"Islomiy davlat" dan qochgan afg'on oilalar sarson

  • Amerika Ovozi

AQSh va Afg'oniston qo'shinlari Nangarhor viloyatida "Islomiy davlat" jangarilari bilan olishar ekan, uyini tashlab ketgan minglab oilalar mahalliy hukumat ularga yordam bermagani va sharoit og'ir ekanini aytmoqda.

Jihodchilar Mamand va Bandar vodiylarida o'rnashib olish harakatida. Achin tumanida yashovchi ikki mingdan ziyod oila yaqin atrofdagi tumanlarga qochgan. AQSh va afg'on askarlari ham yerdan, ham havodan amaliyotlar olib bormoqda.

Aprel oyida AQSh havo kuchlari "Islomiy davlat" guruhiga qarshi 11 tonnalik "barcha bombalarning onasi"ni qo'llagan edi.

Uy-joyini tark etganlar jaziramada sarson.

"Bizga madad, boshpana kerak. Hech vaqomiz yo'q. Mahalliy hukumat ham yordam qo'lini cho'zmadi", - deydi Achinni oilasi bilan tark etgan Juma Xon.

Ko'pchilik qo'lbola palatkalarda kun kechirmoqda. Ayrimlarga qarindosh va do'stlari vaqtincha joy bergan. Ammo Nangarhor rahbarlari yordam dasturi yo'lga qo'yilganini da'vo qiladi.

"Ba'zi oilalar bizdan hatto ikki-uch martalab yordam oldi", - deydi hokimiyat so'zlovchisi Otavullo Xogyani.

Ayni damda "Islomiy davlat" Afg'onistonning uch viloyatida faol - Nargarhor, Kunor va Nuriston. Xabarlarga qaraganda, hukumat idoralari va qishloqlarga hujum qilinib, yuzlab odam o'lgan. Xonadonlar, bozorlar va maktablarga o't qo'yilgan, deydi rasmiylar.

O'tgan ikki yil ichida Nargargorni minglab odam tark etdi. AQSh va afg'on harbiylari 2017-yil oxirigacha mamlakat "Islomiy davlat"dan tozalanadi, deya va'da bermoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG