Breaking News

Afg’onistonda 164 general nafaqaga chiqarildi


Maqsad armiyada kadrlar islohotini o'tkazish, deydi Prezident Ashraf G'ani

Afg’oniston Prezidenti Muhammad Ashraf G’ani imzolagan farmoni bilan Mudofaa vazirligining 164 nafar generali nafaqaga chiqarildi.

Hukumat bu ishni islohotlar uchun amaliy qadam deya ta’kidlamoqda. Prezident imzolagan yangi loyihada harbiylar safida ishlayotgan generallarning nafaqa chiqish yoshi kamaytirilgan. Mazkur 164 general shu loyiha asosida nafaqaga chiqarilgani aytilmoqda.

Hukumat bundan bir necha oy oldin tuzilgan loyihada harbiylarning nafaqaga chiqish yoshini kamaytirgan edi. Bu loyiha parlament tomonidan rad etilgan bo’lsa-da, generallarning nafaqaga chiqarilishi to’xtatilmadi. Prezident saroyi bu harakatni harbiy tizimni isloh qilish, ushbu sohada o’qigan yoshlarga ish o’rinlari yaratib berish maqsadida ko’tarilgan qadam deya bildirmoqda.

Mudofaa vazirligiga ko’ra, mazkur generallar jangda ishtirok etmayotgan harbiylar bo’lgan. Yosh harbiy kadrlarga ish zaminlarini barobarlash uchun shunday qilingan, deydi vazirlik.

Ayrim ekspertlar prezidentning bu qaroriga qarshi. Hukumat tajribali harbiylarning mahorat va bilim ko’nikmalaridan foydalanishi kerak, deydi muxoliflar.

Lekin boshqa sharhlovchilar hukumatning bu ishini quvvatlamoqda. Harbiy sohani o’qigan, yosh kadrlardan foydalanish vaziyatga ijobiy ta’sir qiladi, deydi ular.

Harbiy-siyosiy ekspert Asadullah Nadim prezident boshlagan bu harakat har qalay qavmiy va partiyaviy ziddiyatlarsiz bajirilgan bo’lishi zarurligiga ta’kidlaydi.

“Bu harakat agar adolatli, g’arazsiz ayni holda usullarga tayanilgan holda olingan qaror bo’lsa, istiqboli juda yaxshi bo’ladi. Chunki Afg’oniston harbiy tizimi juda eskirgan. Kelasi yillarda yangi qurollar, harbiy jihozlardan foydalaniladi, mavjud tahdidga barham berish kerak bo’ladi, buni yoshlar uddalashi kerak. Chunki armiyaning mavjud tahdidlarni yo’q qilish uchun katta roli bor. Keksa harbiylar nafaqaga chiqarilib, bilimli, kuchli yosh kadrlar ishga olinishi kerak”,- deydi ekspert Asadullah Nadim.

Suhbatdoshga ko’ra, harbiy tizimni siyosiy muomaladan uzoqlashtirish, uni mutaxassis shaxslarga topshirish bugungi asosiy talab.

“To’rt yil harbiy ta’lim olgan kishilar yana necha yil tajriba orttiradi, keyin ularga urush rahbariyati topshiriladi. Bu jarayon usul, qoida-qonunlarga ko’ra, ma’qul ish. Shunchaki, bunda siyosiy va qavmiy manfaatlarni nazarda tutib yondashilgan bo’lmasin”,- deydi Nadim.

Afg’oniston armiyasi 350 ming nafardan iborat ekani aytiladi. Boshqaruvda mutaxassis bo’lmagan odamlar ham bor. Masalan, sobiq urushlarda qatnashib, o’sha davr hokimiyati tomonidan generallik unvoniga loyiq ko’rilganlar ham mavjud. Yoki sobiq jihodiy qo’mondonlar ham rahbariyatda bo’lishi tabiiy.

“Xorijiy davlatlarda tajribali harbiylardan nodavlat bo’limlar yoki harbiylarni tarbiyalash, qayta tarbiyalash bo’yicha foydalaniladi. Lekin Afg’onistonda hanuz nafaqaga chiqqan harbiylarning bilim va tajribasidan foydalanish bo’yicha shunday bir imkon yaratilmagan”,- deydi ekspert Asadullah Nadim.

Jang davom etayotgan bir mamlakatda o’nlab generallarning nafaqaga chiqarilishi muxolif kuchlarga ruhiy kuch beradi degan qarash ham mavjud. Lekin ekspert nazarida, bu o’zgarishdan toliblar va boshqa jangari guruhlar qo’rqishlari kerak. Chunki bilimli va mutaxassis harbiylar maydonga chiqadi, jangni boshqaradi.

Barchani tashvishga solgan asosiy mavzu, harbiylarning ziddiyatlar asosida ishdan olingan bo’lishi mumkinligidir. Suhbatdosh Asadullah Nadim ham hukumat bu ishda adolatli yondashganiga ishonmaydi.

“Bu ish adolatli, insofli bo’lganiga ishona olmayman. Chunki birinchi bo’lib hukumat armiya, politsiya va xavfsizlik xizmatini yangilashi kerak edi. Bilimli va mutaxassis shaxslar ushbu bo’limlar rahbariyatini egallashi zarur edi. Hukumat rahbariyatida, ham Ashraf G’ani, ham Abdulla Abdulla harakatlarida juda adolatsizlik bilan ilgari ketmoqda”,- deydi Asadullah Nadim.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG