Breaking News

Mahbus ayirboshlash amalga oshmaganida Kobul Tolibonni, Tolibon AQShni ayblamoqda


Chapdan Anas Haqqoniy, amerikalik professor Kevin King va avstraliyalik professor Timoti Viks
Chapdan Anas Haqqoniy, amerikalik professor Kevin King va avstraliyalik professor Timoti Viks

Hafta boshida Afg'oniston Prezidenti Ashraf G'ani Tolibonning qamoqdagi uch muhim a'zosini bu harakat o'g'irlab ketgan ikki g'arblikka ayirboshlash to'g'risida bayon qilgan edi. Ammo kelishuv haligacha amalga oshgani yo'q.

"Xalqaro hamkorlarimiz ko'magi va koordinatsiyasi bilan Afg'onistondan tashqarida qo'lga olingan uch Tolibon asirini shartli ravishda ozod etishga qaror qildik. Ular hozirda Bagrom qamoqxonasida saqlanmoqda", - degan G'ani.

Amerikalik Kevin King va avstraliyalik Timoti Viks 2016-yildan beri Tolibon qo'lida. Har ikkisi Afg'onistondagi Amerika universitetida ishlagan.

Bir-biriga zid ma'lumotlar

Ashraf Ga'nining 12-noyabrdagi e'lonidan buyon uch Tolibon mahbusining qayerdaligi to'g'risida turli xil xabarlar paydo bo'ldi.

B'azi ma'lumotlarga ko'ra, mahbuslar allaqachon Tolibonning siyosiy idorasi bo'lgan Qatarga ko'chirilgan, boshqalariga ko'ra esa ular hanuz Afg'onistonda.

Tolibon so'zlovchisi "Amerika Ovozi" bilan suhbatda mahbuslarni ayirboshlash rejasi amalga oshmaganida AQShni aybladi.

"Amerikaliklar bilan kelishuvga ko'ra, asirlarimiz [toliblar] xavfsiz bir joyga olib borilib, ozod etilishi kerak edi. Biz keyin amerikalikni qo'yib yuborgan bo'lardik", - deydi Zabihulla Mujohid. U muzokaralar afg'on hukumati bilan emas, AQSh bilan bo'lganiga ishora qilmoqda.

AQSh rasmiylari bu borada munosabat bildirgani yo'q.

Afg'oniston Mudofaa vazirligi mavzu bo'yicha, xususan asirlarning qayerdaligi borasida izoh berishdan bosh tortdi. Afg'on diplomatlaridan biri ismini oshkor qilmaslik sharti bilan "Reyter" agentligiga Tolibon bilan kelishuv amalga oshmaganini tasdiqlagan.

Afg'onlar orasida prezident bayonotiga munosabat turlicha. Ayrimlar mahbus ayirboshlash hukumat va Tolibon o'rtasida bevosita muzokara boshlanishiga olib keladi, deb umid qiladi.

Anas Haqqoniy, Haqqoniy tarmog'i asoschisining o'g'li
Anas Haqqoniy, Haqqoniy tarmog'i asoschisining o'g'li

Mahbuslar kim?

Ozod etilishi kutilgan uch mahbusdan biri - Anas Haqqoniy, Haqqoniy tarmog'i asoschisining o'g'li. Yana biri Mali Xon ham AQSh terrorchi guruh deb belgilagan shu tarmoq a'zosi. Uchinchisi Abdul Rashid, tarmoqning Afg'oniston janubi-sharqidagi faoliyatini boshqargan.

Mali Xon 2011-yilda Afg'onistonning Paktika viloyatida, uning sheriklari esa 2014-yilda Fors ko'rfazida qo'lga olingan edi.

"Ular Tolibonning uchta xavfli qo'mondoni. Harakat ularni qo'lga olinganidan buyon ozod etishga harakat qilib keladi", - deydi tahlilchi Bill Roggio.

Ekspertlar Mali Xonni yoshi va Haqqoniy tarmog'i asoschisiga yaqin bo'lgani uchun guruhning eng nufuzli a'zosi deb hisoblashadi. Ular ozod etilsa, jang maydoniga qaytadi, deydi Roggio.

"Uchalasi Tolibon uchun tashviqot quroliga aylanadi, ular bundan mablag' to'plashda foydalanadi", - deydi u.

Afg'oniston bo'yicha yana bir eskpert Maykl Sempl fikricha mahbuslarni ozod etish aynan propaganda masalasida toliblarga qo'l keladi.

Ishonch

Prezident Ashraf G'ani mahbus ayirboshlashni hukumat va Tolibon o'rtasida ishonchni oshirishning bir yo'li deb bilsa, Tolibon bundan o'z nufuzuni oshirish uchun foydalanmoqchi, deydi Sempl.

Nebraska-Omaxa universiteti qoshidagi Afg'oniston markazi direktori Sher Jon Ahmadzay tahlilicha, jangari guruh bilan bu kabi kelishuvlar uzoqni o'ylab qilinishi lozim.

"Mahbus almashish, muzokaralar, uchrashuvlar va sulh tinchlikka olib kelishi darkor, tinchlik kafolatisiz mahsublarni ozod etishga emas", - deydi u.

"Mendagi savol quyidagicha: bu kattaroq bir rejaning bir qismi bo'ladimi yoki ishonchni oshirish uchun bir martalik urinishmi?" - deydi tadqiqotchi Jeysin Kembel.

Afg'on hukumati bilan muzokara qilishdan bosh tortib kelayotgan toliblar AQSh bilan tinchlik borasida bir necha oy gaplashdi. Tomonlar kelishuvga yaqin turganda Prezident Donald Tramp Afg'onistonda zo'ravonlik oshganiga ishora qilib sentabrda muzokarani to'xtatgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG