Breaking News

O'zbekistonda bepul tibbiy xizmat faqat qog'ozda


Markaziy Osiyoda o’tkazilgan tadqiqotlar shuni ko’rsatmoqdaki, sog’liqni saqlash sohasining xususiy bo’lishi bozor iqtisodi sekin rivojlanayotgan jamiyatlarda aholi salomatligini tahdid ostiga qo’yadi.

O’zbekistondagi mavjud qonunlarga ko`ra fuqarolar bepul tibbiy xizmat bilan ta`minlanishi kerak. Biroq shifoxonalarda bepul dori-darmon yoki muolaja haqida gapirish qiyin. Aksariyat odamlar xususiy markazlarda davolanish imkoniyatiga ega emas.

“Fuqarolar sog`lig`ini muhofazalash” to'g'risidagi qonunga muvofiq davlat aholiga sifatli tibbiy xizmat ko`rsatish majburiyatini olgan. Har bir fuqaro bepul muolaja olishi shart.

So`nggi yillarda hukumat sog'liqni saqlash sohasini isloh qila boshladi. Bu islohotlarni chuqurlashtirish maqsadida, O'zbekiston prezidenti qaroriga ko'ra, 2007 yilda ishchi guruh tuzildi.

Asosiy e'tibor pullik xizmat turlarini ko'paytirishga qaratildi. Davlat tasarrufidagi shifoxonalar ham qisman pullik xizmat ko`rsatish tizimiga o`tdi. Mamlakatda xususiy tibbiy markazlar rivojlana boshladi.

Lekin respublikada o'rtacha bozor talabiga javob bermas ekan, aholining aksariyat qismi o'z salomatligiga qaray olmayapti.

“Homilador ayollarga yordam bepul bo`lishi kerak, lekin bu faqat qog`ozda. Aslida esa hammayoqda pul. Kasalxonaga tushsangiz, pulingiz bo`lsa davolanasiz, bo`lmasa qarzga botib yotaverasiz yoki qabul qilmaydi. Homilador ayol tug'ishi uchun bir dunyo pul kerak. Aslida esa bu tekin xizmat deb belgilangan", - deydi farg`onalik faollardan biri G`anixon Madumarov.

Oddiy fuqarolar, ayniqsa ijtimoiy nochor qatlam uchun malakali tibbiy xizmat olish eng og`ir muammolardan. Davlat shifoxonalarida ham, xususiy klinikalarda ham davolansih juda qimmat.

Toshkentdagi xususiy klinikalardan birida, masaslan, oddiy bemorning bir kunlik davolanishi o`rta hisobda 150 ming so`mga to`gri keladi. Mamlakatda esa o`rtacha ish haqi o`zi 150 ming so`m atrofida.

Sog'liqni saqlash tizimi korrupsiyaga botgan soha ekani ham sir emas. G`anixon Madumarov fikricha muammo shifokor va bemorni birdek qiynab keladi.

“Go'dak vaqtida pulini (ijtimoiy yordam) olmasa, ona vaqtida ovqatini yemasa, albatta kasal bo'ladi-da. Sog'liqni saqlash vazirligi "Vaqtida pulini bermasang odamlar kasal bo`ladi. Indinga boshqa kasalliklar ko`payadi. Qachon bu muammolar bartaraf bo'ladi"? deb masalani prezident oldiga olib chiqa oladimi? Kecha shifoxonada bo`ldim. Hamshiralar hali avgustning maoshini olmagan. Shuning ham 50 foizini plastik kartochkaga o'tkazayapti. Tibbiy xodimlarning o'zi hozir yig'lab o'tiribdi”, - deydi Madumarov.

O'zbekisonda ijtimoiy xavfi yuqori kasalliklarga, jumladan sil hamda immunitet taqchilligi virusi va undan vujudga keluvchi sindrom (SPID) ga qarshi kurash ham muammoligicha qolmoqda.

Jahon Sog`liqni Saqlash Tashkiloti ma`lumotiga ko`ra O`zbekistonda sil xastaligi tezlikda tarqalmoqda, ayniqsa uning kuchli turlari.

Respublika yuqumli kasalliklarga qarshi choralar ko'rish uchun xalqaro tashkilotlardan ko'mak oladi.

Silga qarshi kurash yo'lida, AQSh Xalqaro Taraqqiyot Agentligi moliyaviy ko'magida, O'zbekiston Sog'qliqni saqlash vazirligi bilan hamkorlikda, bir necha loyihalar yo'lga qo'yilgan.

“HOOP dasturi samarasi bilan silni aniqlash tizimi yaxshilandi. Butun respublika bo`ylab treyniglar o'tkazilib, silga qarshi kurashda mutaxassislar malakasi oshirildi”, - deydi bu loyiha mutaxassisi Umida Matkarimova.

Mamlakatda ijtimoiy vaziyat og'ir ekan, aholi salomatligi ham xavf ostida. Aksariyat fuqarolarda tibbiy ko'rikdan o'tish uchun mablag' yo'q. Kasallikning oldi vaqtida olinmasa, bu nafaqat oilaga qimmatga tushadi balki atrofdagilarga ham yuqish ehtimoli yuqori.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG