Breaking News

Uyg'urlar adolat talab qilmoqda, Xitoydan va jahon hamjamiyatidan


Uyg’ur xalqi dunyoda davlatchilik uchun kurashib kelayotgan yirik etnik guruhlardan biri. Jahon bo’ylab 20 million atrofida uyg’ur bor.

Ularning 10 millionga yaqini Xitoy g’arbida - Shinjon Uyg'ur Muxotiyatida, uyg’urlar ta’biricha esa Sharqiy Turkistonda istiqomat qiladi.

Markaziy Osiyo va G’arb davlatlarida ham uyg’urlar millionlarni tashkil etadi.

Uyg’urlar din va madaniy jihatdan turkiy dunyoning bir qismi. Uyg'urlar mustaqillik va erkinlik uchun kurashyapmiz desa, rasmiy Pekin ularni bo’lginchilikda ayblaydi. Uyg’urlar shu kabi ayblovlar ostida hatto dunyoning eng zulmatli dargohlaridan biri Guantanamo qamoqxonasiga ham borib qolgan.

Uyg’urlar o’zlarini zamonaviy tarixda eng ko’p zulm va sitamga uchragan xalq deb biladi. Asosiy zulmkor- Xitoy. Xitoy uyg’ur millatini tag-tugi bilan qirib tashlashga ahd qilgan; asosiy maqsad uyg’ur millati kelajagini saqlab qolish, deydi Jahon Uyg’urlari Kongressi rahbari, o’tgan yili xalqaro tinchlik uchun Nobel mukofotiga ko’rsatilgan Robiya Qodir.

“Xitoy bizning millatni ildizi bilan yo’q qilib yuborishga urinar ekan, biz AQSh hukumatidan buni qonuniy tarzda qoralab, uning tashqi siyosatida buni hisobga olishga undaydigan bir qonun bilan chiqishni talab qilyapmiz”.

Robiya Qodir nazarida Xitoyning naqadar zolim davlat ekani hammaga ma’lum. Erkinlik kuychisi bo’lmish AQSh, deydi faol, uyg’urlar xalqaro qonunlar asosida o’z taqdirini o’z belgilashga haqqi borligini quvvatlashi lozim.

8 fevral kuni Xitoyning Shinjon uyg’ur muxtoriyatida Ismoil Samad ismli faol Xitoy hukumatiga qarshi fitna uyushtirganlikda aybdor deb topilib qatl etilgan.

Hussayn Jalil ismli yana bir faol Kanada fuqarosi bo’lsa-da, Xitoyda qamoqda o’tiribdi. Toshkentdan uylangan Jalil O’zbekistonda ushlanib, Xitoyga ekstraditsiya qilingan. Imomlik qilib kun ko’rgan Jalil ektremistlikda, Xitoy rasmiylariga nisbatan hujumlarda ayblanadi.

“O’zbekistondagi diktatorlik tuzumi Xitoy bilan hamkor ekan, xalqaro qonunlarga xilof holda, o’z davlat siyosatiga xilof holda, o’zbek xalqining irodasiga xilof holda Shnxay Hamkorlik Tashkilotining qonuniga bo’ysundirgan holda Xitoyga topshirdi”,- deydi Robiya Qodir.

Xitoy Markaziy Osiyoda siyosiy hukmronlikka intilmoqda, deydi uyg’ur faoli. Biroq rasmiy Pekin uyg’urlarga nisban keskin siyosatini terrorizmga bog’laydi. Sharqiy Turkistonda jangarilar bizning davlatga qarshi hujumlar qilmoqda, deydi Xitoy rasmiylari. Sharqiy Turkiston Islomiy Harakati bir paytlar AQSh tomonidan terror guruhi deb tan olingan, biroq 2005 yilga kelib tashkilot qora ro’yxatdan chiqarildi.

AQSh Afg’onistonda Tolibonga qarshi urush ochganida 20 dan ortiq uyg’urlar qo’lga olingan va Kubaning Guantanamo bo’g’ozidagi AQSh qamoqxonasiga jo’natilgan. Ularga oqlovchilik qilgan uyg’ur advokati Nuri Turkelning aytishicha, mahbuslarning terrorchi emasligi 2003 yilda isbotlangan va tan olingan.

“Aslida Guantanamoda 25 uyg’ur bor edi: 22 nafari Sharqiy Turkistondan, bir nafari Saudiya Arabistonidan va ikki nafari Qozog’istondan. Qozog’istonliklar u yerga qaytarildi. Besh nafar mahbus Albaniyadan boshpana oldi. Biri Saudiya Arabistoniga qaytarildi. Hozirda Guantanamoda 18 nafar uyg’ur bor”,- deydi Turkel.

Albaniyaga ketganlarning biri aslida o’zbekistonlik bo’lgani ma’lum. Ularning hammasi Afg’onistonda 2001-2002 yilda ushlangan. Nuri Turkelning aytishicha, ularni AQSh bilan hamkorlik qilgan mahalliy jangarilar, jumladan o’zbeklar tutib bergan. Har bir mahbus uchun AQSh besh ming dollargacha mukofot bergan.

Nyu-Yorkdagi Konstitutsion Huquq Markazi (Center for Constitutional Rights) deb atalmish advokatura xodimi Vells Dikson (Wells Dixon) nazarida uyg’urlar jahon himoyasiga muhtoj odamlar.

Har bir inson, aybsizmi-aydormi huquqiy himoya bilan ta’minlanishi lozim, deydi Dikson.

Uyg’ur mahbuslar Guantanamoda 2003 yilda oqlangan, biroq ularga boshpana berishga moyil davlat topish qiyin bo’lyapti.

“Ularni Xitoyga yubora olmaysiz”,- deydi Dikson. “Chunki ularni din va millati uchun jinoyatga tortishlari mumkin. Advokat sifatida bizning vazifa ularni qochqin deb tan olib, boshpana beradigan davlat topish”.

So’nggi xabarlarga ko’ra Guantanamoda qolayotgan uyg’ur mahbuslar 4-lagerdan – erkinroq va boshqalar bilan muloqot qilsa bo’ladigan joydan, 6-lagerga - qattiq tartibdagi zonaga ko’chirilgan.

“6-lager AQShning eng mahkam qamoqxonalaridan. Yangi tartibdagi turma. Har bir mahbus yolg’iz, izolyatsiyada saqlanadi. Temir devor orasida. Nimaiki bo’lsa, hammasi temir. AQSh hukumati uyg’urlar nega ko’chirilgani tushuntirmayotganidan juda norozimiz”,- deydi Dikson.

Nuri Turkelning aytishicha, mahbuslarga ovqat beriladi, biroq yolg’iz saqlanish ular uchun ruhiy azob.

“Inson uchun bir qafasning ichida o’tirish; suv va Qur’on, tahorat qiladigan joydan boshqa hech narsa berilmasligi. Bu insonning yashash uchun eng zarur narsalardan ayrilgani emasmi”?

Guantanamoda yaqini saqlanayotgan odamlar Konstitutsion Huquq Markaziga murojaat qilishi mumkin. Markazning AQShdagi adresi: J. Wells Dixon, Center for Constitutional Rights, 666 BroadwayNew York, New York 10012. Tel: (212) 614-6423, Faks: (212) 614-6499.

Uyg’urlar asosan Amerika xalqi yordamiga tayanadi. Biroq o’zlarini turkiy dunyoning bir parchasi deb hisoblaydilar. Biroq Xitoy bilan hamkorligi sabab turkiy davlatlar shu paytgacha uy’gur masalasiga aralashishni ma’qul deb topmaydi.

Robiya Qodir fikricha Markaziy Osiyoning bunga hali haddi sig’maydi, biroq Turkiya bunga qodir, biroq mardlik ko’rsata olmayapti, deydi Robiya xonim.

“Turkiya xalqi bizni yaxshi ko’radi, tushunadi. Turkiya hukumati o’zini demokratik musulmon davlati deb dunyoga jar solar, bizni, mayli, turkiylik uchun emas, demokratiya uchun bizga yon bosmog’i lozim. Xitoy zulmiga biz bilan bir safda turib, qarshilik ko’rsatishi kerak”.

Yaqinda Germaniyaning Myunxen shahrida Jahon Uyg’urlari Kongressiga asos solindi. 11 farzandning onasi Robiya Qodir rahbar etib saylandi. 60 yoshli Robiya Qodir - uyg’urlarning onasi va rahnamosi - Xitoyda davlat dushmani deb e’tirof etiladi. Bir paytlar Xitoydagi eng boy tadbirkorlardan hisoblangan Robiya xonim hukumatni tanqid qilgani uchun olti yil qamoqda o’tirib chiqqan. Hozirda ikki o’g’li turmada.

“Mening xalqim o’z umidini, orzusini menga ishonib topshirdi. Avvalo xalqimga rahmat deyman. Uning ishonchini sharaf deb bilaman. Bizning maqsadimiz tinch yo’l bilan, demokratiya bilan, inson huquqlarini da’vo qilish, Xitoyning bizga qarshi siyosatini qardosh xalqlarga va butun dunyoga bildirish...”, - deydi Robiya Qodir.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG