Breaking News

Korrupsiya taraqqiyot kushandasi ekan, yechim xalq qo'lida


Yaqinda O’zbekistondan qaytgan va mamlakatdagi siyosiy-iqtisodiy ahvol bilan yaqindan tanish tahlilchi Oftob Qozining aytishicha, korrupsiya global muammo va uning yechimi global yondashuv talab qiladi.

Jahon bo’ylab yulg’ichlik illatini kuzatuvchi tashkilot esa korrupsiyaga qarshi har bir jamiyat o’zi alohida kurashishi lozim deb chiqmoqda.

O’zbekistonda prezident saylovlarini kuzatgan siyosatshunos Oftob Qozi respublika uch masala bilan yuzlashmoqda deydi. Ular orasida korrupsiyani tilga olmaydi.

“Birinchidan ekstremizmga qarshi kurash; ikkinchidan iqtisodiy taraqqiyotga erishish, ishsizlik muammosini hal etish va chetdan ko’proq sarmoya jalb qilish; uchinchidan esa O’zbekistonning G’arbdan uzoqlashishiga yo’l qo’ymaslik”,- deydi Oftob Qozi.

Lekin korrupsiyaga asoslangan, korrupsiya tirikchilik deya ta’riflanadigan jamiyatda uning ildiziga bolta urmasdan turib, biror yutuqqa erishib bo’ladimi? - deya so’raymiz olimdan.

“O’tish davrini boshdan kechirayotgan, yangicha siyosiy-iqtisodiy tuzumga o’rganayotgan har bir jamiyatda korrupsiya bo’lmasdan iloj yo’q. Chunki aholi orasida har qanday imkoniyatdan foydalanib boylik orttirishga, tuzumning zaif tomonlarini suiste’mol qilishga moyil insonlar juda ko’p. O’zbekistonda ham shunga guvoh bo’lasiz”.

Iqtisodiy imkoniyatlar kengaysa, yangi ish joylari ochilsa, oilaviy va kishi boshiga daromad oshsa, yulg’ichlik ham o’z-o’zidan yo’qola boshlaydi deydi Oftob Qozi.

Berlinda asoslangan Transparency International, korrupsiyaga qarshi kurashni targ’ib qiluvchi xalqaro tashkilot esa poraxo’rlik va loqaydlik bir-birini quvvatlovchi muammo deya bong urib keladi.

O’zbekistonda, bu tashkilot nazarida, hokimiyatning o’zi korrupsiya va poraxo’rlik bilan kun ko’radi.

“Bunday vaziyatda qanday taraqqiyot haqida gapirish mumkin”? – deydi tashkilotning Vashingtondagi vakili Lezli Benton. “Yulg’ichlikka avvalo yuqori organlarda barham berish lozim”,- deydi u.

“Korrupsiyani yengib bo’lmaydi deyish albatta oson. Ammo tajriba shuni ko’rsatadiki, xalq istasa, fuqarolar birgalikda kurashsa, uni bartaraf qilsa bo'ladi”,- deydi Lezli Benton.

“Gruziya va Armaniston kabi davlatlarda bugun nohukumat tashkilotlar poraxo’rlikni fosh etish, amaldorlar xalq xizmatida ekanini uqtirish, ularga pul bermasdan ham maqsadga yetish mumkinligini o’rgatish bilan mashg’ul”.

"Odamlarning huquqiy bilimini oshirish korrupsiyaga qarshi kurashdagi asosiy vazifa",- deydi u.

Ko’pchilik pasport idoralaridan shikoyat qiladi. Davlat idorasi emasmi, xalqqa xizmat qilishi kerak.

Pasportga egalik - fuqaro huquqi. Lekin uni olish va "dunyoning barcha davlatlariga chiqish uchun .... gacha ruxsat berildi" degan tamg'a bostirish O’zbekistonda yuzlab dollarga tushadi. Nima uchun?

Chunki, deya tushuntiradi mutaxassislar, tizim ham, fuqarolar ham ko'p hollarda tartibga rioya qilmaydi. Odamlar boshni og’ritmay, pulga ishni bitirishni ma’qul ko’radi. Qarabsizki, korrupsiya hayotni tebratmoqda.

"Mintaqada ichki ishlar va sog’liqni saqlash tizimlari - eng yulg’ich sohalar", - deydi Lezli Benton.

"Ulardan asosan kambag’al odamlar jabr ko’radi. Shu bois ham korrupsiyaga qarshi kurashuvchi biz kabi tashkilotlar huquqshunos va fuqarolar o’rtasida doimiy muloqot o’rnatishga, odamlarni ogohlikka chorlayapti", - deydi Transparency International tashkilotining Vashingtondagi direktori.

O’zbekiston kabi davlatlarni oshkoralikka, inson huquqlarini hurmat qilishga undayotgan G’arb, deydi “Amerika Ovozi” bilan suhbatlashgan mutaxassislar, jamiyatning eng quyi qatlamlarini ezayotgan muammolarni yengishda yordam bermog’i lozim.

Jamiyatda ogohlikni targ’ib qilish, xalqning bilimini oshirish, hukumat odamlar uchun ishlashini, har bir fuqaro o’zi yashayotgan jamiyat oldida muayyan majburiyatlarga ega ekanini, qolaversa taraqqiyot har bir inson qo’shgan hissadan boshlanishini uqtira olish - ham insoniy, ham amaliy yordam deydi korrupsiya masalasini ko’tarib chiqayotgan tomonlar. Toki odamlar shikoyat qilishdan qo’rqmasin. Huquqi hurmat qilinishini talab qila olsin.

XS
SM
MD
LG