Breaking News

Qunduzda ahvol ayanchli, bir guruh harbiylar Tojikistonga qochgan


Qunduz, 22-iyun, 2021
Qunduz, 22-iyun, 2021

Afg’onistonning Qunduz viloyatida xavfsizlik vaziyati ancha og’irlashgan. Viloyatning deyarli barcha hududlari Tolibon guruhi nazoratida. Jangarilar shahar markazigacha yetib kelishgan. Aholi Qunduz shahrini tark etmoqda.

Qunduzlik jurnalist Muhammad Sobir Odil “Amerika Ovozi” bilan suhbatda vaziyat ayanchli ekanini bildiradi.

“Shahar o’rtasida jasadlar yotibdi. Toliblar va hukumat harbiylari yuzma-yuz janglarda bir-biriga qattiq zarba berishgan”, - deydi jurnalist.

Tolibon guruhi odamlarga uylarini tark etishni buyurgan. Tahdid ko’lami osharkan, odamlar qochib chiqmoqda.

“Aholining bir qismi aeroport tomon chiqqan, lekin sarson-sargardon. Yegulik, ichimlik suv yetishmayapti, elektr taminoti uzilgan”, - deydi Muhammad Sobir Odil.

Jurnalist jon qayg’usida. Toliblardan qochib-qutulib yurganini ta’kidlaydi.

“Imkoniyati bor odamlar shahardan chiqib ketishgan. Tolibon qunduzliklar bo’lgani uchun hammani biladi”, - deydi u.

Tojikiston bilan chegaradagi Sherxon bandargohi Tolibon nazoratiga o’tishi bilan bir qancha askarlar asir olingan. Jurnalist Muhammad Sobir Odilning aytishicha, 25-30 nafar harbiy Tojikiston tomonga qochib o’tgan. Chegara postlari va bojxonani nazoratga olish Tolibon uchun katta muvaffaqiyat deb ko’rilmoqda.

“Kobul idorasi askarlari barcha qurol-aslahasi va harbiy jihozlari bilan toliblarga qo’shildi”, deb yozdi guruh so’zlovchisi Zabihulla Mujohid o’zining “Twitter” sahifasida.

Afg’oniston Mudofaa vazirligi Tolibon nazoratiga o’tgan hududlarni qaytarib olishiga ishonch bildirmoqda.

Afg’onistonning shimol va shimoli-sharqiy hududlari - to’qnashuvlar ancha avj olgan nuqtalar. Ushbu hududlar 2014-yildan keyin asta-sekin beqarorlasha boshlagan. Kuzatuvchilar urush janubdan shimolga ko’chayotganiga urg’u berib keladi.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG