Breaking News

Majburiy mehnat O'zbekistonni savdo imtiyozidan qoldirishi mumkin


Xalqaro tashkilotlar O’zbekiston paxta yig’im-terimiga yosh bolalarning majburan jalb qilinishidan tashvishda. Bu orada O`zbekistonda paxta xirmoni bayram qilinmoqda.

Mehnatkashlar huquqlarini himoya qilish xalqaro jamg`armasi (ILRF) AQSh Savdo vakolatxonasiga O`zbekiston paxta dalalaridagi ahvol yuzasidan murojaat yo’llagan.

Ta`kidlanishicha, o`zbek paxtasini yetishtirishda yosh bolalar mehnatidan foydalaniladi.

Bu paxta tannnarxini arzonlashtirish bilan birga o`quvchi va talabalarning ta`lim olish jarayoniga katta zarar yetkazadi.

O`zbekiston Xalqaro mehnat tashkilotining bolalar mehnatidan foydalanishni taqiqlovchi 182- konvensiyasini buzmoqda.

Ma`lumotlarga ko`ra, bu konvensiya O`zbekiston hukumati tomonidan imzolanmagan.

Yaqinda O`zbekiston prezidenti 3 million 600 ming tonna paxta xomashyosi terilib, respublika bo`yicha davlat rejasi bajarilgani munosabati bilan paxtakorlarga tabrik yo`lladi.

Fermerlardan biri hozir paxtakorlar tabrikdan ko`ra aniq yordamga muhtoj deydi.

“Davlat hech bo`lmaganda terim uchun hasharchilarga berilayotgan pulni o`z hisobidan to`laganda edi, dehqonga yordam bo`lardi. Lekin fermer hisobidan ketayapti. Ular faqat ko`rsatma beradi “ajrat” deb, fermer esa buncha naqd pulni hech qachon ko`rmagan”, - deydi u.

Davlat rejasi rasman bajarilganiga qaramasdan, paxta terimiga jalb qilingan talabalar va o`quvchilar daladan qaytgani yo’q.

Ma`lumotlarga ko`ra, paxta dalalariga qor tushguncha yordamchilar ushlab turiladi.

Paxta terimiga chiqqan talabalardan biri ko`pchilik talabalar ovqat puli uchun qarz bo`lib qolgan, qarz esa keyinchalik stipendiya hisobiga uziladi deydi.

Terimchilar uchun shiyponda yashash sharoiti o`ta og`irligi bois talabalar ijaraga uy qidirishga majbur.

Terimchilardan biri fikriga ko`ra, dalada teradigan paxta qolmagan.

“Bitta bolaga 10 kilodan paxtaning o`zi yo’q, paxta hozir g`o`zapoyaga aylanib bo`lgan. Bolalar yuribdi, kuni bilan dalada och-nahor, tushlik qilishga ham qo`rqib”, - deydi u.

O`zbekistonda un, paxta yo`gi kabi mahsulotlar narxi keskin o`sib, bu mahsulotni yetishtirgan fermer qattiq zarar ko`rgan.

“Dehqon bug`doyni 120 so`mdan topshirib, endi bozordan 600 so`mdan sotib olishga majbur bo`layapti. Prezidentimizning gaplariga ko`ra, 6 million tonna bug`doy yetishtirilgan, shu bug’doyni dehqonning o`ziga qoldirganda edi, bozor narxi bunchalik ko`tarilmasdi”, - deydi fermer.

Uning aytishicha, avval chigit hisobidan dehqonga paxta yog’i berilgan. Bu ham prezident tashabbusi bilan bekor qilingan, natijada dehqon bozordan 2,800 so`mdan paxta yo`gi sotib olishga majbur.

Kuzatuvchilar fikriga ko`ra, O`zbekiston qishloq xo’jalik siyosati fermerlarni keskin nazoratda ishlatish, ular mehnatini suiiste’mol qilish asosida yuritilmoqda.

Huquq himoyachilari O`zbekistonda bolalar mehnatiga chek qo`yish talabi bilan xalqaro tashkilotlarga murojaat qilgan, biroq bu urinishlar samarasiz.

Mehnatkashlar huquqlarini himoyalash xalqaro jamg`armasining AQSh Savdo vakolatxonasiga murojaatida O`zbekiston qishloq xo`jaligida bolalar mehnatidan foydalanilayotgani bois mamlakatga berilgan savdo imtiyozlarini cheklash taklif qilinadi.

XS
SM
MD
LG