Breaking News

Iqtisodiy tanazzul dunyo ahli uchun siyosiy-ijtimoiy sinov


AQSh razvedka xizmati rahbari Dennis Bleyerning Kongressga hisobot berishicha, global iqtisodiy inqiroz jahon bo'ylab beqarorlikka turtki berishi mumkin.

Ayniqsa qonun ustuvor bo'lmagan jamiyatlarda tartibsizlik va korrupsiya yanada avj olishi, jamoatchilik orasida hokimiyatga qarshi norozilik hissi kuchayishi mumkin.

Sobiq Sovet Ittifoqi hududidagi mamlakatlar bu xavfdan mustasno emas.

AQSh maxfiy xizmati rahbari Dennis Bleyer bugungi krisiz notinchlikka yetaklashi mumkin deydi.

"Hozirgi tanazzul davri bir-ikki yil ichida barham topmasa, global xavfsizlikka putur yetadi",- deydi Bleyer.

"Zaif hukumatlar qiyinchilikka bardosh bera olmasligi, siyosiy kuchini boy berishi mumkin. Qonun-tartibot tizimlarini mustahkamlash kerak",- deydi u.

AQShning janubiy qo'shnisi, jinoyatchilik chuqur ildiz otgan Meksikada, deydi razvedka rahbari, yaqin oylarda ahvol yanada og'irlashishi kutilmoqda.

Yevropa va Osiyoda hukumatlarga qarshi kayfiyat baland, ayniqsa yosh davlatlarda.

Bugun xalqaro tobelik tushunchasi yangilangan, ya'ni jamiyatlar bir-birisiz yashay olmasligini anglab yetmoqda. Hamkorlik, hamjihatlikka talab oshgan.

AQSh razvedka boshlig'i fikricha Eronda Mahmud Ahmadinajodning prezidentlikka qayta saylanishi oson bo'lmaydi.

Xalq, deydi rasmiy, bugun ochiqchasiga amaldagi tuzum va siyosatdan nolimoqda. Eronning tashqi dunyoga ochilishini talab qilayotganlar hozir har qachongidan ko'p.

G'arbda eng ko'p tashvish uyg'otayotgan muammolardan yana biri bu yadroviy moddalar va texnologiyalarning tarqalishidir.

"Xavfli texnologiyalarga faqatgina bir necha davlatlarning qo'li yeta oladigan vaqtlar, afsuski, o'tib ketgan",- deydi AQSh razvedka xizmati boshlig'i.

"Globalizatsiya ularning tezlikda yoyilishi va maxfiy ilmiy ma'lumotlarning bir zumda tarqalishini osonlashtiradi".

Dennis Bleyer fikricha Eron olib borayotgan yadroviy dasturlar tinch maqsadlarni ko'zlamaydi.

"Eron juda bo'lmaganda tashiladigan atom qurollari yaratishga bel bog'lagan",- deydi u.

Razvedka xizmati rahbari Al-Qoida Saudiya Arabistoni, Pokiston va Iroqda katta zarba yegan deya xulosa qilmoqda. Biroq, deydi u, terror tashkilotlari hamon kuchli.

"Al-Qoida hali ham katta tahdid solmoqda. Yamanda yangidan jihod e'lon qilingan. Afrika sharqidagi notinch davlatlarda terror guruhlari keng tarqalmoqda".

Afg'onistonda esa, deydi Dennis Bleyer, Pokistondagi terror o'choqlari yo'q qilinmay turib tinchlikka erishish mumkin emas.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG