Breaking News

O'zbekistonda ayollarning siyosiy faol bo'lishi uchun sharoit yo'q


O`zbekiston prezidenti Islom Karimov mamlakat ayollarini siyosiy faollikka chaqirmoqda.

Siyosiy sharhlovchilar fikricha O`zbekistonda haqiqatda ayollarning siyosiy faolligi kuzatilmoqda. Bu faollik esa hukumatga muxoliflik yoki ijtimoiy-iqtisodiy hayotning tobora og’irlashib borayotgani bilan bog’liq.

O`zbekiston prezidenti ayollarning siyosiy faolligiga to`xtab o`tar ekan, saylov to`g`risidagi qonunlarga ko`ra deputatlik o`rinlari ayollar uchun 30 foizdan kam bo`lmagan tarzda belgilanishiga qaramasdan ayni paytda ayollar 15 foizni tashkil etishayotganini afsus bilan qayd etadi.

Prezident ayollarni siyosiy faollikka chaqirar ekan, ularning faoliyat yuritishlari uchun barcha imkoniyatlar yaratilayotganini qayd etadi.

Muxolifatdagi “Ozod dehqonlar” partiyasining raisi Nigora Hidoyatovaning aytishicha, prezident chaqariqlari navbatdagi ko`zbo`yamachilik, aslida deputat ayollarda yoki tegishli davlat tashkilotlarida ham ayollar bilan bog’liq muammolarni ko`rtarish imkoniyati yo’q.

“Masalan, Ombudsman Sayyora Rashidovaning faoliyatini oling, u huquqlari buzilgani uchun o`ziga murojaat qilayotgan ayollarga yordam bera oladimi yoki Bosh vazir o`rinbosari Svetlana Inomovani oling, u bugun ayollarda uchrayotgan muammolar, kamqonlik, SPID kasalligining tez suratlarda tarqalishi yoki ayollarning mardikorlikka chiqayotgani muammolari yuzasidan nima qilishi mumkin? Muammolar bu ayollar tomonidan ko`tarilmaydi, ular faqat bezak uchungina o`tirishibdi”, - deydi Nigora Hidoyatova.

“Milliy tiklanish” demokratik partiyasining markaziy kengashi raisi Xosiyat Mirzajonova fikricha ayollarning siyosiy faolligi cheklanmagan, balki deputatlikka saylanishlari uchun imtiyozlar belgilangan.

“Partiyamizning o`zidan uch deputat ayol Oliy Majlisda o`tirishibdi, ayollarni siyosiy faoliyatalari uchun barcha imkoniyatlar bor. Umuman agar beshta partiya haqida gapirsak, ularning yo`nalishida farq bo`lishi mumkin, lekin asosiy maqsadi prezidentni yonida bo`lib, xalq farovonligiga xizmat qilish”, - deydi Xosiyat Mirzajonova.

Kuzatuvchilarga ko`ra O`zbekistonda haqiqatda ayollarning ijtimoiy-siyosiy hayotiga faol aralashuvi kuchaygan, biroq bu ko`proq siyosatga norozilikda yoki muxoliflikda ko`rinmoqda.

So`nggi paytda aynan bir nechta ayol huquq himoyachilarining hibsga olinishi, qamoq jazosiga hukm qilinishi ayollar faolligini o`sib borayotganidan darak sifatida ta`kidlanadi.

O`zbekiston Xotin-qizlar qo`mitasi vakillaridan ayollarning siyosiy-ijtimoiy faolligi masalasida munosabat olish imkoniyati bo`lmadi.

Xotin-qizlar qo`mitasining ijtimoiy faoliyat bo`limi bosh mutaxassisi Hafiza Xolidovnaning aytishicha, qo`mita vakillari ayni paytda hibsda saqlanayotgan ayollar Mo`tabar Tojiboeva, Umida Niyozova va Gulbahor To`rayevalar faoliyatidan yaxshi xabardorligini, biroq ularga nisbatan Xotin-qizlar qo`mitasida qanday munosabat mavjudligi bo’yicha ruxsatsiz gapira olmasligini bildiradi.

“Ozod dehqonlar” partiyasining raisi Nigora Hidoyatovaga ko`ra, ayollar faolligining aynan norozilik kayfiyatida ko`rinishi, odatda mamlakatning inqirozga yuz tutganidan darak beradi.

“Markaziy Osiyo mintaqasida bunday holler tarixdan ayon. Xudoyorxon xonligi davridagi inqirozli vaziyatda ham ayollar isyoni kuzatilgan. Ijtimoiy-siyosiy hayotda inqiroz boshlanganda ayollar o`z farzandlari taqdiriga, ularni yedirib-ichirish, kiydirish uchun befarq qolisholmaydi, ana shunday inqirozli davrlarda ayollar faol pozitsiyada turishga majbur”, - deydi Hidoyatova.

O`zbekiston siyosatidagi, jumladan Oliy Majlis yoki Xotin-qizlar qo`mitasidagi ayollardan, shunchaki bezak sifatidagina foydalanilayotgani ta’kidlanmoqda.

Muxolifatdagi “Erk” demokratik partiyasi vakili Dilorom Is’hoqovaga ko`ra, bugun o`zbek ayollari har qachongidan ko`ra xo`rlangan, qul sifatida tashqariga sotilmoqda, ayovsiz va qarovsiz ravishda ishlatilmoqda, ayollarining bu qadar qadrsizlanishi mamlakat tarixida kuzatilmagan.

XS
SM
MD
LG