Breaking News

Markaziy Osiyo davlatlari xalqaro sahnadagi rolini oshirish harakatida


Markaziy Osiyo davlatlari so'nggi paytlarda tobora mustaqil siyosat yurita boshlagan.

Dunyoning strategik bir mintaqasida joylashgan va energetik jihatdan boy bu mamlakatlar o'z milliy va tashqi siyosiy manfaat va maqsadlari uchun kurasha boshlagan.

2005 yilda AQShning Xonoboddagi harbiy bazasini yopgan O'zbekiston yaqinda NATO davlatlari bilan hamkorlikni qayta yo'lga qo'yishga rozilik berdi.

Mamlakat hududi Afg'onistonga gumanitar yuk yetkazish uchun tranzit vazifasini o'ta boshlaydi.

Qo'shni Turkmaniston, Qozog'iston va Tojikiston ham NATO bilan bunday hamkorlikka tayyor.

Qirg'iziston esa o'tgan oy AQShdan "Manas" aerodromini bo'shatishni so'radi.

Bu kabi qarorlar tashqi siyosatda katta burilish deb baholanmoqda. Rossiya, AQSh, Xitoy yoki Yevropa Ittifoqi bo'ladimi, mintaqa davlatlari dunyo sahnasidagi asosiy siyosiy o'yinchilar bilan o'ziga ma'qul shartlar asosida ish ko'rmoqda.

Ammo, deydi Qirg'iziston Davlat Universiteti professori Murat Suimbayev, Markaziy Osiyo Rossiyadan qanchalik mustaqil bo'lishni istamasin, hamon uning soyasida.

"Biz jun gazlama-yu paxtamizni AQShga sota olmaymiz. Rossiyaga esa bemalol. Shunday ekan, mintaqa AQSh uchun hech qachon yirik va ahamiyatli savdo hamkori bo'la olmaydi", - deydi Suimbayev.

Uning nazarida Qirg'ziston shu kunlarda hamda O'zbekiston 2005 yilda AQSh bilan strategik hamkorlikdan oson voz kechganida bu omil muhim rol o'ynagan.

Bishkek Kreml maslahatini olgan bo'lishi mumkin. Rossiya-Tojikiston o'rtasida esa so'nggi ikki yil ichida sovuqlik sezilmoqda.

Sharqshunos olim Andrey Grozin fikricha, bunga Tojikistondagi muammolar sababchi.

"Tojikiston ijtimoiy-iqtisodiy muammolar girdobida; ularni hal qilishga qodir yordamchi-sherik qidirmoqda".

Bu AQSh, Yevropa Ittifoqi, Rossiya yoxud Xitoy bo'ladimi, Grozin fikricha, amaldagi rahbariyat uchun farqi yo'q. Shunisi aniqki, deydi olim, hozirgi iqtisodiy sharoitda Kremlning Markaziy Osiyo davlatlariga yordam berishga qurbi yetmaydi.

Shu o'rinda, Qirg'izistonga 2 milliard dollardan oshiq moliyaviy ko'mak berish va'dasi qog'ozda qolib ketsa, ajabmas.

Sharhlovchilarga ko'ra, Barak Obama ma'muriyati diqqatini Markaziy Osiyoga jalb etuvchi asosiy omil bu -- Afg'oniston.

Shuningdek, mintaqa tabiiy zaxiralarini G'arb bozorlariga yetkazuvchi loyihalarga qiziqish katta.

Rossiya, tabiiyki, bu sohada monopoliyani saqlab qolmoqchi, ammo siyosiy tahlilchi Aleksey Malashenko nazarida bu uzoqqa cho'zilmaydi.

"Gap", - deydi Malashenko, "Rossiya uni chetlab o'tgan yo'nalishlarda ta'sir kuchini saqlab qola olishida. Kreml buni qanday amalga oshirish ustida o'ylab ko'rishi kerak".

Amudarayo va Sirdaryo boshida joylashgan Qirg'iziston va Tojikiston suvga boy bo'lsa, O'zbekiston uning asosiy iste'molchisi. Uni qanday taqsimlash hozirda birinchi darajali masala.

"Mintaqa davlatlari orasida biror mojaro chiqadigan bo'lsa, bunga obi-hayot sabab bo'ladi", - deydi Malashenko.

Suv nafaqat irrigatsiya va energetika ehtiyojlari uchun zarur. Mintaqa qurg'oqchilik ta'siri ostida ekan uning qadri yanada oshgan. Hozirgacha hech kim barchaga ma'qul yechim taklif qila olgani yo'q.

Markaziy Osiyo mamlakatlari Kollektiv xavfsizlik shartnomasi va Shanxay hamkorligi kabi qator tashkilotlarda birgalikda ishtirok etsa-da, ular o'rtasida do'stlik va hamkorlikdan ko'ra ziddiyatlar ko'p.

Mintaqada iqtisodiy yetakchilikni qo'lga olgan Qozog'iston, deydi Andrey Grozin, ishchi migrantlar oqimini kamaytirish harakatida.

"Markaziy Osiyo bugun boshdan kechirayotgan iqtisodiy muammolar bir jihatdan mintaqaga nisbatan katta davlatlar qiziqishi keskin pasaygani bilan bog'liq. Bu hududga prioritet deb qaralmaydi", - deydi Grozin.

"Amerika Ovozi" bilan suhbatlashgan siyosatdonlar fikricha, Markaziy Osiyo siyosat va iqtisodda o'zaro kelishib, birdamlikda harakat qilsa, taraqqiyot yo'llari ham ochiladi.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG