Breaking News

O'zbekistonda maosh kartochkada to'lanmoqda; xalq nima deydi?


O’zbekiston hukumati moliyaviy inqirozga qarshi kurash dasturini muhokama qilmoqda.

Rasmiylar fikricha, inqiroz O’zbekistonga jiddiy ta’sir etmaydi.

Mutaxassislar nazarida esa respublikaning shundoq ham og’ir iqtisodiyoti bugun krizis domida.

O’zbekistonda maoshni plastik kartochkaga o’tkazish tartibi avval ham mavjud edi.

Biroq so’nggi paytda nafaqa pullari, yosh bolali onalarga to`lanadigan ijtimoiy yordam ham shunday to’lanmoqda.

“Inqiroz tufayli yosh bolalarga, pensionerlarga berilayotgan nafaqa ham plastik kartochkalarga o`tib ketdi. Sho`ring qurg’urlar plastik kartochkani nima qiladi? Bir narsa olib yeyolmasa, dori ololmasa”, - deydi Shaxs huquqlarini himoyalash xalqaro jamiyati a’zosi G’anixon Mamatxonov.

Uning aytishicha, maoshlarning kartochkada berilishi naqd pul yo’qligi bilan izohlanmoqda.

“Farg’ona viloyatida naqd pul yo’q. Hammani oyligi plastik kartochkaga o`tib ketdi. Hozir ko`p do`xtirlar aytayapti “biz yo`lni nima qilamiz?”, “avtobusga nima beramiz?”, “majburmiz, 15 foizga bo`lsa, ham almashtirishga” deyishayapti”, - deydi huquq himoyachisi.

Kartochkadagi maoshni naqd pulga aylantirish muammo ekani, buning ustiga 15 foizi ushlab qolinayotgani aholi noroziligiga sabab bo’lmoqda.

Yaqinda O`zbekiston Oliy Majlisi moliyaviy inqirozga qarshi kurash chora-tadbirlarini muhokama qildi.

Oliy Majlisning 2009-2012 yillarga mo’ljallangan aksilinqiroz dasturiga ko`ra, mamlakatda qator tadbirlar amalga oshirilishi ta`kidlangan. Dastur tafsilotlari noma`lum.

O’zbekiston prezidenti Islom Karimov moliyaviy inqirozning O`zbekistonga ta`siri nisabatan yengil, 2009 yilda ham yalpi mahsulot ishlab chiqarish hajmi deyarli 2008 yil darajasida bo’ladi, deydi.

Sharhlovchilar fikricha, hukumat moliyaviy inqiroz oqibatlarini O’zbekistonga qanchalik ta’sir etayotganini ochiq aytmaydi. Ayni paytda esa inqiroz aholi turmushiga tobora chuqurroq kirib bormoqda.

Aksilinqiroz dasturi doirasida ko’rilayotgan chora-tadbirlar aholi noroziligini oshirmoqda.

“Tezkor guruh” analitik markazi vakili Suhrob Ismoilovning aytishicha, hokimiyatlar moliyaviy inqirozga qarshi kurash bahonasida aholidan ko’rsatilmagan xizmatlar uchun ham pul yig`moqda.

“Vrachlar, o`qituvchilar aholidan kommunal to`lovlarni yig`ishga jalb etilgan. Biroq mahalla qo`mitalari tomonidan qarzi bo`lmagan xonadonlardan ham pul yig`ish kuzatilmoqda”, - deydi u.

Uning aytishicha, bu bevosita moliyaviy inqiroz bilan bog’liq.

“O`zbekistonga unchalik ta`sir ko`rsatmaydi deyishayapti. Albatta ta`sir ko`rsatadi. Hozirgi voqealar ham shuning asoratlari, so`m taqchillashgan. Sabab esa oddiy - hukumat moliyaviy inqiroz ta`sirini rad etib, milliy valyutaning devalvatsiya (qadrsizlanish) qilishiga ruxsat bermayapti”, - deydi Ismoilov.

Mustaqil ekspertlarning so’zlariga ko`ra moliyaviy inqirozning mintaqaga, jumladan, O`zbekistonga ta`siri kutilganidan og`irroq kechishi mumkin.

XS
SM
MD
LG