Breaking News

AQSh afg’on armiyasiga yordamni biroz oshirishni ko’zlamoqda


Afg'oniston armiyasi zobitlari

Oq uy 2022-moliyaviy yilda mudofaa xarajatlari uchun 715 milliard dollar ajratishni taklif etmoqda. Shundan 3,3 milliard dollari Afg’oniston qurolli kuchlari uchun. Bu Afg’onistonga hozirda berilayotgan yordam miqdoridan 300 million dollar ko’proq.

Agar Kongress tasdiqlasa, mablag’ afg’on armiyasini jihozlar bilan ta’minlash, treninglarni davom ettirish, 352 ming askarning maoshlarini to’lashga yordam beradi.

“Afg’onistondan chiqib ketayotganimizni hisobga olib, xavfsizlik bobida qo’shimcha yordam ajratishimiz lozim”, - deydi AQSh Mudofaa vaziri muovini Anna Makendryu.

Harbiy rejalashtiruvchilar, shuningdek, Afg’onistondagi “bevosita urush xarajatlari” uchun 8,9 milliard dollar so’ramoqda. Bu o’tgan yilga qaraganda taxminan 4 milliard dollar kamroq. Makendryuning aytishicha, bu mablag’ning bir qismi Afg’onistondan chiqish va mamlakatdan tashqarida qo’nalg’a topish bilan bog’liq xarajatlarni qoplaydi.

AQSh Davlat departamenti byudjetida esa 2022-yilda Afg’oniston uchun 360 million dollar ajratish ko’zlangan. Bu hozirgidan 34 million dollarga ko’proq. Mablag’ terrorizm va narkotiklar savdosiga qarshi kurashga, xotin-qizlar huquqlarini qo’llab-quvvatlovchi loyihalarga sarflanadi.

AQSh diplomatlari va mudofaa rasmiylari Afg’oniston hukumati mamlakat mudofaasini ta’minlay olishiga, Tolibon guruhi AQSh bilan imzolagan kelishuvga amal qilishiga umid bildirmoqda. 2020-yil boshida imzolangan bu hujjatda AQSh qo’shinlari Afg’onistonni tark etganidan so’ng toliblar mamlakat tuprog’i terror hujumlari uchun qo’llanilmasligini ta’minlashga va’da bergan edi.

“Tolibon menga qarashlari o’zgarganini aytishdi. Ularning so’zlariga ko’ra, afg’on ayollarining siyosatda ishtirok etish, ta’lim olish va mehnat qilish huquqlari bor. Ko’ramiz”, - deydi AQShning Afg’oniston bo’yicha maxsus vakili Zalmay Halilzod, Kongressda hisobot berar ekan.

Afg’oniston uchun ko’mak oshirilayotgan bo’lsa, Iroq va Suriyadagi ittifoqchi guruhlar uchun kamaytirish rejalanmoqda. Iroq armiyasi va Suriya Demokratik Kuchlari (SDK) uchun jami 522 million dollar ajratilishi mumkin. Hozirda bu raqam 700 million dollarni tashkil etadi.

2022-yil uchun byudjet loyihasida Iroq qurolli kuchlariga 322 million dollar, Suriyadagi ittifoqchi kuchlarga esa 177 million dollar berish ko’zlangan. Ayni paytda AQShning Iroqda 2500, Suriyada 900 askari bor.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG