabridan keyin Amerika bilan hamkorlikda terrorizmga qarshi kurash boshlaganidan beri taxminan 7000 uyg’ur qamalgan. Urumchida 2009-yilgi chiqishlar ketidan 26 odam o’limga mahkum etilib, aksariyati uyg’urlar bo’lgan.

Rasmiy Pekin talabi bilan qator davlatlar, jumladan, Qozog’iston, Qirg’iziston, O’zbekiston, Kambodja, Laos, Malayziya, Birma, Nepal, Pokiston va Tailand kamida 180 nafar uyg’urni Xitoy adliya tizimiga topshirgan. Ular yo qamoq, yo o’lim jazosini olgan, deyiladi Jahon uyg’urlari kongressi bayonotida.

Xitoy hukumati Shinjonni qoloqlikdan va jangarilar ta’siridan xalos etishga urinayotganini aytib, mintaqaga katta-katta sarmoya kiritib keladi. Lekin uyg’urlar bu imkoniyatdan faqat xitoylar foyda ko’rayotganidan arz qiladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG